Hisobot emas, samara kerak ana shunda har bir oila tadbirkor bo'ladi

96

Bundan salkam bir yil oldin, aniqrog'i, 2018 yil 7 iyunda Prezident qarori bilan «Har bir oila – tadbirkor» dasturi qabul qilingan edi. Joriy yil 7 martda davlatimiz rahbari bu boradagi yana bir muhim hujjat – «Hududlarda aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorga imzo chekdi.
Maqsad aholi bandligini ta`minlash, oilaviy tadbirkorlik, kichik biznesni rivojlantirish orqali aholi farovonligini oshirish.
Dastur ishga yaroqli har bir insonning band­ligini ta`minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shunisi ham borki, «Men ishsizman», «ishlamoqchiman, ish yo'q» deguvchilarning bari ham bekorchi emas. Ular orasida yollanma mehnat bilan shug'ullanayotganlar, savdo-sotiq qilayotganlar, turli xizmatlar ko'rsatayotganlar qancha. Dasturning yana bir ahamiyatli jihati, har qanday faoliyatga qonuniy tus berishdir.

Kasaba uyushmasi nega aralashdi?

Aholining ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini kuchaytirishga, mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi «Har bir oila – tadbirkor» dasturi amalga to'liq tatbiq etilsa, bugun bizni qiynab kelayotgan qator muammolar o'z-o'zidan barham topadi.

Aholining ijtimoiy-iqtisodiy himoyasini kuchaytirishga, mamlakat iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiluvchi «Har bir oila – tadbirkor» dasturi amalga to'liq tatbiq etilsa, bugun bizni qiynab kelayotgan qator muammolar o'z-o'zidan barham topadi.

Dastur ijrosi joylarda to'liq ta`minlanmayotganligi kasaba uyushmalarini masalani joyiga chiqib o'rganishga, tahlil qilishga hamda o'z taklif va tavsiyalarini berishga undadi. Masalaning yana bir jihati borki, davlat dasturi asosida yangi ish o'rinlari yaratiladi. Tashkil qilinayotgan tadbirkorlik sub`ektlarini kasaba uyushmasiga jalb qilish orqali xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy, ma`naviy, huquqiy himoyasini ta`minlash bevosita tizim vazifasi sanaladi.
– Hech bir dastur ijrosini faqat davlat idoralari ishtirokida ta`minlab bo'lmaydi, – dey­di Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi raisi Davron Allaquliev. – Ko'zlangan maqsadga erishish uchun keng jamoatchilik ishtiroki zarur. Ana shu omillarni hisobga olgan holda Gurlan tumanidagi «Yangi bog'» mahallasi hududida «Har bir oila tadbirkor» das­turi ijrosini ta`minlashga ko'maklashishga bel bog'ladik.

Haqiqiy ahvol qanday?

Kasaba uyushmalari ishni «Yangi bog'»dagi 540 ta xonadonga kirib, ulardagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlar, aholining yashash tarzi, qiziqish­lari, tadbirkorlikka xohish-ishtiyoqini o'rganishdan boshladi.
Ma`lum bo'lishicha, mahallada 3300 nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Hujjatlarda mehnatga layoqatli, ish bilan band bo'lmagan aholi soni 46, ish bilan ta`minlanmagan kollej bitiruvchilari soni 50 ta deb ko'rsatilgan. Yollanma ishlarga jalb qilingan fuqarolar ishsizlar ro'yxatiga kiritilmagan, ularning aniq soni ham yuritilmagan, faoliyatiga qonuniy tus berish choralari ko'rilmagan. Yuzdan ziyod fuqarolar xorijda mehnat migrasiyasini amalga oshirmoqda.
82 nafar kishi tadbirkorlik bilan band. Hududda xizmat ko'rsatish shoxobchalari faoliyati yo'lga qo'yilmagan. Mahalla fuqarolar yig'ini raisi hududdagi bo'sh maydonda bolalar uchun maysazor tashkil qilish yuzasidan yuqori tashkilotlarga bir necha marta murojaat qilganligiga qaramasdan, masala e`tibordan chetda qolmoqda.
Sirasini aytganda, dastur ijrosi qoniqarsiz ahvolda edi…

Fikr o'zgarmas ekan…

Aholi bilan muloqot tahlillari shuni ko'rsatdiki, «Har bir oila tadbirkor» dasturining mazmun-mohiyatidan odamlar to'la xabardor emas. To'g'ri, bank vakillari xonadonlarda bo'lib, «Kredit olishni istaysizmi?» qabilida so'rovnoma o'tkazgan. Ammo bu takliflar rad etilgan. Sababi, ko'pchilik kreditni nima maqsadda olishni, mablag'ni nimaga ishlatishni bilmaydi, uni qaytarolmaslikdan qo'rqadi… Ehtiyojmand sifatida ro'yxatda turadiganlarda esa «Kredit olsam, moddiy yordamdan quruq qolaman» degan o'y bor…
Birlashma xodimlari mutaxassislarni, omadli tadbirkorlarni jalb qilib, aholi o'rtasida biznesning oltin qoidalari haqida muloqotlar tashkil qildi. Davlat dasturining ahamiyati, tadbirkorlik afzalliklari targ'ibotini boshladi. Ayrim xonadonlarga, kerak bo'lsa, bir necha marta tashrif buyurishga to'g'ri keldi. Kam foizli kreditlar, «kafil» mojarosi hal qilingani, oilaning iqtisodiy farovonligini oshirishdagi ahamiyati va boshqa afzalliklar haqida ma`lumotlar berildi. Tikuvchilik bilan shug'ullanish istagidagi qizlar birlashma qoshidagi «Kasaba teks» korxonasida bepul o'qitilishi ma`lum qilindi.
Kredit olish istagini bildirganlar ro'yxati shakllantirilib, tijorat bankiga jarayonning navbatdagi bosqichini davom ettirish uchun taqdim etildi. Yollanma ishga jalb qilinganlar, tomorqasida band bo'lganlarga faoliyatga qonuniy tus berishning afzalliklari tushuntirildi.

Echim yonimizda, ammo…

Kasaba uyushmalari tomonidan olib borilgan targ'ibot ishlari tezda o'z samarasini bera boshladi. Dastlab hududda non ishlab chiqarish korxonasi ish boshladi.
Aslida, «Izzatjon Nazarov» oilaviy korxonasi o'tgan yili tashkil qilingan, «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida oilaning ikki a`zosi imtiyozli kredit ham olgandi. Biroq korxona uchun joy topishda, zarur texnologiyalarni olishda muammolarga duch kelindi. Vaholanki, mahalla qo'mitasi joylashgan binoning shundoq yonboshida bir necha xona necha yillardan beri foydalanilmasdan yotar, ko'rimsiz ahvolga kelib qolgandi. Tadbirkorlar oilasiga ushbu qarovsiz bino taklif qilindi. Qisqa fursatda ta`mirlash ishlari bajarilib, zarur jihozlar o'rnatildi. Oila sohiblari ijara puli qimmatligidan biroz norozi bo'lsalar-da, faoliyat boshlashganidan xursand. Ish yurishib ketsa, ijara pulini ham qaytarishda qiynalishmas, balki o'z binolariga ega bo'lishar, kreditni qaytarishga mablag' topolmay o'tirishganidan yaxshi-ku.
Non ishlab chiqarish sexining ishga tushirilishi natijasida oila a`zolaridan tashqari, mahalladagi sakkiz nafar ishsiz ayolning band­ligi ta`minlandi, yana ikki qiz shogirdlikka jalb qilindi.
– Beg'araz yordam uchun kasaba uyushmalaridan minnatdormiz, – deydi tadbirkor. – Xodimlarimiz ijtimoiy himoyasini kuchaytirishda ham ushbu tashkilot ko'magiga tayanamiz.

Moli borning holi bor

Enajon ona To'lieva pensiyada. Oyog'ini uzatib o'tirsa ham bo'ladi. Ammo farzandlarining tayinli ishi yo'q. Yollanma ishchining topgani yog'von sho'rvadan ortmaydi. Ish degani har kuni topilib tursa xo'p-xo'p, ba`zida kunlab bekor qolib ketishadi. Bu yoqda nabiralar katta bo'lishyapti.
Kasaba uyushma vakillari onaxonga «Har bir oila tadbirkor» dasturining ahamiyatini tushuntirishgandi, «Men ham qoramol olaman» degan fikrga keldi. Kreditni ham o'z nomiga to'g'rilashga qaror qildi. Mahalla qo'mitasi kafil bo'ldi. Ammo… qoramolni qaerdan olish haqida tayinli ma`lumotga ega bo'lmagan onaxon yana kasaba uyushma vakillariga yuzlandi. Aslida, tumanda bir nechta ta`minotchi korxonalar ro'yxati shakllantirilgan, qoramol, qo'y-qo'zi, parranda olish istagidagilar bemalol ularga murojaat qilishi, narxini kelishishi, o'ziga yoqqan jonivorni tanlab olishi mumkin. Shunchaki, ayrim xodimlar o'z vazifalariga sovuqqonlik bilan yondashishi oqibatida aholiga to'liq ma`lumot berilmayapti.
Onaxonga «Gurlan agro kompleks» ta`minotchi korxonasi tavsiya qilindi.
– Ota-bobolarimiz aytardi: moli borning holi bor, deb, – deydi onaxon. – Mana kelinimga ish, nabiralarimga sut-qatiq bo'ldi. O'zim shuncha pul yig'ib, bozordan bunday qoramol ololmagan bo'lardim.

Muammoni tan olsangiz…

Qisqa vaqt ichida 20 dan ziyod oilaga 413 million so'm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi. Mahallada chorvachilik, parrandachilik, quyonchilik yo'lga qo'yildi. 40 ga yaqin fuqaroning bandligi ta`minlandi. 10 dan ziyod norasmiy sektorda band fuqarolar faoliyatiga qonuniy tus berildi. Davlat dasturi ijrosini ta`minlash yuzasidan yana qanday choralar ko'rish bo'yi­­cha mahalla fuqarolar yig'iniga zarur tavsiya va takliflar berildi.
– Kasaba uyushmalarining ko'magi bilan olib borilgan targ'ibot tadbirlari, yo'l xaritasi ishlab chiqilib, aniq tadbirlar belgilangani natijasida mahallamizda tadbirkorlar soni oshdi, – deydi mahalla raisi Davron Vapaev. – Biz yana bir narsani, mummoni hal qilish uchun, avvalo, uni tan olish va keltirib chiqarayotgan omillarni aniqlab, bartaraf qilish kerakligini tushunib yetdik.

Xalqona dastur

Bir mahalla kesimida jarayonlarni tahlil qilish orqali, davlat dasturi ijrosida yo'l qo'yi­lgan kamchiliklarning sabablari oydinlashdi. Eng asosiysi, ko'pchilik haligacha islohotlar mohiyatini anglab yetmayapti. Shu sabab amaliy natijadan ko'ra hisobot uchun qog'oz to'ldirishni afzal biluvchilar ham yo'q emas.
«Har bir oila tadbirkor» – mablag'i yo'q inson ham tadbirkor bo'lishini ta`minlovchi, iqtisodiy nochorlikdan olib chiquvchi, oilani farovonlikka undovchi, balandparvozlikdan xoli xalqona dastur. Undan to'g'ri foydalanmaslik uvoldir.

Muhabbat To'raboeva,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar