«Gender tengligi» faqat ayollarning muammosi emas

613
Keyingi paytlarda ko'p bora tilga olinayotgan, jamiyatda ildam ilgari surilayotgan «gender tengligi» tushunchasi turli bahs-munozaralarga sabab bo'lmoqda, qator fikrlarni o'rtaga chiqarmoqda. Bu kimlar uchundir erish tuyulib, ensasini qotirayotgani ham bor gap. Xuddiki, gender tenglikka doir qonun tasdiqlansa, davlatning jilovi ayollarning qo'liga o'tib ketadiganday vahimaga tushayotganlar ham yo'q emas.

BIR HADIS SABOG'I

Aslida, ba`zi xorijiy tadqiqotchilarning mamlakatimizdagi gender tenglik darajasiga past baho berish­lari adolatli qaror emas. Avvalambor, Konstitusiyamizda ayollar va erkaklar teng huquqli ekani aniq ko'rsatib o'tilgan. Qolaversa, ayollar manfaatlarini himoya qilishga doir qator qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Jamiyatda, jamoada ayollarga qator qulayliklar berilgan. Ayollar og'ir ishlarga jalb qilinmaydi, uch yoshgacha farzand tarbiyalayotgan, nogiron bolasi bor ayollarning ish vaqtlari qisqartirilgan. Jamoa shartnomalari orqali berilayotgan imtiyozlar ayollar manfaatdorligini yanada kengroq ta`minlamoqda. Kechirasiz-u, hatto jinoyat sodir qilgan ayollarga ham yengillik­lar berilgan. Bir xil jinoyat sodir qilgan erkak va ayolga nisbatan bir xil jazo qo'llanilmaydi. Qadriyatlarimiz, dinimizda ayolni ardoqlash shart qilib ­qo'yilgan. Dunyo­dagi ayollar manfaatlarini ifodalovchi barcha hujjatlarni jamlaganda ham birgina «Jannat onalar oyog'i ostidadir» degan hadisning salmog'ini bosolmaydi. Oddiygina kundalik hayotimizdan misollar keltiraylik. Eshik qarshisiga erkag-u ayol teng kelsa, ayolga yo'l beriladi. Avtobusda erkak kishi, garchi o'zidan bir-ikki yosh kichik bo'lsa-da, ayolga o'rin bo'shatib beradi. Og'ir yuk ko'tarib ketayotan ayolni ko'rgan yigit uni tanimasa-da qo'lidagi sumkasini oladi. Er ishdan kelganda birinchi bor ayolini yo'qlaydi. O'g'il-u qiz eshikdan birday «Ona» deb kirib keladi. Bu izzat-u ikromda ming yillar davomida shakllangan milliy an`ana va qadriyatlarimiz mujassam. Ana shunday iliq mulozamat ko'magida ayol bilimi, salohiyati, iqtidori nuqtai nazaridan erkaklardan qolishmaydigan darajaga erishdi. Shunga monand jamiyatdagi mavqeini yanada ­mustahkamlashga harakat qilmoqda. Maqsad jamiyatga yanada ko'proq foyda keltirishdir. Ammo gender tenglik masalasining yuzaga chiqishi sababi nimada?

BIROVNING HASMI(MI?)

Asosiy muammo shundaki, ko'plab oilalarda qiz farzandga nisbatan jamiyat va oilaning to'laqonli a`zosi emas, kimningdir hasmi sifatida qarash hamon ustun. Bunday nazar ostida tarbiyalanayotgan qizlar o'z kelajagi to'g'risida o'y surganda jamiyat, faollik, maqsad, kasb-hunar egallash kabi tushunchalarni bir chetga surib qo'yadi. Oqibatda, boqimandaga aylanadi. Jamiyatga foyda keltirish tugul, hatto o'zini ham eplay olmaydi. Bunday ayol turmush o'rtog'iga to'g'ri maslahat berishga, farzandlarini jamiyatning faol a`zosi qilib tarbiyalashga qodirmi? Taqdir taqozosi bilan beva bo'lib qolsa, muammolar girdobidan chiqolmaydi, o'zini va farzandlarini tanazzulga yetaklaydi. Akasiga, amakisiga qaram, ortiqcha yuk bo'ladi. Bunga misollar kam emas.

BIR TOMONLAMA QARAShLAR

Ota-onasi qo'llab-quvvatlab, orzulari sari dadil odimlagan, oliy ta`lim dargohini tamomlab, kasb sohibi bo'lgan qizga ham oson emas. U turmushga chiqqach, yangi to'siqqa duch keladi. «Oilani eplab qo'ysang ishla, yo'qsa yig'ishtir». Oilaning butun tashvishlarini ayolning zimmasiga yuklab qo'yish qanchalik to'g'ri? Ayrim erkak­lar oiladagi vazifasini faqat pul topishdan iborat deb hisoblashlari adolatdanmi? Farzand tarbiyasi uchun faqat ona mas`ul bo'lib qolayotgani oqibatida bolalar bebosh bo'lib ketmayaptimi? Nazarimizda, gender teng­lik masalaning mana shu jihatlariga e`tiborni kuchaytirishni taqozo qiladi. Gender tushunchasi faqat ayollar manfaatlarini ifodalamaydi. Har ikki jins vakillarining o'z orzu va maqsadlari sari dadil odimlashi, salomatligini mustahkamlash, hayot sifatini oshirish uchun bir xil imkon berish kerakligini ilgari suradi, xolos. Bu esa dunyoni o'rgimchak to'ri kabi o'rab olgan bozor iqtisodiyotining beshafqat o'yinlari, talablariga mos hayot kechirishimizda juda muhim. Biz istaymizmi, yo'qmi, jahon hamjamiyati bilan teng odimlashga majburmiz. Yo'qsa, xastahol inson jamiyatdan uzoqlashgani yanglig' dunyodan uzilamiz.

TUShUNChA TOR BO'LMASIN

Keyingi paytlarda davlat boshqaruvida ayollarning ishtirokini kuchaytirish masalasiga e`tibor oshgandek, nazarimizda. Rahbar bo'lish oson emas. Ayniqsa, bugungi tezkor zamonda. Amaldor odam erta tongdan tun yarmigacha ishda bo'lishiga to'g'ri keladi. Uzundan uzoq yig'ilishlar, safarlar, asabbuzarliklar… uyga qaytgach ham xayolingning bir chekkasi ishxona tashvishi bilan band bo'lishi… Kechirasiz-u, turli rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarning turmush tarziga havas qilib bo'lmaydi. Ham rahbarlik, ham oila bekaligini teng olib borayotgan ayollarning metin irodasiga, bardoshiga, bag'rikengligiga qoyil qolish kerak. Ularning yelkalari ham, qadamlari ham nozik emas, erkaklarniki kabi zalvorli va shiddatkor. Biroq besh qo'l barobar emas. Imtiyoz va imkoniyatlarni suiiste`mol qilayotgan ayollar ham bor. Ularda mansabparastlik, shuhratparastlik avj olib borayotganini ko'rib joning achiydi. Ba`zi mansabdor xonimlar uyda, qo'ni-qo'shni, qarindosh urug'nikida ham o'zini rahbar sifatida tutishlari kishining g'ashini keltiradi. Ularga qarab «Mana, ayolga mansab bersang nima bo'ladi?» deb qo'lini bigiz qiluvchilar ham ko'paymoqda. Nazarimizda, tenglik deganda ayollarimiz erkin hayotni tushunib qolayotgandek. Buning natijasida erga itoatsizlik qilish holatlari ko'paymoqda. Erkakning g'ururini sindirishga urinishi, faqat iqtisodiy omillarga tayanib fikr yuritishi, bo'ysunishni istamaslik oqibatida asriy qadriyatlarimiz poymol bo'lmoqda. Ayrim ayollar arzimagan sabablar bilan o'z juftini, farzandlarining otasini sud­­ga bermoqda, qamatmoqda. Bu esa faqat shu ayollarning, oilalarning­gina emas, jamiyatning ma`naviyatiga ham putur yetkazmoqda.

O'RNINI BILGAN O'RAGA TUShMAS

Ko'pni ko'rgan insonlar duoga qo'l cho'zgan chog'ida, albatta, tilga olinadigan bir tilak bor: «Issiq o'rnimiz yo'qolmasin». Jamiyatda erkakning ham, ayolning ham o'z o'rni bor. Nazdimizda, bugun ayrim ayollar erkaklarning o'rnini egallashga urinishi oqibatida o'z o'rnini yo'qotib qo'yayotganday. Gender tenglik haqida mulohaza yuritganda, masalaning ushbu jihatini ham esdan chiqarmaslik kerak. Qolaversa, xotin-qizlarning huquqiy, iqtisodiy, ma`naviy bilimlarini oshirish borasida qilinishi lozim bo'lgan ishlar ham ko'p. Erkaklar esa o'zini faqat ko'chaning odami, deb hisoblamasdan, oiladagi mavqeini mustahkamlash haqida ham o'ylab ko'rsalar yomon bo'lmasdi. Bu fikrlar «Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida»gi O'zbekiston Respub­likasi qonuni loyi­hasi bilan tanishish jarayonida tug'ildi. Ushbu qonun qabul qilinsa, biz tilga olgan qator muammo va masalalarga yechim topilar, balki. Ushbu loyihani o'qish jarayonida unga milliy mentalitetimiz, qonunlarimizdan kelib chiqqan holda ayrim o'zgartirishlar ham kiritish kerak degan xulosaga keldik. Deputatlarimiz va qonun tashabbuskorlari keng jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan ­fikrlarning eng to'g'rilarini inobatga ­olishlariga ishonamiz.

Muhabbat TO'RABOEVA,

«Ishonch»

 
Boshqa xabarlar