«YO'Q» DEYISh «SAN`ATI» yoxud «Shum bola»ning yonini kim oladi?

119

G'afur G'ulomning «Shum bola» asarini ko'pchilik o'qimagan bo'lsa ham, kinosini deyarli barcha ko'rgan. Asarda kasaba yetakchilari obrazi bor. Shunday! Agar ramziylik bersangiz, albatta.
Mana isboti – «Innan keyin-chi?» deb savollar beraveradigan boy – ish beruvchi, haqini talab qiluvchi Qoravoy – ishchi, «Etimning haqini yeyish gunoh» deb, «shum bola»ning yonini olgan qariya – «kasabaqo'm»…

Buni tadqiqotchi emas, balki shu jarayonni kuzatuvchi sifatida aytmoqdamiz.
Gap shundaki, Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Jizzax viloyati bo'yicha mas`ul tashkilotchisi bilan Jizzax maxsus industrial zonasiga bu yerda faoliyat ko'rsatayotgan bir qator korxona va tashkilotlarda kasaba uyushma qo'mitalari tashkil etilganmi, mavjud bo'lsa, ularning faoliyati qanday yo'lga qo'yil­gan, degan savollarga oydinlik kiritish maqsadida bordik. Ammo, afsus­ki, ikki kunlik «yurishimizdan» deyarli hech qanday natija chiqmadi.

JAVOBSIZ MUROJAAT

230 nafar ishchi-xodim mehnat qiladigan «Jizzax sanoat teks» ­mas`uliyati cheklangan jamiyatiga borganimizda har galgidek «rahbariyatdan hech kim yo'q» degan javobni oldik. Biz bu javobdan qanoatlanmay, ma`muriyat vakillaridan kimnidir chaqirib berishlarini qat`iy talab qildik. Shundan so'ng, har tugul «Kutib turinglar, buxgalter chiqadi» deyishdi. Kutdik…
Darvozadan chiqqan kishi o'zini korxona direktori o'rinbosari Sherzod Anorboev, deb tanishtirdi. Qisqagina suhbat davomida o'rinbosardan kasaba uyushma qo'mitasi tashkil etish bo'yicha korxona rahbari nomiga bir necha marta xat bilan chiqilgani, ammo murojaatlarga hech qanday javob berilmaganligi aytilganda, undan «Prof­soyuz nima qilib beradi, profsoyuz tashkil etish majburiy emas-ku? Men hech narsani hal qilmayman» degan javobni oldik, xolos.

«RAHBARSIZ HAL ETOLMAYMAN»

«Jizzax – Toshtepa textile» MChJga esa ilgari ham borilgan. O'shanda ham «rahbariyatdan hech kim yo'q edi» deyil­gan javob olingan. Bu safar ham «eski hammom, eski tos» bo'lib chiqdi. 900 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qiladigan korxona xodimlar bo'limi boshlig'i Sirojiddin Do'stbekovdan esa «Profsoyuz tashkil etish majburiymi?» degan iddaoni eshitdik.
Aslida, korxonada kasaba uyushma qo'mitasi 2013 yilda tashkil etilgan bo'lib, kasabaqo'mlik Mo'min Sanaqulovga yuklatilgan. O'tgan safar kasabaqo'm telefonda «Men rahbarlar ishtirokisiz sizlar bilan suhbatlashmayman» deb uchrashuvdan qochib, «berkingan» edi. Bu safar aytishlaricha, ­M.Sanaqulov mehnat ta`tilida ekan…

MA`MURIYaTDAN HECh KIM YO'Q…

Oyna ishlab chiqarishga ixtisos­lashgan «Minyuan Silu Industry» MChJ­damiz. 140 nafar ishchi mehnat qiladigan korxona xodimlar bo'limi boshlig'i Gulasal Abubakirovaga o'zimizni tanishtirib, korxonada kasaba uyushma qo'mitasi tashkil etish nega shu paytgacha paysalga solinayotganligi sabablarini so'raganimizda, u bu masala yechimiga «vaqt yetishmaganligini» aytib, erta-indin korxonada smenalar almashishi vaqtida ishchi-xodimlar bilan yig'ilish o'tkazib suhbatlashishga ma`muriyat tomonidan ruxsat berilishini ma`lum qildi.
Jizzax shahridagi «Jizzax Kenteks» hamda Sharof Rashidov tumanidagi «Jizzax Industrial To‘qima» korxonalarida yana boyagi holat kuzatildi: rahbariyatdan hech kim yo'q.
Sharof Rashidov tumanida joylashgan «Odina Skarlet» MChJga ham boraverishdan armon qolmagan ekan. O'zining familiyasini aytishni istamagan korxona bosh hisobchisi Botir aka bilan qorovulxonada suhbatlashdik. Hisobchining «Profsoyuz tashkil etish majburiy emas, tashkil etishga korxona rahbari qarshi, ilgari bergan xatlaring ham yotibdi» degan gap-so'zidan, munosabatdan shuni anglash mumkinki, 2013 yildan buyon faoliyat ko'rsatib kelayotgan va bugungi kunda 80 nafar kishi xizmat qiladigan korxonada kasaba uyushma qo'mitasi tashkil etilishi dargumon.
Ikki kun davomida 12 ta korxonada bo'ldik. Ko'rib, kuzatganimiz shu bo'ldiki, deyarli hamma korxona va tashkilotlarda «mas`ullardan hech kim yo'q», aytiladigan gap ham bitta: «majburiy emas-ku».
Ha, to'g'ri, amaldagi qonunchilikka asosan kasaba uyushma qo'mitasi tashkil etish, unga a`zolik ixtiyoriy. Ammo… ammo, lekin, biroq, deyishga ham asoslar yetarli.

INNAN KEYIN-ChI?..

Keling, do'ppini emas, bo'yinbog'ni yechib, tanganing ikkinchi tomoni haqida bir fikrlashib, mulohaza yuritsak. Tashkilotlar aslida kasaba uyushmasi tuzilishidan nega «qochishadi»?
Chunki kasaba uyushmasi bo'lmasa:
– yosh yigit-qizlarni «sinov muddati bilan» ishga olib, so'ng ularni sinovdan o'tmadinglar, deb quruq qaytarish oson;
– ishchi-xodimlarga munosib mehnat sharoiti yaratmasdan, mehnat muhofazasi talablariga rioya etilmasdan xodimlarni ishlatish mumkin;
– qolaversa, belgilangan ish vaqtidan (kuniga 8 soat) ko'proq vaqt ishlatish, yosh kelinlarga «tug'uruq ta`tili berilmaydi, homilador bo'lganlar ishdan bo'shaydi», deb shart qo'yish, kasal bo'lib qolganlarga, «bolnichniyga» emas, o'z hisobingdan «otpustkaga» chiqasan, deyish mumkin. Eng muhimi, turli bahonalar bilan maoshni, tovon pulini o'z vaqtida to'lamasdan yursa bo'ladi…
A, labbay! Mana, nima uchun kimlargadir kasaba uyushmasi kerak emas!
Agar korxona va tashkilotlarda kasaba uyushma qo'mitasi tashkil etilsa:
– yuqoridagi kabi savollarga o'rin qolmasdi;
– ish beruvchining noqonuniy talab va xatti-harakatlariga chek qo'yi­lardi;
– xodimlar mehnat muhofazasi va ijtimoiy himoyasi kuchayardi.
Menimcha, joylarda «Shum bola»dagi «qariya»lar, ya`ni kasabaqo'mlar ko'paysa, bundan ish beruvchi ham yutardi. Negaki, kasabaqo'm bor joyda hammasi joy-joyida bo'ladi. Hammasi joy-joyida bo'lgan joyda esa baraka va daromad bo'ladi.

Alijon Abdurahmonov,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar