INNOVASION G'OYaLARNI ILM-FAN VA SANOATGA KENG TATBIQ ETISh – ISLOHOTLAR SAMARADORLIGINING BOSh MEZONI

62

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 24 may kuni poytaxtimizning Olmazor tumanida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va yirik loyihalar bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Talabalar shaharchasiga bordi. Bu yerda har yili minglab yosh mutaxassis hayotga yo'llanma oladi.
Joriy yilda Talabalar shaharchasida keng ko'lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Yo'l va yo'laklar ta`mirlanib, yoritish ustunlari, o'rindiqlar o'rnatildi, 400 o'rinli avtoturargoh qurildi. Hududga ko'p yillik va mavsumiy gullar, manzarali daraxt ko'chatlari o'tqazildi.
Bugungi kunda Talabalar shaharchasida Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Ma`naviyat va ma`rifat markazi binolari, kollej va liseylar, sport majmualari joylashgan. Ikki universitetda qariyb 25 ming talaba tahsil oladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan shaharcha hududining boshlanishida, «Beruniy» metro bekati yonida Beruniy maydoni barpo etildi. Abu Rayhon Beruniyning Texnika universiteti oldidagi haykali shu yerga ko'chirilib, atrofi obodonlashtirildi. Bular o'ziga xos majmua hosil qilib, Talabalar shaharchasi ilmiy salohiyatining yana bir ramzi bo'ldi.
Davlatimiz rahbari bu yerda olib borilgan ishlarni ko'zdan kechirdi. Alloma haykalining Talabalar shaharchasi ostonasiga qo'yi­lishi mamlakatimizda ilm-fanga qaratilayotgan e`tibor ramzi bo'lib, bugungi yoshlarda ulug' ajdodlar bilan faxrlanish tuyg'usini kuchaytirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.
Prezidentimiz 2017 yil 2 dekabr kuni Innovasion rivojlanish vazirligi binosi qurilishi bilan tanishib, mamlakatimizda yetakchi soha va tarmoqlarni rivojlantirish, innovasion g'oya va texnologiyalarni ishlab chiqarishga keng joriy etish yuzasidan zarur ko'rsatmalar bergan edi. Bugungi kunda bu borada izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlik ilmiy-tadqiqot va innovasiya faoliyatining istiqbolli yo'nalishlarini aniqlash, xorijning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ixtisoslashgan ilmiy-eksperimental laboratoriyalar, texnoparklar va boshqa innovasion tuzilmalar tashkil etish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilish yuzasidan tizimli chora-tadbirlarni ko'rmoqda.
Vazirlikda iqtisodiyot tarmoqlarining innovasion ehtiyojlarini o'rganish, yoshlar innovasion g'oyalarini qo'llab-quvvatlash xizmatlari, masofaviy ta`lim kurslari yo'lga qo'yiladi. Yangi ishlanma va texnologiyalar namo­yishi, startap loyihalar iqtidorli yoshlarda ilmiy-tadqiqot ko'nikmalarini shakllantirishda yordam beradi.
Binoning birinchi qavatida kutubxona, amfiteatr, xoll, ko'rgazmalar zali joylashadi. Yuqori qavatlarda kovorking va startap hududlar, internet laboratoriyalar, anjumanlar zallari bo'ladi. Aerokosmik laboratoriya, ustaxona, reklama agentligi ham tashkil etiladi.
Vazirlikni bejiz Talabalar shaharchasiga joylashtirmadik. Bu yerdagi oliy o'quv yurtlarida ming­lab iqtidorli yoshlar, tadqiqotchilar, olimlar ilmiy ish bilan mashg'ul. Ularning ilmiy izlanish­larini qo'llab-quvvatlab, har bir sohada yangilik yaratish kerak. Innovasion rivojlanish vazirligi bu borada ilmiy markaz, baza bo'lishi zarur, dedi Shavkat ­Mirziyoev.
Vazirlik bog'ining dizayni ham yangicha asosda ishlab chiqilgan bo'lib, bu yerga kelganlar miniatyurali innovasiyalar bilan tanishish imkoniga ega bo'ladi. Boqqa internet tarmog'iga ega o'rindiqlar, quyosh panelli yoritkichlar, havo tozalash ustunlari, mobil uskunalarni quvvatlovchi qurilmalar o'rnatiladi, bruschatkali yo'laklar tunda o'zini o'zi yoritadi.
Shu yerda vazirlik va Jarayonlarni avtomatlashtirish milliy assosiasiyasi – NAPA tomonidan xorijiy markazlar bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan innovasion texnopark taqdimoti bo'lib o'tdi.
Ushbu texnoparkda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini o'rganayotgan va bu sohada ishlayotganlar uchun innovasion g'oyalarini ilgari surish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida maqbul muhit va infratuzilma yaratiladi.

Yangi texnologiyalar yaratish va transfer qilish uchun vazirlikka ko'makchi sifatida «NAPA Team» mas`uliyati cheklangan jamiyati tashkil etilmoqda. Ushbu korxona innovasion g'oyalarni pishitib, ularni startap mahsulotga aylantiradi va kelgusida mamlakatimiz iqtisodiyotiga yo'naltiradi. Hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu faoliyatdan yiliga 1 million dollarlik eksport daromadi ko'rish ko'zda tutilmoqda.
Prezidentimiz innovasion g'oyalar o'z o'zidan ishlab chiqarishga yetib bormasligini, buning uchun mablag', xaridor topish zarurligini ta`kidladi. Xitoyning «Huawei» kompaniyasi bilan hamkorlikda tajribadan o'tgan innovasiyalarni jalb etish, xorijda ish yuritayotgan salohiyatli tadqiqotchilarni chaqirish va ularni qo'llab-quvvatlash bo'yicha zarur topshiriqlar berdi.
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida Prezidentimiz oliy ta`lim sohasini yanada rivojlantirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, ilm-fan va ishlab chiqarish integrasiyasini kengaytirish bo'yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan loyihalar, mazkur oliy ta`lim dargohini rivoj­lantirish bo'yicha ustuvor yo'nalishlar taqdimoti bilan tanishdi.
Kadrlar tayyorlash sohalari tarkibiy tuzilishi loyihasida yoshlarni oliy o'quv yurtlariga yanada ko'proq qamrab olish bo'yicha batafsil ma`lumot berildi. 2018-2019 o'quv yilida mamlakatimiz oliy o'quv yurtlariga 96 ming 950 talaba qabul qilingan bo'lsa, 2019-2020 o'quv yilida 123 ming 170 nafar yigit-qiz o'qishga jalb etiladi. Bu ko'rsatkichni 2022-2023 o'quv yilida 180 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.
Oliy ta`limga innovasiya investisiya­larini – xorijiy ta`lim-ilm texnologiyalarini jalb etish borasida ham keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2018 yilda yurtimizda Rossiyaning 2, Janubiy Koreyaning 2, Latviyaning 1 oliy ta`lim muassasasi filiallari tashkil etildi. Joriy yilda Hindistonning 2, Rossiyaning 2 va AQShning 1 oliy ta`lim muassasasi filiali talabalarni qabul qiladi. Ulardagi ta`lim jarayoniga 832 nafar xorijiy mutaxassis jalb etilgan.
Prezidentimizga muhandis-texnik kadr­lar tayyorlash, ta`lim mazmunini kompetensiyalar (amaliy ko'nikmalar) asosida tubdan o'zgartirish, pedagogik ta`limning yangi modelini joriy etish, oliy ta`lim muassasalari faoliyatini «Universitet – 3.0» konsepsiyasi asosida tashkil etish, AKT va ta`lim texnologiyalari integrasiyasini ta`minlash loyihalari bo'yicha ma`lumot berildi.
Bizga son emas, sifat kerak. Bunga erishish uchun esa xorij tajribasini yaxshilab o'rganish zarur. Qaysi davlat kadrlar tayyorlashga alohida e`tibor qaratsa, o'sha yutadi. Ilmiy asoslangan tajriba asosida kadrlar tayyorlash tizimini yo'lga qo'yish eng muhim vazifamizdir, dedi davlatimiz rahbari.
Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti ilmiy-pedagogik faoliyati va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid rejalar taqdimoti ham o'tkazildi. Besh yillik kompleks dastur ishlab chiqib, universitet faoliyatini rivojlantirish va uning xalqaro reytinglarda munosib o'rin egallashini ta`minlash bo'yicha topshiriqlar berildi. Universitet huzuridagi liseyni tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashtirish, yetuk mutaxassislarga ehtiyoj ortib borayotganini inobatga olib, yangi fakultetlar tashkil etish zarurligi ta`kidlandi.
O'zbekiston Milliy universiteti kutubxonasida oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari, akademiklar, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish, kadrlar tayyorlash va ularni moddiy, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash masalalari haqida so'z bordi.
Mamlakatimizni innovasion rivoj­lantirish, 2030 yilga qadar Global innovasiya indeksida ilg'or 50 mamlakat qatoridan joy egallash bo'yicha keng ko'lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta`kidlandi. Buning uchun, eng avvalo, ilm-fan sohasining me`yoriy-huquqiy asosini mus­tahkamlash maqsadida «Fan to'g'risida» qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qolaversa, o'tgan qisqa davr mobaynida ilmiy-tadqiqot ishlarini tijoratlashtirish va samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlar qabul qilindi.
Natijada innovasion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish bo'yicha qiymati 151 milliard so'mlik 55 loyihani amalga oshirish uchun qulay zamin yaratildi. Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti tomonidan zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida ishlab chiqilgan oddiy superfosfat hamda mahalliy xomashyodan faollashtirilgan ko'mir olish texnologiyasi shular jumlasidandir. O'simlik moddalari kimyosi institutining «Ferulen» va «Flanorin» preparatlari, Bioorganik kimyo institutida «Rutan» dori vositasi substansiyasi, Yadro fizikasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan suvni kimyoviy tozalash uskunasi ham bunga yaqqol misoldir.
Bu ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida 450 ishlanma va 90 ta tarmoq muammolari yechimlarini qamrab olgan «Buyurtmachi-tadqiqotchi-investor» maxsus portali ishga tushirilib, tijorat banklari bilan 19 yangi startap korxona tashkil etilgan.
Bularning barchasi import o'rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarishga sharoit yaratmoqda. Takror va takror ta`kid­lash joiz: yangi fikr va yangi g'oyaga, innovasiyaga tayangan davlat har doim yutadi va rivojlanadi. Shuning uchun, birinchidan, import o'rnini bosadigan va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni ko'paytirish kerak. Bu – masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa ushbu ishlanmalar mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni qiziqtirishi va xaridorgir bo'lishi zarur, dedi Shavkat Mirziyoev.
Prezidentimizning kelasi yildan ilmiy muassasalarni to'g'ridan-to'g'ri davlat byudjetidan moliyalashtirishga o'tkazish taklifi olimlar tomonidan qizg'in qo'llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda arxeologiya sohasini yanada rivojlantirishga alohida e`tibor qaratildi. O'zbekiston arxeologlari tomonidan so'g'diy hukmdorlar qarorgohi xarobalari bo'lgan «Kofir-qal`a» yodgorligida yog'och panno – so'g'd san`atining noyob namunasi, Farg'ona vodiysidagi Axsikentda X asrda pishiq g'ishtdan tunnel shaklida qurilgan yer osti suv ta`minoti tizimi topilgani yurtimiz tarixi naqadar buyuk ekanidan dalolat berishi e`tirof etildi. Mutasaddilarga arxeologiyani rivojlantirish bo'yi­­cha alohida davlat dasturini qabul qilish yuzasidan topshiriq berildi.
Termit hasharoti asosan sellyuloza, ya`ni yog'ochni kemirib, aholi turar joylari, madaniy-tarixiy obidalar, strategik ahamiyatga ega ob`ektlar, bino va inshootlarga jiddiy zarar yetkazadi. Zoologiya institutiga termitlarga qarshi kurashish bo'yicha olib borilayotgan izlanishlarni yanada takomillashtirish to'g'risida ko'rsatmalar berildi.
Izlanuvchan olimlarni rag'batlantirish maqsadida ilmiy ishlanma yaratgan tadqiqotchiga doktorlik va uni amaliyotga tatbiq etgan izlanuvchiga tayanch doktorlik ilmiy darajasini beradigan binar (ikkitalik) himoya tizimini joriy qilish, byudjet mablag'lari hisobidan stajyor-tadqiqotchilar institutini hamda yurtimiz biologik xilma-xilligini o'rganadigan dala-tajriba stansiyalari tashkil etish tavsiya qilindi.
Keyingi yillarda ilm-fan va ta`lim sohasi xodimlari izchil rag'batlantirib kelinmoqda. Ilmiy xodimlarning maoshi o'tgan yil 1 sentyabrdan o'rtacha 25, joriy yil 1 yanvardan 20 foiz oshirilgan edi, 1 iyuldan esa yana 25 foiz ko'tariladigan bo'ldi.
Prezidentimiz ushbu amaliy choralarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 1 sentyabrdan barcha davlat tashkilotlarida ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug'ullanayotgan, ta`lim va ilm-fan sohasida mehnat qilayotgan fan nomzodlarining maoshiga 30 foiz, fan doktorlari uchun esa 60 foiz ustama haqi belgilashni taklif qildi.
Innovasion rivojlanish vazirligi huzurida tashkil etiladigan Yoshlar akademiyasi ham ilm-fan vakillarini qo'llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ushbu akademiyaga innovasion fikrlaydigan iqtidorli talabalar va 40 yoshgacha bo'lgan olimlar, tashabbuskor yoshlar a`zo bo'ladi. Akademiyada sun`iy intellekt, qayta tiklanadigan energiya manbalari, robot texnikasi va mexatronika, farmasevtika, biotexnologiya, dasturlash, sanoat dizayni, 3D modellashtirish kabi yo'nalish­larda ilmiy ishlar olib boriladi.
Prezidentimiz va Vazirlar Mahkamasining oliy ta`lim tizimini isloh qilish, kadrlar tayyorlash jarayonini yanada jadallashtirish bo'yicha qarorlari va «yo'l xaritasi» tasdiqlangan. Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida oliy ta`lim muassasalarining yirik ishlab chiqarish korxonalari, davlat tashkilotlari, tadbirkorlik sub`ektlari, ilmiy-tadqiqot institutlari va markazlari bilan hamkorligi yo'lga qo'yildi. Natijada tashkilot va korxonalarning 4 mingdan ortiq malakali amaliyotchi-mutaxassislari oliy o'quv yurtlarining ta`lim jarayoniga jalb etilgan.
Shuningdek, keyingi 2 yil davomidagi xalqaro hamkorlik natijasida mamlakatimizda yangi oliy ta`lim muassasalari faoliyati yo'lga qo'yildi, 30 dan ortiq o'quv yurtida xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan hamkorlikda kadrlar tayyorlanmoqda.
Oliy ta`lim tizimini zamonaviy usullar yordamida samarali boshqarish, sohada moddiy-texnik bazani kuchaytirish, o'quv-metodik ishlarni takomillashtirish bo'yicha jiddiy choralar ko'rishimiz zarur. Iqtisodiyot tarmoqlarining real ehtiyojidan kelib chiqib, oliy ta`lim tizimini rivojlantirishning strategiyasini belgilash, davlat ta`lim standartlari va malaka talablarini qayta ishlab chiqish, talabalarning malakaviy amaliyotini samarali tashkil etish lozim, dedi Prezident.
Uchrashuvda pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni tabaqalashtirgan holda rag'batlantirish tizimini joriy etish haqida ham so'z yuritildi. Oliy ta`lim vazirligi magistratura talabalarini Fanlar akademiyasining mos yo'nalishdagi ilmiy-tadqiqot institutlarida stajirovka o'tashini yo'lga qo'yish, tabiiy fanlar va muhandislik yo'nalishlaridagi magistratura talabalarini byudjet hisobidan davlat buyurtmasi asosida tayyorlashni yo'lga qo'yish zarurligi ta`kidlandi.
Oliy ta`lim muassasalari talabalari o'rtasida o'tkaziladigan fan olimpiadalari tizimini takomillashtirish, g'oliblarni munosib taqdirlash va rag'batlantirish, xususan, mamlakat miqyosidagi g'oliblarni tegishli mutaxassisliklar bo'yicha magistraturaga, xalqaro olimpiada g'oliblarini esa keyinchalik doktoranturaga ham sinovsiz qabul qilish choralarini ko'rish belgilandi. Moliyaviy barqaror oliy o'quv yurtlarini o'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich o'tkazish lozimligi qayd etildi.
Shavkat Mirziyoev olim va pedagoglarning ijtimoiy sharoitlarini yaxshilash masalalariga alohida e`tibor qaratdi.
Uchrashuvda akademiklar, oliy o'quv yurtlari rektorlari va talaba yoshlar so'zga chiqib, ta`lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yuzasidan ­fikr-mulohazalarini bildirdi.
O'zbekiston Milliy universiteti matematika fakulteti 4-bosqich talabasi Sardor Bozorboev yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatdan keng foydalanish zarurligini ta`kidlab, talaba va o'quvchilar fan olimpiadalari o'tkazish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilayotgan e`tibordan mamnun ekanligini bildirdi.
Sardor matematika bo'yicha o'tkazilgan xalqaro olimpiadalarda 4 oltin, bittadan kumush va bronza medalini qo'lga kiritgan.
– Ta`lim tizimiga e`tibor samarasini yoshlarimiz turli tanlov va xalqaro olimpiadalarda qo'lga kiritayotgan yutuqlar misolida ham ko'rish mumkin, – dedi S.Bozorboev. – Biz, yoshlar yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan unumli foydalanib, yurtimiz dovrug'ini yanada yuksaltiramiz, ulug' allomalarning munosib vorislari ekanimizni isbotlaymiz.
Prezidentimiz Sardor kabi izlanuvchan, zukko, bilimdon yoshlar yurtimiz kelajagi ekanini ta`kidlab, unga avtomashina sovg'a qildi.
Ma`lumki, davlatimiz rahbarining topshirig'iga asosan Toshkent shahri hududidan oqib o'tuvchi Chirchiq daryosi, kanal va kollektorlar sohillarida noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish va hududlarni obodonlashtirish yuzasidan «yo'l xaritasi» tasdiqlangan.
Prezidentimiz 2018 yil 9 fevral kuni Olmazor tumanida bo'lib, kanallar bo'yini obodonlashtirish, aholining dam olishi uchun qulay sharoitlar yaratish ­bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi.
Bugun bu yerda ko'rkam madaniyat va ma`rifat maskani bunyod bo'ldi. «Damashi» kanalining 2,5 kilometr qismi qirg'oqlari betonlashtirilib, «Soy bo'yi» sayilgohi barpo etildi.
Kanal qirg'og'i 7 lotga bo'linib, ularda tadbirkorlik sub`ektlari tomonidan ham restoranlar, dam olish maskanlari, kovorking markazi, fitness klubi va bosh­­qa bir qator ob`ektlar hamda jahonga mashhur Eyfel va Piza minoralari, Minorai kalon, Luvr piramidasi va boshqa shunga o'xshash ob`ektlar maketlari barpo etildi.
Davlatimiz rahbari kovorking markazi va undagi tikuvchilik korxonasi fao­liyati bilan tanishdi.
Bir paytlar bu yerlar qanday tashlandiq joy edi. Hammamiz shunday yashashga o'rganib qolgan edik. Bir yil ichida qilingan ishlar samarasini ko'rib turibmiz. Obodlik bor joyda qut-baraka bo'ladi. Bu yer nafaqat hordiq chiqaradigan joy, balki ma`naviyat va ma`rifat maskaniga ham aylanadi, dedi Shavkat Mirziyoev.
Obodonlashtirish ishlari bo'yicha buyurtmachi – Toshkent shahar hokimligining «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi. Bosh loyihachi – «Prime tower group» MChJ. Bosh pudratchi sifatida esa «Inter building» MJCh ish olib bordi.
Abdulla Qodiriy va Cho'lpon nomidagi kutubxonalar, Nuroniylar mas­kani, «Yoshlar mehnat guzari» ham avvalgi tashrifning amaliy natijalaridir.
Kutubxona boy kitob fondi va axborot texnologiyalari bilan ta`minlangan. Alisher Navoiy nomidagi O'zbekis­ton Milliy kutubxonasi bilan elektron tarzda bog'langan.
Nuroniylar maskanida faxriylar o'z vaqtini mazmunli o'tkazishi, salomatligini mustahkamlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Davlatimiz rahbari kutubxonalar va Nuroniylar maskanini ko'zdan kechirdi. Mahalliy aholi vakillari, oqsoqollar bilan suhbatlashdi.
Shayxontohur tumanidan oqib o'tuvchi «Katta Kalkauz» kanalidan suv oladigan «Damashi» Olmazor tumanining Nurafshon ko'chasidan boshlanadi. Uning umumiy uzunligi 7,36 kilometrni tashkil etadi.
Prezidentimizga «Soy bo'yi» sayil­gohi va hudud atrofidagi Oltinsoy, Qichqiriq va Taraqqiyot mahallalarida jamoat tartibi va xavfsizligini ta`minlash tizimi haqida ma`lumot berildi. Davlatimiz rahbari bu tizimni Toshkent shahrining barcha tumanlarida joriy qilish, jinoyatchilikning oldini olishda ilm va tahlil asosida ishlash zarurligini ta`kidladi.
Kanal va uning atrofidagi hududning ozodaligi hamda sanitariya holati Toshkent shahar va Olmazor tumani hokimlik­larining maxsus ishchi guruhi tomonidan muntazam nazorat qilib boriladi. Xususan, «Toza kanal» kampaniyasi tadbirlari boshlanganidan shu kunga qadar qirg'oqbo'yi hududida 136 noqonuniy qurilmalar aniqlanib, ularning 133 tasi bartaraf etildi. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining Olmazor tumaniga avvalgi tashrifi shunday xayrli natijalarga olib keldi. Ishonch bilan aytish mumkinki, galdagi tashrif chog'ida belgilangan vazifalar, berilgan topshiriqlar yanada yangi marralarni egallashga yo'l ochadi.

Matnazar ELMURODOV,
Alouddin G'AFFOROV,
Ziyodulla JONIBEKOV,
O'zA muxbirlari

Boshqa xabarlar