Xonadonlarni obod, dillarni nurafshon etayotgan islohotlar

64

Jamoatchilik komissiya­sining aprel-may oylarida poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi mahallalar ahli bilan o'tkazgan muloqotlari, ishchi guruhlarning o'rganishlari davomida yuzaga chiqqan muammolar, ijtimoiy sohalardagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tizimli va keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Xo'sh, bu ishlar fuqarolar hayotida, turish-turmushida qanday aks etmoqda? Odamlar bajarilayotgan ishlardan mamnunmi?

Shu kabi savollarga javob olish, xonadonlardagi holat, fuqarolarning murojaatlariga qay darajada yechim topilayotganini o'z ko'zimiz bilan ko'rish, ular bilan yuzma-yuz suhbatlashish maqsadida Yashnobod tumanida bo'ldik.

«Uch sotixlik hovlida 20 kishi yashar edik»

Dastlabki suhbatdoshimiz «Behizor» mahallasida yashovchi Rahima To'ychieva bo'ldi.
– Turmush o'rtog'im, ikki nafar nogiron farzandim bilan 1 xonali uyda yashar edik, – deydi u. – Bir necha yil avval turmush o'rtog'im ham avtohalokat sababli nogiron bo'lib qolgach, ahvolimiz yanayam og'irlashdi. Bu orada qizimning ham ro'zg'orida muammolar paydo bo'ldi. Farzandlarim, nabiralarim qo'shilib 20 kishi uch sotixlik uyda yashay boshladik. Sharoitimiz bunday ahvolda bo'lgan, tabiiyki, uy olish uchun qo'limiz kaltalik qilar edi.

Dastlabki suhbatdoshimiz «Behizor» mahallasida yashovchi Rahima To'ychieva bo'ldi.
– Turmush o'rtog'im, ikki nafar nogiron farzandim bilan 1 xonali uyda yashar edik, – deydi u. – Bir necha yil avval turmush o'rtog'im ham avtohalokat sababli nogiron bo'lib qolgach, ahvolimiz yanayam og'irlashdi. Bu orada qizimning ham ro'zg'orida muammolar paydo bo'ldi. Farzandlarim, nabiralarim qo'shilib 20 kishi uch sotixlik uyda yashay boshladik. Sharoitimiz bunday ahvolda bo'lgan, tabiiyki, uy olish uchun qo'limiz kaltalik qilar edi.

Shunday kunlarning birida kam ta`minlangan oilalar uchun uy-joy berilishini eshitib, biz ham ariza topshirdik. Ishchi guruh, mutasaddi tashkilot vakillari kelib ahvolimizni ko'rishdi. Dastlab ishonishmadi: «Axir, qanday qilib 20 kishi shu kichik uyda yashashi mumkin?». Mahalla-ko'y, qo'ni-qo'shnilar kelganlarga vaziyatimizni tushuntirishdi. Va nihoyat, orzumiz ushaladigan bo'ldi.
Joriy yilda bizga Prezidentimiz nomidan 2 xonali uy berildi. Bu xabarni eshitgach, benihoya xursand bo'ldik. Umidimiz puchga chiqmagani, murojaatimiz bee`tibor qolmagani uchun shukronalar aytdik. Ayniqsa, jajji nevaralarim quvonchi yer-u ko'kka sig'maganini aytmaysizmi!
Jamoatchilik komissiyasining tumanimizda o'tkazgan muloqoti chog'ida o'z minnatdorligimni bildirdim. Mana shunday e`tibor uchun, ko'rsatilgan g'amxo'rlik hamda ahvolimizga befarq bo'lishmagani uchun mutasaddilarga, xususan, davlatimiz rahbariga o'zim va oilam nomidan rahmat aytaman.

«Qizim eshityapti!»

Jamoatchilik komissiyasi uchrashuvida «Katta Yangiobod» mahallasida yashovchi Abduqahhor Yo'ldoshev nabirasi Samiya Abduqahhorovaga ko'rsatilgan e`tibordan xursand bo'lganini, ko'ngli tubidagi minnatdorlik so'zlarini to'lqinlanib gapirdi. Biz batafsil suhbatlashish uchun u kishining xonadoniga bordik.
– Qizim Samiyaning salomatligida muammo borligini bir yarim yoshdan oshgan vaqtida payqab qoldik, – deydi qizaloqning onasi Yulduz Anvarova. – Shundan buyon bormagan shifoxonamiz, ko'rsatmagan tabibimiz qolmadi hisob. ­Tajribali mutaxassislarga tekshirtirdik. IV darajali neyrosensor eshitish pastligi tashxisi qo'yildi. Operasiya qilish hamda xorijdan keltiriladigan maxsus eshitish moslamasi uchun katta mablag' talab qilinishini eshitib, nima qilishni bilmay qoldik. Shunday bo'lsa-da, umid bilan tegishli idoralarga yordam so'rab murojaat qildik. Sog'liqni saqlash vazirligi mas`ullari murojaatimizni o'rganib chiqishdi va masala ijobiy hal etiladigan bo'ldi. Yaqinda jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o'tdi. Qizim endi eshita boshladi. Lekin ovozlarni to'liq ajratib olishi, muloqotga kirishi uchun biroz vaqt kerak bo'lar ekan. Beadad shukurlar bo'lsin, farzandimning salomatligi yaxshilanib boryapti. Bizning ahvolimizni tushungan, yordam qo'lini cho'zgan tashkilotlarga, mutasaddilarga va albatta, Prezidentimizga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Samiya hozir to'rt yoshda. Uning salomatligi shifokorlar nazoratida. Tez orada u tengdosh­lari safida bog'chaga, keyin maktabga boradi. Jajji qizaloqning olamga hayrat va qiziqish bilan tikilayotgan ko'zlariga, ovozlarni ilg'ashga bo'lgan intilishini ko'rib, biz ham uning tezroq sog'ayib ketishi, tengdoshlari safida shodon o'ynab-kulib yurishini tiladik.

Kranchi xolaning quvonchi

«O'rta Masjid» mahallasi, Ohanrabo ko'chasida yashovchi Zulxumor Eshniyozova o'qishni tugatib, 30 yildan ortiq vaqt mobaynida kranchi bo'lib ishladi. Turmush o'rtog'i bilan ham ish jarayonida tanishdi. Turmush qurishdi, farzandli bo'lishdi. Mehnatlari mevasi o'laroq kichikroq bo'lsa ham uy olishdi. Endigina hayotning past-u balandini birga ko'ramiz, farzandlarimizni kamolga yetkazib, keksalik gashtini suramiz, deb niyat qilib yurishgan kunlarning birida baxtsiz hodisa ro'y berdi. Avtohalokat sabab eridan barvaqt judo bo'lish uning taqdiriga bitilgan ekan. Oilaning butun mas`uliyati ikki o'g'li va bir qizi bilan beva qolgan ayolning zimmasida qoldi. Ne mashaqqatlar bilan ularni o'qitdi, uylantirdi, turmushga berdi. Oila kattarib, nabiralar dunyoga kelgach, bir yoqdan uyning kichikligi, bir yoqdan esa yangi uy sotib olishga hali-beri olishga qurblari yetmasligi ma`lum bo'ldi. Katta bir xo'jalik ko'p qavatli uyning oltinchi qavatidagi bir xonali kichik xonadonda yashay boshladi.
– Qizimning turmushi buzilgach, vaziyat yanada qiyinlashdi, – deydi Zulxumor Eshniyozova. – Yosh bolalarning qiy-chuvi, kunda-kunora bo'lib turadigan arzimas masalalardagi oilaviy kelishmovchiliklar keksayganda kishiga uncha xush yoqmas ekan. Ustiga-ustak, uy kichkina, uch xo'jalik uchun torlik qilib qolgan edi. O'g'limning imtiyozli uy-joy olish haqidagi arizasi ijobiy hal etilgani, ularga yangi qurilgan uylardan biri berilishi haqidagi xabardan ko'nglim yorishdi. Shu ishga bosh-qosh bo'lgani, muammomizga befarq bo'lmagani uchun barcha mas`ullar haqiga duodaman. Ilohim, mana shunday xayrli ishlari bardavom bo'lsin!

«Xayolimizga ham kelmaydigan mo'`jiza bo'ldi»

Muloqot chog'ida minnatdorlik bildirib ko'ziga yosh olgan yana bir onaxon – «Katta Qo'yliq» mahallasida yashovchi Nasiba Asqarova bilan suhbatimiz amalga oshirilayotgan ishlar ko'lami, ijtimoiy himoyaning naqadar muhimligini yanada yaxshiroq idrok etishga yordam berdi.
Mahalla raisi Farrux Rahimovdan onaxon bilan uchrashtirishni iltimos qilganimizda, dastlab biroz kutib qolsak kerak deb o'ylagan edik. Taxminimiz noto'g'ri chiqdi. Mahalla idorasiga bir zumda yetib kelgan Nasiba opa muddaomizni bilgach, hayajon bilan Prezidentimizga shaxsan minnatdorlik bildirishni juda-juda istashini, hech bo'lmasa biz orqali yetkazmoqchi ekanini aytdi.
– Uy olish bir umrlik orzuim edi, – deydi Nasiba opa ko'nglidagi gaplarni o'rtoqlasharkan. – Bir farzandim nogiron. Bir necha yildan buyon uysiz sarson-sargardon edik. Hattoki ijarada turishga ham imkoniyatimiz yetmasdi. Prezidentimiz tomonidan hech qanday to'lovsiz, beminnat uy sovg'a qilinishi xayolimizga ham kelmaydigan mo'`jiza bo'ldi. Bizga yangi qurilgan ikki xonali uy berildi. Quvonch­dan yig'lab yubordim. Farzand­larimning ham, o'zimning ham quvonchim cheksiz. Bu qadar e`tibor, mehribonlik uchun davlatimiz rahbariga mingdan-ming rahmat aytaman, umrlari uzoq, mana shunday yaxshi amallari bardavom bo'lsin!

Uy ham, ko'ngil ham obod

Amalga oshirilgan sa`y-harakatlar samarasi o'laroq «Boysun» mahallasida yashovchi, ikkinchi guruh nogironi Dildora Hamidova yashayotgan uyning tom qismi ta`mirlab berildi. Mahalla rai­­si Xayrulla Saidoxunov bilan birgalikda ushbu fuqaroning xonadoniga yo'l olar ekanmiz, rais quyidagicha ma`lumot berdi:
– Dildora Hamidova yog'in-sochin vaqtida uyi­m­­­­ning tomidan chakka o'tyapti, deb qoldi. O'zining ayni paytda ham jismoniy, ham moddiy imkoniyati yetmasligini hisobga olib, yordam berishga harakat qildik. Homiylar ko'magi, mahalladoshlar yordami bilan 25 million so'm sarflab, uyi­ning tom qismi tunuka panel bilan qaytadan yopildi.
– Ilgari «tom bosib qolmasmikan?» degan xavotirda edim, – deydi Dildora Hamidova. – Ming rahmat, mana ta`mirlab berishdi. Sharoitimni to'g'ri tushunishgani, menga yordam qo'lini cho'zishgani uchun barchalaridan minnatdorman. Endi yog'ingarchilik payti uyimiz tomidan chakka o'tmaydi.
Bu ishlar boshida turgan davlatimiz rahbariga o'zim va oila a`zolarim nomidan minnatdorlik bildiraman. Bunday g'amxo'rlik va e`tibordan ko'nglim tog'dek ko'tarildi.
Bu kabi mehr-muruvvat va e`tibordan bahramand bo'lib, tashakkurini aytib tugatolmayotgan insonlar ko'plab topiladi. Jumladan, 2017 yilda imtiyozli uy-joy bilan ta`minlangan ikkinchi guruh nogironi Odina Hoshimova, «Oydinko'l» mahallasida yashovchi, ikkinchi guruh nogironi bo'lgani va yashash sharoiti og'irligi inobatga olinib, uy-joy berilgan Hilola Xudoyorova, og'ir kasallikka chalingan qiziga mahalla ahli yaqindan yordam ko'rsatgan «Tong» mahallasida yashovchi Fotima Abulxonova, 2017 yilda uyi Kasaba uyushmalari Federasiyasi hisobidan mukammal ta`mirdan chiqarib berilgan «Alimkent» mahallasida yashovchi Olga Kuzmina o'zlariga ko'rsatilgan e`tibor va g'amxo'rlikdan xursandligi, barcha tashkilotchilar, xayrli ishlar boshida turgan mutasaddilar va Prezident ­Shavkat Mirziyoevdan cheksiz minnatdor ekanini alohida ta`kidlashdi.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, Jamoatchilik komissiyasi fuqarolar murojaatlarining ijobiy hal etilishiga alohida e`tibor qaratmoqda. Har bir fuqaroning arzi sinchiklab o'rganib chiqilayotgani natijasida ularga o'z vaqtida yechim topilyapti. Bundan esa aholi ­mamnun.

A`zam Abulfayzov,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar