GFR PREZIDENTI O'ZBEKISTONGA KELDI

123

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer 27 may kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.



Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Frank-Valter Shtaynmayer shu kuni o'zi uchun ajratilgan qarorgohda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Toshkentdagi Gyote instituti, Konrad Adenau­­er va Fridrix Ebert nomidagi jamg'armalar, Germaniya akademik almashuvlar xizmati (DAAD) kabi institutlar vakillari bilan uchrashdi.
Tashrifning asosiy voqealari 28 mayga mo'ljallangan.
Davlat rahbarlari siyosiy, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollarini, shuningdek, O'zbekiston – Yevropa Ittifoqi formati doirasidagi aloqalarni muhokama qiladilar.
Muloqot chog'ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashish ko'zda tutilgan.
Muzokaralar yakuni bo'yicha iqtisodiyot, moliya, ta`lim, sog'liqni saqlash va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ikki tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratilgan hujjatlar imzolanishi mo'ljallanmoqda.
Tashrif asnosida Frank-Valter Shtaynmayer O'zbekiston va GFRning yetakchi kompaniya va banklari, yurtimizdagi fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashishi, qator sanoat korxonalari va madaniy muassasalar bilan tanishishi rejalashtirilgan.
Germaniya Prezidenti Xorazm viloyatida bo'lib, Urganch davlat universiteti professor-o'qituvchilari va talabalari bilan uchrashadi, Xiva shahridagi osori atiqa va madaniy-me`moriy obidalarni tomosha qiladi.

O'zA

Boshqa xabarlar