Kasaba uyushmasisiz tashkilot

137

Mehnat muhofazasi va xodimlar himoyasi kimning mas`uliyatida?

«Ishonch» gazetasida e`lon qilingan «Yo'q» deyish «san`ati» yoxud «Shum bola»ning yonini kim oladi?» sarlavhali maqolani o'qib, ko'nglimizdagi gaplar yozilganiga amin bo'ldik. Bu masaladagi javobsiz murojaatlar,«rahbarsiz hal etolmayman»,«ma`muriyatdan hech kim yo'q» qabilidagi vajlarga barcha joyda duch kelish mumkin.

Misol uchun, Asaka tumanida ham 200-400 dan oshiq xodimlar ishlaydigan yirik korxonalarda xoh ishoning, xoh ishonmang kasaba uyushmasi tashkiloti tuzilmagan. Negaki, kasaba uyushmasi tashkiloti tuzish haqidagi taklif bilan chiqilganda, rahbar«ishchilarimga barcha narsani o'zim qilib beraman» yoki«kreditlarimni yopyapman» («Asakatekstil» MChJ), ish yurituvchi yoki yordamchilar bilan uchrashganingizda esa, albatta, rahbari rozi bo'lmagani yoki u uzoq safarda ekani («Forall Texstil» MChJ) haqida javob olasiz.
To'g'ri, kasaba uyushmasi xizmatiga jalb qilish ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi. Lekin ko'pincha ish beruvchilar Mehnat Kodeksi 177-moddasining mazmun-mohiyatini to'liq tushuna olmaydilar. Ushbu moddada ish beruvchi ishlovchi xodimlar mehnatini tashkil qilishi, ularga qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoit­larini yaratib berishi, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilab borish uchun jamoa shartnomasini tuzishi shartligi belgilab qo'yi­lgan. Jamoa shartnomalari korxonada, albatta, kasaba uyushmasi yoki ishlovchilarning boshqa vakillik organi bilan tuziladi. Tuzilgan jamoa shartnomalari orqali xodimlarga barcha zarur imtiyozlar, kafolatlar yaratiladi.
Hozir joylarda ko'p­lab xususiy korxona, tashkilotlar paydo bo'lmoqda. Ularda ishlovchi xodimlarga mehnat sharoiti yaratib berish ish beruvchining vazifasiga kiradi. Bunday vaziyatda kasaba uyushmasi ish beruvchining joniga ora kiradi, ya`ni xodimlarning mehnat muhofazasi va ijtimoiy himoyasi ta`minlanishiga erishiladi. Shunday ekan, kasaba uyushma faollari bu borada targ'ibot-tashviqot ishlarini yanada kuchaytirishimiz, o'z vazifamizni sidqidildan bajargan holda xodimlarning ishonchli vakiliga aylanishimiz zarur.

S.XAYITOV,
ASM xodimlari kasaba uyushmasi Asaka tumani kengashi raisi

Boshqa xabarlar