Ramazon hayitini nishonlash to'g'risida

100
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Butun musulmon ahli uchun muqaddas ayyom – muborak Ramazon hayitining xalqimiz hayotidagi beqiyos o'rni, jamiyatimizda o'zaro hurmat, mehr-oqibat, saxovat va shukronalik kabi olijanob qadriyatlarni qaror toptirishdagi ulkan ahamiyatini inobatga olib hamda milliy-diniy an`analarimizni asrab-avaylash va ulug'lash maqsadida:
1. O'zbekiston musulmonlari idorasining 2019 yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 5 iyun – chorshanba kuniga to'g'ri kelishi haqida qabul qilgan qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2019 yil 5 iyun Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 noyabrdagi “2019 yilda rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo'shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va dam olish kunlarini ko'chirish to'g'risida”gi PF-5574-sonli Farmoniga muvofiq 1 iyun – shanba kuni 6 iyun – payshanba kuniga ko'chirilgani ma`lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O'zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo'llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg'armasi, Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha Respublika kengashi va boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda Ramazon hayitining joylarda tartibli hamda xalqimizning milliy va diniy an`analariga munosib tarzda, yuqori darajada o'tishi uchun tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon hayitini nishonlash bilan bog'liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O'zbekiston Respublikasi
Prezidenti                                                                   Sh.MIRZIYoEV
Toshkent shahri,
2019 yil 30 may

 

Boshqa xabarlar