Memorandum imzolandi

147

O'zbekiston va Tojikiston o'rtasidagi munosabatlar ko'p asrlik tarixga ega. O'zbek va tojik xalqlarini umumiy tarix, yaxshi qo'shnichilik, o'zaro hurmat va ishonch, o'xshash an`analar birlashtirib turadi. Ikki qo'shni davlat o'rtasidagi munosabatlarning iliqlashishi, chegara nazorat punktlarining ochilishi, davlatlarimiz o'rtasidagi temir yo'l va aviaqatnovlarning tiklanishi xalqlarimizni yangi marralarga undamoqda.

Ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi munosabatlar o'zaro hurmat, ishonch, konstruktiv muloqot, mavjud muammolarni hal qilishda hamfikr­likka asos­langan bo'lib, bu ko'p qirrali va o'zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga yangi turtki bermoqda.
Ana shunday samarali hamkorlik bugun kasaba uyushmalari tizimida ham tobora mustahkamlanmoqda.
Joriy yilning 27-30 may kunlari Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida Xalqaro davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmalari Federasiyasi kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Anjuman yakunida O'zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamda Tojikiston davlat, jamoat va bank muassasalari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika qo'mitasi o'rtasida anglashuv va hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Tomonlar o'zaro tenglik va hurmat prinsiplari asosida kasaba uyushmalari a`zolarining mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini munosib himoya qilish borasidagi aloqalarni mustahkamlashni hamkorlikning asosiy yo'nalishi sifatida qayd etdilar.
Shuningdek, Memorandum doirasida har ikkala tomon ishchi delegasiyalarining muntazam tashriflarini, hamkorlikda dolzarb mavzularda konferensiya, forum, seminar, simpoziumlar, davra suhbatlarini, kasaba uyushmalari a`zolarining O'zbekis­ton va Tojikistonning diqqatga sazovor va tarixiy maskanlariga turistik sayohatlarini tashkil etish, MDH va butun dunyoda kasaba uyushmalari harakatini hamda nufuzli xalqaro kasaba uyushmalari tashkilotlarida har ikkala tomon manfaatlarini o'zaro qo'llab-quvvatlashga kelishib oldilar.

Mansurjon MAHBUBOV,
O'zbekiston davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari
kasaba uyushmasi Respublika
kengashining tashkiliy ishlar
bo'yicha bosh mutaxassisi

Boshqa xabarlar