Bema`ni hazilning tagi zil

353

Ishdan kelib, televizorni yoqdim. «Zo‘rTV»da «Xafa bo'lish yo'q» bo'layotgan ekan. Avvaliga tushunmadim: odamlar oyoq kiyimlarini yechib, qanaqadir chiziqlarni bosib o'tishdi, rol o'ynayotganiga ishongan bir aktyor o'zi bilmagan holda «chuv tushdi»…

To'g'ri, ko'ngilochar dasturlar kerak. Ayniqsa, ishdan charchab kelganda, oila davrasida tomosha qilish kishiga rohat bag'ishlaydi. Lekin orasida dilni xira qiladiganlari ham yo'q emas-da. Ulardan biri, aynan mana shu – «Xafa bo'lish yo'q».
Nega deysizmi?
Auditoriya to'plash ilinjida ko'ngilga kelgan ishni qilish, aktyorlar bolalarini o'g'rilash, odam yollab urishtirish, yolg'on s`yomkalar, soxta epizodlar, hattoki, o'lim holati ham kulgili tarzda davom etishi va biz uni oilamiz bilan muntazam ko'rishimiz salbiy oqibatlarga, ya`ni loqaydlik va beparvolikka olib kelmasmikan!?
Bunday lavhalarning berilishi aslida yaxshi holat emasligi barchaga ayon haqiqat-ku.
O'sib kelayotgan yosh avlodga uning ta`sirini o'ylagan borki, xavotirga tushmasdan iloji yo'q. Ular o'qib-o'rganish o'rniga do'st-birodarlarni aldash, qo'pol va bema`ni hazillar, soxtalik kabi illatlarni o'zlariga odat qilib olmasmikan?
Ijtimoiy ongning o'zgarishi, tafakkurning sog'lomlashuvi, milliy qadriyatlar asosida emas, mana shunday ko'rsatuvlar asosida tarbiyalangani esa dahshatning o'zi emasmi?
Bunday ko'rsatuvlardan ma`naviy saboq olishni-ku, xayol qilmasak ham bo'ladi. Eng yomoni, qitmirlik, yolg'onchilik, aldovni o'rnak qilib qo'ymayapmizmi? Bu g'oyalardan zerikkan bolalar oson ishlarni topishga harakat qilib, mana shunday yolg'onchilik debochasi bo'lgan ko'rsatuvlardagi holatlarni sodir qilishga urinmaydi, deya ayta olamizmi? Bunday lavhalar ularning ma`naviy doirasi o'zgarishiga ko'zgu bo'lib qolmayaptimikan! Qitmir, mug'ombir, aldoqchi bo'lib o'smasligiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Bu lavhalar hazil-ku, bolalar buning yolg'onligini bilishadi va shunchaki dam olish uchun ko'radi, dersiz. Ammo, shuni unutmangki, bunday voqealar istaymizmi, yo'qmi ularning ongi ostida qoladi va qachondir o'z ta`sir kuchini ko'rsatadi.
Odatda, namunali va o'rnak bo'ladigan voqealar ommaga tat­biq etiladi. Birovni aldab kulgu yasashning – bu bema`ni hazilning tagi zildir.
Darvoqe, xafa bo'lish yo'g'-a?!

Shahnoza AHMEDOVA,
O'zbekiston davlat jahon
tillari universiteti
talabasi

Boshqa xabarlar