Kimyoviy tahlilda tengsiz

129

«Farg'onaazot» AJda o'tkazilgan «Eng yaxshi yosh ishchi kasb egasi» tanlovining «Kimyoviy tahlil laboranti» nominasiyasi bo'yicha res­publika tarmoq bosqichida yurtimizdagi yetakchi kimyoviy korxonalarda faoliyat olib borayotgan yosh, iqtidorli mutaxassislar va kasb-hunar kolleji o'quvchilari bellashdi.

– «Kimyoviy tahlil laboranti» tanlovi ilk marotaba o'tkazilmoqda, – dey­di Kimyo va farmasevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisi Mavjuda Xalilova. – Maqsadimiz yoshlarning iste`dodini namoyish qilish, tanlagan kasb va ixtisosliklarini chuqur o'rganishga qiziqishini kuchaytirish, qolaversa, sohada umidli yosh mutaxassislarni kashf etish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlashdan iborat.
O'n nafar ishtirokchi nazariy va amaliy sinovlar jarayonida kasbiy bilim va ko'nikmalarini namoyish etishdi. Yakuniy natijaga ko'ra, «Farg'onaazot» AJ markaziy kimyoviy laboratoriyasi laboranti Umidaxon G'ufurova 1-, «Navoiyazot» AJ laboranti Lobar Rahmonova 2-, «Maksam-Chirchiq» AJ laboranti Zilola Usmonova 3-o'rinni egallashdi.
– Men ishlayotgan markaziy ­kimyoviy laboratoriya korxonamizning yuragi hisoblanadi, – deydi tanlov g'olibi U.G'ufurova. – Ayni paytda u yerda 86 nafar laborant ishlaydi. Barchasi menga ustoz. Ulardan o'rgangan bilimlarim tufayli bugun g'olib bo'ldim. Bu kabi tanlovlar kasb mahoratimizni yanada oshirishga xizmat qiladi.
G'oliblar tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashining qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi.

Jamshid ERGAShEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar