Nur va baraka fasli

100

Muborak Ramazon oyi ozod va obod diyorimizga mag'firat nurlarini ziyoda qildi, dillarimizni zikr, tasbeh, Qur`on tilovati bilan yayratdi.

Bu yil Ramazon oyi har yilgidan-da fayzli va barakotli.
Biz mamnunmizki, mamlakatimizda ibodat qiluvchilar uchun barcha taqiqlar bekor bo'ldi. Ramazon oyining taroveh namozlarida xatmi Qur`on qilinishiga ibodat qiluvchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Muqaddas oy oldidan tozalik, obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Taroveh namozlari masjid hovlisi va maydonlarida o'qildi.
Ushbu oy saxovat, bag'rikeng­lik, toat-ibodat, qut-baraka, baxt-saodat oyi ham deyiladi. Ramazonda payg'ambarimiz (s.a.v) har damgidan ko'proq saxovat qilar ekan. Biz rasuli akram (s.a.v)dan o'rnak olib, ramazon kunlari oilamizga, qarindosh-urug'larga, mahallamizdagi beva-bechoralarga, kam ta`minlangan qariyalarga qo'limizdan kelganicha moddiy yordam berishga harakat qildik, bemorlarni borib ko'rdik.
Muhtaram Prezidentimizning «Qur`onni eshitish, eshita olish yuksak ma`naviyat, ma`rifat. Qur`on hech qachon yomonlikka da`vat qilmaydi. Agar Qur`oni karimni eshita olsak, eshittira olsak, bu muvaffaqiyat bo'ladi. Elimizga nur, baraka keladi», degan da`vatlari barchamizning qalb amrimizga aylandi.
Yurtimizning hamma masjidlarida ramazon oyining fayzli kechalarida taroveh namozlarida xatmi Qur`on qilindi. Biz xatmi Qur`onlar so'ngida Vatanimizning tinchligi, osmonimiz musaffoligi, xalqimizning farovon turmushi, jannatmonand yurtimizning bundan-da gullab-yashnashini, mana shu dorilamon kunlarga yetishimizga sabab bo'lgan insonlarning umrlari uzun bo'lishini so'rab duolar qildik.
Muborak Ramazon kunlari amalga oshirilgan «Mehr» operasiyasida 150 dan ziyod vatandoshlarimiz, ojiza ayollar va norasida bolalarning qonli hududdan osuda makonga, farovon hayotga, ona Vatanga qaytarilishi eng xayrli ishlardan bo'ldi.
Kechirimlilik, bag'rikenglik azaldan xalqimizga xos xislat sanaladi. Zero, adashgan bandalarni to'g'ri yo'lga bosh­lash eng savobli amallardandir. Ayniqsa, bolalarning jaholat qurboniga aylanishdan saqlab qolingani barcha mo'minlarni mamnun qildi.
Ramazon oyi ana shunday ulug' fazilatlari bilan barchaga ezguliklar, hidoyat va mehr ulashmoqda.

O'ktam QURBONIYoZOV,
Amudaryo tumani «No'g'oy eshon»
jome masjidi imom xatibi

Boshqa xabarlar