ODAMLAR BUGUNIDAN MAMNUN BO'LIB, ERTANGI KUNIGA IShONCh BILAN YaShAShI KERAK

130

Nurafshon shahrida 3 iyun kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida Toshkent viloyati faollari, hokimlar va sektorlar rahbarlari, vazirlik va idoralar mutasaddilari ishtirokida yig'ilish bo'lib o'tdi.

Davlatimiz rahbari o'zi bevosita joylarga borib, rahbarlarni yuborib, eng dolzarb masalalar hal qilinayotgani, hamma joyda o'zgarish bo'layotgani, lekin Toshkent viloyati «uyg'onmayotgani»ni ta`kidladi.
Vaqt shiddat bilan o'tyapti. Har bir kun, har bir daqiqa g'animat. Biz siyosatni belgilab, yangi-yangi imkoniyatlar yaratyapmiz. Mutasaddilar qattiq talab qilib, quyi tizimdagi rahbarlar jon kuydirib ishlab, natijani ta`minlashi kerak. Odamlar quruq gapni ko'tarmaydi. Toshkent viloyatida esa jonlanish kuzatilmayapti. Qani raqobat, qani ilm, qani natija, qani tashabbus, deya murojaat qildi Shavkat Mirziyoev yig'ilish ishtirokchilariga.
Katta iqtisodiy salohiyat mavjud bo'la turib, viloyatdagi rezerv va imkoniyatlar to'liq ishga solinmayotgani, sanoat sohasi hanuzgacha bir nechta yirik korxona bilan cheklanib qolayotgani ko'rsatib o'tildi. Bo'ka, Pskent, Parkent, Ohangaron, Bekobod, Quyi Chirchiq, Oqqo'rg'on va Chinoz tumanlarida sanoat rivoji ko'rsatkichlari pastligicha qolmoqda. Quyi Chirchiq, Bekobod, Ohangaron, Pskent va Bo'ka tumanlarida aholi jon boshiga xizmat ko'rsatish hajmi mamlakat bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichdan 2-3 barobar kam.
Yig'ilishda tadbirkorlik va qishloq xo'jaligi, bandlik, ijtimoiy sharoitlarga doir dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Prezident Toshkent viloyati iqtisodiyotini rivojlantirish, yangi korxonalar va ish o'rinlari yaratish bo'yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.
2019-2020 yillar uchun umumiy qiymati 39 trillion 833 milliard so'mga teng 784 investisiya loyihasidan iborat yangi hududiy dastur shakllantirilgani qayd etildi. Ularning 15 tasi davlat ahamiyatiga ega yirik loyiha bo'lsa, 769 tasi xususiy biznes va investorlar ishtirokida amalga oshiriladi.
Ro'yxatdan o'tgan kichik biznes sub`ekt­larining 17 foizi ishlamayotgani, Ang­ren shahri va Chinoz tumanida bu ko'rsatkich 30-33 foizga chiqib ketgani tanqid qilindi. Ularning faoliyatini tiklash, o'z biznesini boshlamoqchi bo'lgan oilalarga «Har bir oila – tadbirkor» das­turi doirasida joriy yilda 350 milliard so'm miqdorida imtiyozli kreditlar ajratish bo'yicha topshiriq berildi. Talab bo'lsa, yana qo'shimcha mablag' ajratiladi.
Nima uchun oilaviy tadbirkorlik, uylarda parrandachilik, chorvachilik, tomorqachilik bo'lsin, deyapmiz? Odamlarning daromadi oshishi, to'lov qobiliyati yuqori bo'lishi kerak, dedi davlatimiz rahbari.

«Angren» erkin iqtisodiy zonasida 470 gektar va «Bo'stonliq-farm» zonasida 20 gektar maydon hanuzgacha loyihalar bilan to'ldirilmagan. Shu sababli «Angren» erkin iqtisodiy zonasi Janubiy Koreyaning «Inchon» erkin iqtisodiy zonasiga ishonchli boshqaruvga berilgani ma`lum qilindi.
Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, viloyat hokimining investisiyalar bo'yi­­cha o'rinbosariga viloyatdagi 20-30 tadbirkorni tanlab, Koreya Respublikasiga xizmat safarini tashkil etish vazifasi topshirildi. Tadbirkorlar «Inchon» erkin iqtisodiy zonasi faoliyati bilan bevosita tanishadi.
Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatidagi ijtimoiy va kommunal sohalarga oid masalalarga alohida e`tibor qaratdi.
Viloyatda aholining atigi 64 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan ta`minlangani jiddiy muammo. Bu – hisobot ko'rsatkichi. Amalda bu raqam 40-50 foiz. Bo'ka, Quyi Chirchiq, O'rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlari va Nurafshon shahrida 30 foizga ham bormaydi. Shunday sharoitda rahbarlar qanday qilib kabinetda xotirjam o'tiradi, dedi Shavkat Mirziyoev.
Bu muammoni hal etish maqsadida joriy yilda 440 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari va 301 ta suv inshootida qurilish-ta`mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan. Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi 144 million dollarlik ushbu loyihaning birinchi bosqichi doirasida qurilish ishlari bosh­lab yuborilgan.
Viloyatda dolzarb bo'lgan yana bir muammo ekologiya bilan bog'liq. Toshkent shahridagi maishiy chiqindilar tashlanadigan Ohangaron tumanidagi poligon 98 foizga to'lgan. Uni yopib, yangisini qurish kerak. Bu tozalik, aholi salomatligini ta`minlash uchun muhim ahamiyatga ega, dedi davlatimiz rahbari.
Ichimlik suvi, oqova tizimi ob`ektlari bilan birga umumiy o'rta ta`lim va sog'liqni saqlash, avtomobil yo'llari bilan bog'liq muammolarni tezkor hal qilish bo'yicha topshiriqlar berildi. Buning uchun qo'shimcha ravishda 1 trillion 100 milliard so'm mablag' ajratilishi ma`lum qilindi.
Prezidentimiz Nurafshon shahrida bosh reja asosida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik loyihalari bilan tanishdi.
Bu shahar 2017 yili Toshkent viloyati ma`muriy markaziga aylantirilib, mas`ul idora va tashkilotlar shu yerga ko'chirildi, ularga zarur shart-sharoit yaratilmoqda. O'tgan yili shaharning bosh rejasi ishlab chiqildi.
Yangi ma`muriy markazda aholi uchun barcha shart-sharoit­larni yaratish, infratuzilma va kommunikasiyalarni yangilash, poytaxtimizda boshlangan bunyodkorlik jarayonini viloyat markaziga ham keng yoyish maqsadida 246 gektar maydonda «Smart sity» qurish loyihalashtirilmoqda.
To'liq aqlli texnologiyalarga asoslanadigan ushbu «aqlli shaharcha» uch bosqichda barpo etiladi. Birinchi bosqichda jami 1792 kvartirali to'qqiz va o'n ikki qavatli uylar quriladi. Yangidan qad rostlaydigan Nurafshon universiteti yoshlarning zamonaviy kasb-hunar egallashiga zamin yaratsa, yopiq sport majmuasida badiiy gimnastika, tennis, kurash va qilichbozlik kabi sport turlari bo'yicha yirik musobaqalar o'tkaziladi.
Shavkat Mirziyoev yaqinda poytaxtimizdagi Chilonzor tumanining Bog'iston ko'chasida qurilayotgan 9 qavatli uylar bilan tanishish chog'ida bunday turar joylarni viloyat markazlarida ham barpo etish zarurligini ta`kidlagan edi. Ushbu tavsiya asosida Nurafshonda 21 ta shunday uy qurish bo'yicha loyi­­ha ishlab chiqildi. Shuningdek, 360 o'rinli bog'cha, 1 ming 200 o'rinli maktab, madaniy-maishiy ob`ektlar, dam olish hududlari barpo etiladi.
Nurafshon mamlakatimizda shaharsozlik bo'yicha yangi taj­riba maydoni bo'lmoqda. Bu yerdagi shart-sharoit, ijtimoiy soha ob`ektlari Toshkentdagidan kam bo'lmasligi, aksincha, raqobatlashadigan bo'lishi kerak. Albatta, buning uchun har bir loyihani puxta ishlash, uzoqni ko'zlab ish tutish kerak, dedi davlatimiz rahbari.
Nurafshonda kanalizasiya tarmog'i umuman talabga javob bermas edi. Mavjud tozalash inshooti butun shaharni qamrab ololmaydi. Shu bois qurilish davomida muhandislik kommunikasiyalari butunlay yangilanadi.
Shaharning markaziy Toshkent yo'li ko'chasi ham yangidan barpo etilmoqda. Ko'cha bo'yidagi bir qavatli eski imoratlar o'rnida 7 va 9 qavatli uylar, servis shoxobchalari, salomatlik markazlari, gipermarketlar qurilishi boshlangan. Har bir bino oldida avtomobil to'xtash joylari bo'lishi ko'zda tutilgan.
To'rt polosali magistral avtomobil yo'li bilan birga ichki yo'l ham qurilyapti. Velosiped va piyodalar yo'lakchalariga joy ajratilgan. Irrigasiya tarmoqlari uchun yangi turdagi yopiq lotoklar o'rnatilib, ko'cha bo'ylari ko'kalamzorlashtirilmoqda.
Toshkent yo'li ko'chasida tirbandlikning oldini olish maqsadida shaharning kirish qismidan «Smart sity» markaziga boradigan yangi 4 kilometrlik ko'cha qurilishi rejalashtirilgan.
Ayni paytda aholini ish bilan ta`minlash maqsadida zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari barpo etish uchun 100 gektarlik texnopark yaratish bo'yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.
Prezidentga viloyat aholisini ichimlik suvi bilan ta`minlash loyihalari ham taqdim qilindi. Davlatimiz rahbarining topshiriqlari asosida 2022 yilga borib, viloyat aholisining ichimlik suvi bilan ta`minlanish darajasini 92 foizga yetkazish imkonini beradigan ushbu loyi­halar uchun xalqaro moliya institutlarining mablag'lari jalb etiladi.
O'rta Chirchiq tumanidagi 50 gektar maydonda innovasion savdo majmuasi qurilishi mo'ljallanmoqda. Loyi­­ha qiymati 50 million dollar bo'lgan majmuada 5 mingta do'kon joylashadi, 10 mingdan ziyod ish o'rni yaratiladi. 2021 yilda ishga tushiriladigan maj­muada nooziq-ovqat mahsulotlari, maishiy tovarlar, qurilish materiallari savdosi yo'lga qo'yiladi.
Shavkat Mirziyoev Toshkent viloyati mamlakatimizning muhim logistika markazi ekanini, yirik savdo va xizmat ko'rsatish majmualarini qurishda hududning shu imkoniyatini e`tiborga olish lozimligini ta`kidladi. Har bir loyi­hani sifatli va o'z muddatida amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Ziyodulla JONIBEKOV,
Matnazar ELMURODOV,
O'zA maxsus muxbirlari

 

Boshqa xabarlar