Sadaqa va tilanchilik

146

Mollarini kechasi-yu kunduzi yashirin va oshkora nafaqa qiladiganlarning ajrlari Robblari huzuridadir. Ularga xavf yo'q va ular mahzun ham bo'lmaslar.

«Kechasi-yu kunduzi» deyishdan murod hamma vaqt nazarda tutilmoqda, «mollarini» degan so'z zamirida esa hamma turdagi mollar va hamma turdagi ehson qiluvchilarga ishora bor.
«Mollarini kechasi-yu kunduzi yashirin va oshkora nafaqa qiladiganlarning ajrlari Robblari huzuridadir».
Ularning ajrlari eng oliymaqom joyda – Robblari huzurida ekani ta`kidlanmoqda. Bas, shunday ekan, mo'min-musulmonlar yuqorida vasf qilingan kishilardan bo'lish uchun harakat qilmoqlari lozim. Chunki:
«Ularga xavf yo'q va ular mahzun ham bo'lmaslar».
Ha, bunday kishilarga oxiratda xavf yo'q va bu dunyoda qilgan ishlariga xafa ham bo'lmaydilar.
Islom tuzumi, avvalo, ishga qodir bo'lgan har bir insonning osonlik bilan halol rizq topishini ta`minlaydi. Lekin inson hayoti doimo birdek kechavermaydi, turli favqulodda holatlar, kutilmagan hodisalar oqibatida ba`zi kishilar noqulay iqtisodiy holatga tushib qoladilar. Bunday holatlar sadaqa, xayr-ehson yo'li bilan muolaja qilinadi. O'ta boy kishilardan ma`lum miqdordagi mol-u mulk zakot sifatida farz hukmi ila olinib, haqdorlarga tarqatiladi.
So'ngra qodir bo'lgan barcha kishilarni ixtiyoriy sadaqa qilishga targ'ib qilinadi.
Shu bilan birga, muhtojlarni ham odob doirasidan chiqmaslik, yuqoridagi oyatda aytilganidek, xiralik bilan odamlardan tilanchilik qilmasdan, iffatli-qanoatli bo'lishga chaqiriladi.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi qilgan rivoyatda Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilarki: Payg'ambar alayhissolatu vassalom: «Bir-ikki xurmo yoki bir-ikki luqmani olib, qaytadigan miskin emas, iffatli bo'lib turgan mis­kindir, xohlasangiz, «Odamlardan xiralik qilib so'ramalar» oyatini o'qing», – dedilar.
Imom Ahmad ibn Hanbal roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg'ambarimiz alayhissolatu vassalom:
– Kim o'zida yetarli narsa bo'la turib, odamlardan tilansa, qiyomat kuni tilanchiligi yuzida tirnalish bo'lib keladi, – dedilar. Odamlar:
– Ey Allohning Rasuli, yetarli narsa qancha? – dedilar. U zoti bobarakot:
– Ellik dirham, – dedilar.
Shundan kelib chiqib, «Etarli narsasi bor odamga tilanchilik qilish harom» degan hukm chiqarilgan.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(«Tafsiri Hilol» kitobidan)

Boshqa xabarlar