Xalqaro forum yoshlarni chorlaydi

175

Joriy yilning 22-28 iyun kunlari Kasaba uyushmalari yoshlarining «TEMP – 2019» Toshkent xalqaro forumi bo'lib o'tadi.

Mazkur anjuman jahon va O'zbekiston kasaba uyushmalarining yosh faollarini yurtimizdagi keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, unda kasaba uyushmalarining ishtiroki, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, qo'llab-quvvatlash yo'lidagi ishlar hamda milliy mahsulotlarimiz bilan tanishtirishni maqsad qilgan.
Nufuzli tadbirda 20 ta davlatdan 100 nafar yosh, 100 nafar O'zbekis­ton kasaba uyushmalari yosh faollari – jami 200 nafar ishtirokchi qatnashishi ko'zda tutilmoqda.
Forum dasturidan ishtirokchilarni mamlakatimizdagi salohiyatli korxonalar, milliy hunarmandchilik, shuningdek, Toshkent, Samarqand shaharlarining tarixiy obidalari, diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirish, ularning yosh sportchilar, jahon va olimpiya chempionlari bilan uchrashuvini tashkil etish joy olgan.
Forum doirasida «Mamlakat ijtimoiy rivojlanishida kasaba uyushmalari yoshlarining o'rni: O'zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» xalqaro ilmiy anjumani tashkil etiladi.
Unda ishtirokchilar mamlakatimiz kasaba uyushmalari tizimida yoshlar bilan ishlash bo'yicha yaratilgan o'ziga xos mexanizm, kasaba uyushmalarining barcha bo'g'inlarida yoshlar masalasi bilan shug'ullanuvchi tuzilmalar faoliyati bilan yaqinroq tanishadi.
Tadbirlar davomida ishtirokchilarga mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyati va kasbiy ko'nikmalarini rivojlantirish, bandligini ta`minlashga ko'maklashish maqsadida olib borilayotgan ishlar ham tanishtiriladi. Bunda kasaba uyushmalari tashabbusi bilan tashkil etilayotgan «Mening kelajakdagi ish joyim» aksiyasi, «Kasaba uyushmalari stipendiyasi», «Eng faol yosh ishchi kasb egasi» tanlovining mazmun-mohiyati ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otishi shubhasiz.
Shuningdek, Prezidentimiz tomonidan yoshlarga e`tiborni kuchaytirish, yosh avlodni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to'g'ri foydalanish ko'nikmasini shakllantirish, yoshlar o'rtasida kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta`minlash bo'yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashab­bus berayotgan samaralar bilan forum qatnashchilari keng tanishtiriladi.
Kasaba uyushmalari yoshlarining «TEMP – 2019» Toshkent xalqaro forumi ishtirokchilarda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e`tibor, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar, bu jarayonda yurtimiz kasaba uyushmalarining tutgan o'rni, qolaversa, Vatanimizning ko'hna o'tmishi va boy madaniyati haqida yorqin tasavvur uyg'otishi bilan jiddiy ahamiyat kasb etishiga shubha yo'q.

To'lqin ShERNAEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar