O'rnak

124

Ertalab Qobilboy boshining lo'qqillab og'rishidan uyg'ondi. Ulfatlari bilan tun yarmigacha o'tirgani, sarxush bo'lib uyga qaytayotgani… Shundan bosh­qasini eslay olmadi…
Tashqariladi. Hovlidagi muzdek suvda qayta-qayta yuz-qo'lini yuvib, uyga kirdi. Oshxonadagi choynakdagi sovuq choyni simirgach, biroz o'ziga kelganday bo'ldi.

Shunda… Dasturxon boshida mung'ayib o'tirgan onasiga ko'zi tushdi. Tili zo'r-bazo'r aylanib, «ona, yaxshimisiz», dedi.
Onasi javob bermadi. Yo xo'rsindi, yo chuqur nafas oldi, bilmay qoldi. Ko'rgani onasining yelkalari biroz ko'tarilib tushgani bo'ldi.
Ne deyarini ham, ne qilarini ham bilmagan Qobilboy yana hovliga chiqdi. So'riga o'tirib, o'ylandi. Onasi bilan qachon yozilib gaplashgan edi-ya?
Keyin ko'z o'ngida bundan bir yarim oycha burun onasining kichik qizi O'g'iloyni erkalab, kulib turgani namoyon bo'ldi. Bir yarim oycha oldin mast bo'lib kelgancha, «uch qizdan so'ng yana qiz tug'ding», deya xotinini onasinikiga haydab yuborgan. «Bolam, bu nima qilganing» deya unga yopishgan onasini ham siltab tashlagandi.
Demak, shundan buyon…
Shu alfozda uzoq o'tirdi xayolga botib… Xayolini esa inidan chiqib kelib kerishgan olapar to'zitdi. Olapar xotirjam qarab turar edi. Ortida esa kuchukchasi…
Iya. Axir, buni bir hafta burun, qo'shni qishloqda yashovchi oshnasiga bervorgandi-ku… Shundan keyin Olapar kechasi bilan g'ingshib chiqqan va ko'rinmay qolgandi.
«Topib, olib kelibdi-da». Onasining oyoqlari orasiga kirib, erkalanib-o'ynayotgan kuchukchaga qarab qoldi. O'sha Olaparning o'ziga o'xshagan, tug'ilganidan ­boshlab qizlarining ovunchog'iga aylangan kuchukcha…
«Ey qoyil! Qanday topib keldi, ekan».
Shunday deya kuchukchani qo'liga oldi. Mayin junlaridan silab onasining yoniga qo'yib yubordi. Uning onasiga talpinishi, onasining mehr bilan yalab-yulqashini kuzatar ekan, birdan ko'ngli allanechuk bo'lib ketdi…
Ko'z oldiga qizlari keldi. Sog'inibdi…
«Olib kelaman». Shunday azm-u qaror bilan tashqariga yo'naldi. Oshxonada onasi boya ko'rganida qanday o'tirgan bo'lsa, shu ko'yi o'y surib o'tirardi.
… Jajji qizaloqlar uyga kirib kelishlari bilan hovli quvonchga to'ldi, ular so'rida o'tirgan buvilari bag'riga singib ketganday bo'lishdi. So'ng biri qo'yib ikkinchisi Olaparni quchoqlab erkaladilar, kuchukcha esa qizlarning qo'lidan tushmay qo'ydi.
Hamma xursand edi. Ona ham, Olapar ham…

Xolmo'min YoDGOROV

Boshqa xabarlar