Hayajon cheksiz, ruh ko'tarinki

28

Yurtimizning so'lim go'shalarida joylashgan qator bolalar sog'lomlashtirish oromgohlari yozning ilk kunlaridan dam oluvchilarni qabul qilishni boshladi. Xususan, Toshkent Janubiy vokzalida shahar kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi faollari Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi «West Camp» oromgohida hordiq chiqarish maqsadida kelgan Orolbo'yi hududida yashovchi o'g'il-qizlarni tantanavor tarzda kutib olishdi.

Qoraqalpog'istonlik 150 nafar o'quvchi murab­biylari hamrohligida Qo'ng'irot – Toshkent yo'nalishidagi poezddan birin-ketin tushib kelishdi. Karnay-surnay sadolari oromgoh quchog'ida kechadigan zavqli damlar ta`sirida bo'lgan bolajonlarning kayfiyatini yanada ko'tarib yubordi. Yuz-ko'zida xursandchilik, haya­jon ifodasi barq urgan o'g'il-qizlarning shodon kulgulari atrofni tutdi.
– Bu kunni juda intiq kutgandim, quvonchimning cheki yo'q, – deydi Taxtako'pir tumanidagi 8-maktabning 6-sinf o'quvchisi Sabirbay Baymirzaev. – Ikki yil avval «Konstruktor» oromgohida dam olib, bir olam taassurot bilan uyga qaytgandim. Ushbu dam olish maskanida turli xil yo'nalishdagi to'garak mashg'ulotlari, madaniy tadbirlar va sport musobaqalari bir zum ham zerikishimizga imkon bermadi. Ayniqsa, xushmanzara tabiati, musaffo havosidan bahra olib yayraganmiz. Bu gal taassurotimiz yanada ­boyiydi, degan umiddaman.
– Shumanay tumanidagi 5-maktabda o'qiyman, – deya o'zini tanishtiradi Izol­­da Begmanova ismli qiz. – Bunday uzoq yo'lga birinchi marta chiqishim edi. Charchab, zerikib qolsam kerak, deb o'ylagandim. Poezdda kela-kelguncha yurtimiz manzaralarini tomosha qilib, charchog'im unutildi. Do'stlarimiz bilan she`r-u qo'shiq aytishib, manzilga yetib kelganimizni sezmay qoldik. Oromgohda yangi do'stlar orttirib, birgalikda miriqib dam olish onlarimizni hayajon bilan kutyapman.
– 60 nafar boladan iborat guruhga 2 nafar murabbiy biriktirilganmiz, – deydi Qo'ng'irot tumanidagi 37-maktabning ing­liz tili fani o'qituvchisi Balzada Baxieva. – Bolalarni yaxshi ko'raman, ular bilan ishlash jon-u dilim. Shu bois ham o'qituvchilik kasbini tanlaganman. Oromgohda 15 kun davomida o'g'il-qizlar bilan birga bo'lib, ularning dam olish onlari maroqli va mazmunli kechishiga hissa qo'shishni dilimga tugganman. Qolaversa, «West Camp» ingliz tiliga ixtisoslashgan oromgoh. Bu yerda bolalar bilan ingliz tilida jonli mashg'ulotlarni yo'lga qo'yib, ularga bu tilda ma`lum darajada muloqotga kirishish ko'nikmasini shakllantirish, chet tilini o'rganishga qiziqishini oshirish niyatidaman.
Orolbo'yi hududida yashovchi bolajonlarni mavsum davomida poytaxtdagi korxona-tashkilotlarga qarashli oromgohlarda maroqli dam oldirish rejalashtirilgan. Shu maqsadda yana Xorazm viloyatidan 100 nafar, Qoraqalpog'iston Respublikasidan 310 nafar o'quvchining Parkent tumanidagi «Adventure Time – Cumcha» oromgohiga qabul qilingani ham ­fikrimiz isbotidir.
Ha, bolalikning beg'ubor olamini yanada go'zallikka to'ldirish, farzandlarimizga baxtli damlarni hadya etishdan ulkan savob yo'q.

O'z muxbirimiz

Boshqa xabarlar