Avtomobillarning kunduzgi signal chiroqlari bosqichma-bosqich o'rnatiladi va bu jarayon uchun ma`lum vaqt belgilandi

96
Bu O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 iyundagi 460-son “Yo'l harakati xavfsizligini ta`minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida o'z aksini topdi.
Avtomobil chiroqlari… Bu garchi tunda yo'lni yoritish uchun g'oyat zarur bo'lsa ham hozirgi kunda aynan shu so'zlar tilga olinishining o'ziyoq ko'pchilikda norozilik kayfiyatini uyg'otmoqda. Bunga asosiy sabab avtomobillarning signal beruvchi chiroqlarini kunduz kuni ham yoqib yurish bilan bog'liq yangi qoida amaliyotga kiritilgani bo'ldi.
Yurtdoshlarimiz bu qoidaga qarshi bo'lib, bunga O'zbekistonning iqlim sharoiti, ya`ni yozning jazirama issig'ida kunduz kuni avtomobil chirog'ini yoqib yurish transport vositasining qizib ketishiga, oqibatda turli noxush voqealar sodir bo'lishi mumkinligi aytilmoqda.
Bu masala turli doiralarda muhokamalarga ham sabab bo'ldi. O'zbekiston Respublikasi Bosh vaziri 2019 yil 23 mayda ushbu masalada yangi qaror loyihasini tayyorlash bo'yicha topshiriq ham bergan edi.
Shunga muvofiq, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo'l harakati xavfsizligini ta`minlash bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorning ishlab chiqilishiga asosan nimalar sabab bo'ldi va unda qanday maqsad ko'zda tutilgan?
 
Ushbu savollarga javob olish maqsadida O'zA muxbiri O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po'lat BOBOJONOVga murojaat qildi.
– Avtomobillarda avtomat yonib turadigan kunduzgi signal chiroqlarini o'rnatish va undan foydalanish amaliyoti yo'llarda xavfsizlikni kuchaytirishga qaratilgan amaliy choralardan biridir. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi 292-son qarori bilan kunning yorug' vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilab qo'yildi.
Ammo bu talabning amalga kiritilishi konstruksiyasida kunduzgi signal chiroqlari mavjud bo'lmagan avtomototransport vositalarini ushbu jarayonga tayyorlash (kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlash)da qo'shimcha vaqt zarurligini taqozo etmoqda. Shu bilan birga, mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan barcha avtomototransport vositalariga majburiy texnik talab sifatida ishlab chiqaruvchilar tomonidan avtomat yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlarini o'rnatish talabi belgilanmagani natijasida fuqarolar avtomototransport vositalarini o'zboshimchalik bilan kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlamoqda. O'rnatilayotgan kunduzgi signal chiroqlarining sifatsizligi esa avtomobillarga zarar yetishiga sabab bo'layotir.
Qolaversa, amaldagi Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 128-moddasida tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzgani uchun haydovchilarga eng kam ish haqining ikkidan bir qismi (101 ming 365 so'm) miqdorida jarima solish nazarda tutilgan. Biroq, amalda kunning yorug' vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmagan avtomototransport vositalari haydovchisi ham ushbu norma bo'yicha ma`muriy javobgarlikka tortilishiga sabab bo'lmoqda.
Mana shu jihatlarning barchasi chuqur o'rganilgan holda Hukumatning ushbu sohaga oid yangi qarori tayyorlandi va qabul qilindi.
– Qarorda asosan nimalar nazarda tutilmoqda?
– Qarorga ko'ra, 2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorug' vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanish shartligi bo'yicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2021 yil 1 yanvarga qadar kunning yorug' vaqtida transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda, yo'lovchilarni tashiyotgan avtobus va yo'nalishli transport vositalarida, bolalar guruhini tashkiliy tashishda, xavfli, katta o'lchamli va og'ir vaznli yuklarni tashishda, mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida) hamda motosikl va mopedlarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi zarurligi belgilab qo'yildi.
2020 yil 1 yanvardan quyidagi tartib joriy etiladi:
mamlakatimizda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi;
 
chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlari mavjudligini sertifikasiyadan o'tkazish uchun majburiy texnik talab sifatida belgilanadi.
Bundan tashqari, tegishli vazirlik va idoralar muomalaga chiqarilayotgan g'ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to'g'risidagi umumiy texnik reglamentni mazkur qaror talablaridan kelib chiqib takomillashtiradi.
Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga haydovchilarning kunning yorug' vaqtida transport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmagani uchun javobgarlikni yengillashtirishni nazarda tutuvchi o'zgartirishlar kiritish bo'yicha takliflar ishlab chiqiladi.
– Qaror talablari amaliyotga joriy etilgach, qanday natijalarga erishiladi?
– Yuqorida tilga olingan yangi amaliyotlar joriy etilishi natijasida yo'llarda harakat xavfsizligi ta`minlanishi kuchayadi. Kunduzi signal beruvchi maxsus chiroqlarning belgilangan qoidalar asosida o'rnatilishi, bunga ma`lum vaqt ajratilgani fuqarolar uchun yaratilgan katta qulaylik bo'ldi. Maxsus chiroqlar o'rnatilishi esa o'z-o'zidan issiq kunlari chiroq yoqish oqibatida transport vositalari qizib ketishi bilan bog'liq noxush holatlarga ham, mulohazalarga ham barham beradi.
O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning kelgusida qaror talablari asosida ishlab chiqilishi yurtdoshlarimizga katta qulaylik yaratadi.
Xorijda ishlab chiqarilgan va mamlakatimizga keltirilayotgan transport vositalaridagi signal buruvchi chiroq bilan bog'liq holati maxsus ko'rikdan o'tkazilib, amaldagi talablarga moslashtirilishi ham kelgusida yuz berishi mumkin bo'lgan muammolarning oldini oladi.

 

Norgul Abduraimova, O'zA
Boshqa xabarlar