Forumga qiziquvchilar safi ortmoqda

151

Kasaba uyushmalari yoshlarining «TEMP – 2019» Toshkent xalqaro forumini o'tkazish bo'yicha ko'rilayotgan tayyorgarlik ishlari qizg'in ko'rinish oldi.

Forum doirasidagi asosiy tadbirlar bo'lib o'tadigan Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi «Charos» mehmonxona majmuasini tadbir ruhiga mos ravishda badiiy-g'oyaviy bezash ishlari bajarilmoqda. Uchrashuvlar, sayohatlar va boshqa tadbirlarning tashkiliy jihatlarini hal qilish yuksak saviyada amalga oshirilyapti.
– Mazkur xalqaro forum ham O'zbekistonda yoshlarga qaratilayotgan e`tiborning yorqin namunasi desak, adashmagan bo'lamiz, – deydi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi raisining yoshlar masalalari bo'yicha maslahatchisi Rahmatilla Qoraboev. – Yoshlarga oid davlat siyosatini muvaffaqiyatli amalga oshirish jarayonida a`zolarining salkam 50 foizini yoshlar tashkil etuvchi mamlakatimiz kasaba uyushmalari faol ishtirok etmoqda. Yurtimiz kasaba uyushmalari yoshlariga boshqa mamlakatlardagi tengdosh hamkasblari bilan fikr va tajriba almashish imkoniyatining yaratilishi ularning zamonga mos ilg'or fikrlovchi, keng dunyoqarashga ega va tashabbuskor insonlar bo'lib shakllanishiga yaqindan yordam berishi, shubhasiz.
Yurtimizda ilk marotaba o'tkaziladigan ushbu xalqaro forumning ijtimoiy tarmoqlardagi targ'ibotiga jiddiy e`tibor qaratilmoqda. «Telegram», «Youtube», «Instagram», «Facebook», «Vkontakte» tarmoqlarida «TEMP – 2019» Toshkent xalqaro forumining sahifalari ochilgan. Ularda har kuni forum boshlanishiga necha kun qolgani haqida eslatmalar, qanday tadbirlar o'tkazilishi, ularning qisqacha mazmuni haqida tushunchalar berib borilayotir.
Ijtimoiy tarmoqlardagi mazkur sahifalarga kiruvchilar berib borilayotgan ma`lumotlar bilan tanishgan holda ularga qoldirayotgan izohlarida iliq fikr va forumga kuchli qiziqish bildirayotganlarini sezish qiyin emas.
Forum ishtirokchilarini tashkenttemp2019.kasaba.uz sayti orqali onlayn tarzda ro'yxatga olish yo'lga qo'yilgan bo'lib, unga forumda qatnashish istagida bo'lganlar o'zi haqidagi barcha ma`lumotlarni taqdim etish imkoniga ega. Bugungi kungacha mazkur sayt yordamida va elektron yozishmalar orqali ko'plab mamlakatlarning yosh kasaba uyushma faollari bo'lgan 110 dan ortiq ishtirokchilar ro'yxatga olindi.
Eslatib o'tamiz, mazkur xalqaro forumning o'z oldiga qo'ygan maqsadi tadbirga tashrif buyuradigan xorijiy mamlakatlar va O'zbekiston kasaba uyushmalarining yosh faollarini davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, unda kasaba uyushmalarining ishtiroki, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, qo'llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, O'zbekistonning rivojlanishida muhim o'rin tutayotgan korxonalar, milliy mahsulotlarimiz bilan tanishtirish, ilmiy salohiyatni namoyon etishdan iborat. Shubhasiz, mazkur nufuzli anjuman yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, turli mamlakatlar yoshlarini birlashtirish va ijtimoiy ahamiyatli loyihalar hamda dasturlarni amalga oshirishda ijtimoiy va gumanitar hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi.

O'z muxbirimiz

Boshqa xabarlar