“YoZUVChI” QARIYaLAR

63

yoxud keksalikka yarashmaydigan ayrim “gajak”lar xususida

Zukko gazetxon darhol fahmlagan bo'lsa kerak. Gap siz o'ylagan qator-qator kitoblar yozib odamlarga ziyo ulashayotgan, ma`naviyatni boyitishga hissa qo'shayotgan yozuvchi-adiblar haqida emas, balki chap qo'li bilan yumaloq xat yozishni o'ziga kasb qilib olgan ayrim “gajak yozuvchi”lar xususida bormoqda. Bu “yozuvchi”lar naf keltirmaydi, yozganlari biror joyda bosilmaydi ham, ammo sizu bizning vaqtimizni o'g'irlab, ishdan qoldiradi, asablarni egovlaydi. Tanish-bilish, alamzada yoxud hasadgo'ylarning qarmoqlariga ilingan holda ularning oldiga tushib “hojatbarorlik” qilishadi, vassalom.

Ana shunday “yozuvchi”lar orasida bugun yoshi bir joyga borib qolgan keksalarning, davlat tomonidan ijtimoiy himoyaga olingan nogironlarning ham borligi, ayniqsa, achinarli bo'lmoqda.

Bir paytlar kolxoz va sovxoz tuzumi davrida ham jamoadan, rahbarlar ish tutumidan norozi bo'lib turli idora va mahkamalarga yumaloq xat yozib, orqasida turgan homiylariga ko'mak berib turadigan keksalar bo'lar edi. Odamlar “Ha falonchi bobo yana yozibdimi?”, deya ularga ko'nikib ham qolishgandi.

Xo'sh, o'tgan gapga salovat deylik. Bugun-chi? Bugun ayrim keksa otaxonlarimizni qaysi jin urayaptiki, ular hamon ikki-uchta alamzada shikoyatchilarga peshvolik qilib idoralarga xat ko'tarib yursalar. To'g'ri, shikoyat va arz qilish har kimning huquqi. Adolat buzilibdimi, uni tuzatish uchun jon koyitganlarga tasanno. Biroq yuqorida ta`kidlaganimizdek ko'p hollarda turli idoralarga, jumladan, tahririyatlarga ham arz bilan keluvchilarning aksariyatini keksalar tashkil etayotganligini hech narsa bilan izohlab bo'lmaydi.

“Otaxon sizni nima qiynayapti?”, deb so'rasangiz “Ha, xalq dardi bilan keldim, falonchi fermer yer bermayapti yoki pismadonchi uy oldi, o'g'limga ham uy bersin”, qabilidagi gaplarni to'kib solishadi. E`tibor bersangiz, otaxon aytgan “xalq”, ya`ni ikki-uch kishi tashqarida turgan bo'ladi.

Gapimizning isboti uchun viloyat hokimining tumanlarda o'tkazayotgan sayyor qabulini oling, haqiqiy tomoshani o'sha yerda ko'rasiz. Biror kishi umumiy muammoni o'rtaga tashlamaydi. Hamma o'z dardini aytib, bir narsa undirib olish payida bo'ladi. Achinarlisi, qabulga nogironlar, qo'ltiqtayoqda yuradigan keksalar, ikki-uchtalab bolasini yetaklab olganlar “tashrif” buyurayotganligidir.

Ularni xalq tilida “navbatchi” murojaatchilar ham deyishar ekan. Bordiyu tartib o'rnatuvchilar “siz oldingi qabulda ham kelgan edingiz, damingizni olib o'tirsangiz bo'lmaydimi”, deyishsa baloga qoladi.

Yana bir bor ta`kidlaymiz. Agar taklif, murojaat yoxud arizada ma`ni-maqsad bo'lsa, u kim bo'lishidan qat`i nazar, yoshi bir joyga borgan otaxonlarmi, aytgan gaplari, albatta ijobat bo'ladi. Arz eshituvchi bu kabi murojaatlardan qanoat hosil qiladi, muammoga yechim izlash payi­da bo'ladi. Ammo o'z manfaati yo'lida arzimagan masalani u yoqdan bu yoqqa ko'tarib yurgan keksalarimizga bu harakatlar yarashmaydi-da.

Bir sayyor qabulda viloyat hokimi shunday shaxslarga qarata achchiq, biroq ibratli bir gapni aytdiki, bu barchamiz uchun saboq bo'lishi lozim.

“Avvalo, Yaratgan oyoq-qo'lingizni but qilib qo'yibdimi, nega sizning hovlingizni kimdir borib o'rab berishi kerak. Nega ko'changizdan o'tgan ariqni qazib qo'yishga yaramaysizu boshqalardan uyingizni ta`mirlab berishlarini so'raysiz? Nega mehnat qilishdan qochasiz? Eng qo'rqinchli odam – boqimanda odam. Bu toifalar na o'ziga, na oilasiga, na jamiyatga naf keltiradi. Ishlashni istamaysizmi, aravangizni birovga tortirishga harakat qilmang. El qatori ishlang, birovdan yordam so'rashga uyaling. Har doim mehnat qilgan – yaxshi yashaydi”.

Biz ham bu fikrga qo'shilgan holda birovga hojatbarorlik qilib idorama-idora xat ko'tarib yurishga odatlangan, ko'cha-ko'yda g'iybatchilikni ixtiyor etgan ayrim keksalarimizga qarata xuddi shu gapni aytgan – uyaling degan bo'lardik.

Keksalik har kimga ham nasib qilavermaydi. Keksalar bor joyda fayzu baraka bo'ladi. Xonadonlarimiz, davralarimiz nurga to'ladi. Ayniqsa, yaratilgan imkoniyat va g'amxo'rlikdan unumli foydalanib, boy hayotiy tajribalarini ishga solgan holda foydali ish bilan shug'ullanayotgan faxriylarimizga har qancha havas qilsak arziydi. Farzand va nabiralarimizning yuzini yerga qaratmaylik, “Bobom “yozuvchi” yoxud g'iybatchi o'tganmidi?” demasliklari uchun yoshimizga qarab ish tutib, imon e`tiqodimizni butun saqlashga intilib yashaylik.

Adham HAYITOV.

Manba: “Zarafshon” gazetasi

(2019 yil 8 iyun, 72-73-sonlar)

Boshqa xabarlar