«SOY — SOY, SISKARIDZE — SISKARIDZE»

45

yoxud lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini takomillashtirish zarurmi?

 

25 yildan buyon lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini isloh qilish masalasi muhokama etib kelinmoqda. Yaqin kunlarda lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini isloh qilish bo'yicha ishchi guruhining xulosasi e`lon qilingach xalqimiz o'rtasida turli mulohazalar, qarashlar ko'paydi. Kimdir yoqlasa, yana kimdir qarshi. Jurnalist Sanjar Eshmurodov mavzu yuzasidan maqola tayyorladi.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

UMUMXALQ TAQDIRIGA DAXLDOR MASALADA ShOShMAShOShARLIK YaRAMAYDI

Yoxud alifboga kiritilayotgan o'zgarishlar nima uchun keng muhokamaga sabab bo'layotir?

 

Yaqinda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida ish olib borgan lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini isloh qilish bo'yicha ishchi guruhining yakuniy xulosalari e`lon qilindi. Unga ko'ra, «ch — ç», «sh — ş», «oʻ — ó» va «gʻ — ǵ» shaklida yozilishi, «ng» harf birikmasi alifbodan tashqarida fonetik birikma sifatida o'rgatish-o'rganish, o'zlashma so'z va atamalarni aniq ifodalash maqsadida c (s)harfini qabul qilish taklif etildi.

Ishchi guruhi a`zolari tak­liflarga birma-bir izoh berib, o'zgarishlarni milliy alifbomizdagi mavjud muammolar nafaqat o'qish-yozish jarayonida qiyinchilik tug'dirayotgani, balki imloni, grammatikani tekshiruvchi, matnni nutqqa aylantiruvchi va nutqni matnga aylantiruvchi kompyuter dasturiy ta`minotlarining paydo bo'lishiga ham to'sqinlik qilayotgani bilan asoslashgan.

Ayni paytda o'zbek alifbosiga kiritilishi kutilayotgan ushbu o'zgartirishlar keng jamoatchilik: aholi, ziyolilar va filolog-mutaxassislarning turli fikr-mulohaza, munozaralariga sabab bo'lmoqda. Kimdir lotin alifbosini isloh qilish shart emas, shunchaki mamlakat miqyosida birgina yozuv — krill yoki lotin alifbosiga o'tishning o'zi kifoya deb hisoblasa, yana kimdir lotin yozuviga asoslangan o'zbek alifbosini takomillashtirish, milliy manfaatlarimizga moslashtirish davr talabi ekanini bildirib, ishchi guruhi xulosalarini oqilona qaror sifatida baholamoqda.

Xo'sh, aslida vaziyat qanday?

O'zbek alifbosi o'zgaryapti, ammo takomillashyaptimi?

O'zgarishlar haqida ayrimlar salkam 25 yildan buyon ikki yozuvdan biriga to'liq o'tib keta olmayotgan jamiyatimiz uchun uchinchi bir yozuv shaklining kirib kelishi «shavla»ni «atala»ga aylantirishdek gap, deb hisoblamoqda. Bu xalq savodxonligini yanada tushiradi, odamlar uch xil yozuvdan foydalanadigan qatlamlarga bo'linib qoladi, deya fikr bildirayotir.

Aksariyat mutaxassislarning e`tirozi esa «s — s» harfining lotin grafikasiga asoslangan o'zbek alifbosiga kiritilishiga bo'layotir. Qayd etilishicha, milliy tovush xususiyatlarimizga «s» harfi mos emas, o'zlashma so'zlarni to'g'ri talaffuz qilish uchun esa alifboga alohida bir harf joriy etilishi mantiqsizlik. Ishchi guruhining «o'zga millat vakillarining ism-familiyasidagi «s» tovushini to'g'ri aks ettirish imkoniyati yo'qligi bois ba`zan muayyan noqulayliklar yuzaga kelmoqda. Masalan: «Soy — Soy, Siskaridze — Siskaridze» kabi izohlari mantiqan bo'sh vaj-sabab sifatida ko'rilmoqda.

Yuqoridagi fikr-mulohazalar chuqurroq tahlil qilib ko'rilsa, ularda qay bir ma`noda jon bor ekaniga guvoh bo'lasiz. Masalan, eng ommabop xalqaro til bo'lmish ingliz tili alifbosida ba`zi muammoli holatlar, xatolar mavjud. Ammo alifboning mukammal emasligi ingliz tilining eng ommabop tillardan biriga aylanishiga xalaqit qila olmadi.

«S» harfining «s» tovushini ifodalab alifboga kiritilishi ham mulohazali masala. Boisi nima uchun o'zlashma so'zlarni o'z ohangida so'zlashga harakat qilishimiz kerak? Ularni o'zimizda mavjud tovushlar orqali ifodalash qulay emasmi? Masalan, Abu Ali ibn Sino bobomizni yevropaliklar «Avisenna» deb atashmoqda, biz qarshilik qilmayapmiz-ku? Yoki bo'lmasa, ko'pgina davlatlarda «Toshkent»ni «Tashkent» tarzida yozishadi va talaffuz qilishadi. Biron tushunmovchilik yuzaga kelmayapti-ku?

Albatta, bunday mulohaza va muhokamalar hali juda ko'p davom etadi. Ular takomillashgan alifboning eng maqbul varianti qabul qilinishiga xizmat qilishi ham bor gap. Bizni esa odamlarning o'z yozuvi, tiliga bo'lgan cheksiz hurmati, muhabbati, e`tibori mamnun qiladi. Demak, xalqimiz millat, Vatan taqdiriga befarq emas. «Kunim o'tsa bo'ldi, qornim to'ysa bo'ldi», qabilida hayot kechirmayapti. O'z bilimi, mustaqil fikri, kuch-g'ayrati bilan yurt taraqqiyotiga hissa qo'shish istagi bilan yashamoqda.

«Til — xalq mulki, uning taqdirini 4-5 nafar filolog hal etolmaydi»

Lotin grafikasiga asoslangan o'zbek alifbosini takomillashtirish bo'yicha tuzilgan ishchi guruhining yakuniy xulosalariga nisbatan jamoatchilikning mulohazalarini tinglagach, ikkinchi tomon — ishchi guruhi vakillarining fikri bilan qiziqdik. Ishchi guruhi a`zolaridan biri — filologiya fanlari doktori Yorqinjon Odilov biz bilan o'z fikr-mulohazalarini o'rtoqlashdi.

— Avvalo, ta`kidlash joizki, til va yozuv — xalq mulki, uning qanday bo'lishini bir nechta filologlarning o'zigina hal qila olmaydi. Ishchi guruhi vakillari mutaxassis sifatida yozuvni takomillashtirish borasida o'zining maqbul variantini taqdim etdi, xolos. Senat tomonidan xulosalar o'rganib chiqiladi va u keng jamoatchilik hukmiga havola etiladi. Yangi islohotlar umumxalq tomonidan tasdiqlansagina, yagona yozuv me`yorlari joriy etiladi.

Endi yozuvni takomillashtirish shartmidi, degan savolga javob bersam. Albatta, takomillashtirish kerak edi. Chunki «bir tovush — bir harf» degan qarash bor, ya`ni bir tovushni bir harf izohlagan alifbo eng mukammal alifbo sanaladi. Bizning yozuvimiz esa bu talabga javob bermaydi. Shuningdek, jamiyat rivojlanishi, kompyuter texnologiyalarining hayotimizda yanada mustahkam o'rin egallab borayotgani kompyuterda ifodalashga noqulay bo'lgan alifbomizni isloh qilishni talab etayotir.

Takomillashgan alifboda «ng» tovushini ifodalaydigan harf bo'lmasa-da, bu tovush tilimizdan tushib qolmayapti. U so'z boshida kelmasligini hisobga olib, fonetik qoida sifatida kiritiladi. Avvalgi holatdagidek birikma sifatida ishlatilaveradi, shunchaki alifboda ifodalanmaydi. Bu o'zgarish o'rgatuvchi va o'rganuvchilarga ham hech qanday salbiy ta`sir ko'rsatmaydi.

— Ko'pchilikni «s» harfining nega takomillashgan alifbodan o'rin olayotgani qiziqtirmoqda, — so'zida davom etadi Yo.Odilov. — Bugungi kunda bu ijtimoiy jarayonlarda ko'p qo'llaniladi. Xususan, alifbomizdagi «h» va «f» tovushlari ham bizning turkiy tovush emas. Ma`lum bir davrda ushbu tovushlar qatnashgan ko'p so'zlar tilimizga kirib kelgani uchun ular alifbodan joy olgan. «s» tovushini ifodalovchi harfning kiritilishini esa jamiyatimizda bu harf ishtirok etgan so'zlar ko'p qo'llanilishi va bunday so'zlar chet tilidan o'zlashtirilishda davom etayotgani bilan izohlash mumkin. To'g'ri, har qanday millat o'z ona tilini sof saqlab qolishga intiladi, ammo har qanday yangilikka o'zlashma, chet tili so'ziga qarshilik ko'rsatib biror natijaga erishib bo'lmaydi. Yuqorida aytganimdek, biz taklif qilayotgan variant hali xalq muhokamasiga qo'yiladi, jamoatchilik fikri o'rganiladi. Zero, milliy ruh bilan bog'liq masalalar birdaniga o'z iziga tushib qolmaydi.

Alifboning takomillashuvi katta shov-shuv, turli fikr-mulohazalarga sabab bo'layotgani bejiz emas. Chunki til — millatning hujjati, uning millat sifatida shakllanganining belgisidir. Bunday umumxalq hayotiga, kelajagiga taalluqli masalalar kichik-kichik davralarda hal etilmaydi. Bunday jiddiy masalaning ommaviy muhokama qilinayotgani jamiyatimiz nechog'li demokratik tamoyillar asosida hayot kechirayotganidan dalolat beradi.

Lotin alifbosiga qisqa vaqtda o'tilmagan

Lotin alifbosiga o'tish masalasi birgina bizning mamlakatda emas, qo'shni va boshqa chet davlatlarda ham qisqa fursatda amalga oshmagan. Ko'pgina davlatlar bir necha marta lotin alifbosini qabul qilgan va uni yillar davomida takomillashtirib borgan. E`tiboringizga shu haqda qiziqarli ma`lumotlarni taqdim etamiz.

Turkmaniston tarixida ilk lotincha alifboga 1928 yilning 3 yanvaridan o'tgan. 1940 yilning 1 iyulidan kirill yozuviga o'tilgan va 2000 yilga kelib u to'liq muomaladan chiqarilgan. 1992 yili alifboning dastlabki varianti qabul qilingan. 1993 yilning yanvarida Turkmaniston Fanlar akademiyasi lotin alifbosining yangi variantini e`lon qilgan. 2000 yilda ushbu alifboga Žž, Şş, Ňň, Ýý harflari kiritilib, 19 yil davomida o'zgartirilmasdan foydalanib kelinmoqda.

Ozarboyjonda esa ilk lotin alifbosi 1922 yilda joriy etilgan. 1939 yilning mayidan boshlab ozarboyjon tilini kirill alifbosiga o'tkazish harakatlari boshlangan. Lotincha imloga o'tish esa Ozarboyjonda 1992 yilda start olgan. Keyinchalik bir necha bor takomillashtirilgan.

Qoraqalpog'iston ham O'zbekiston kabi 1940 yilda krill alifbosiga o'tadi. 1993 yilning oxirlarida lotin imlosiga asoslangan o'zbek alifbosining dastlabki varianti taqdim etilgach, uning asosida lotin imlosidagi qoraqalpoq imlosi ishlab chiqildi. 1995 yilda ham o'zbek, ham qoraqalpoq alifbolari qayta ko'rib chiqildi. 2009 yilda lotin imlosidagi qoraqalpoq alibosiga yana o'zgartirishlar kiritildi.

Qo'shni mamlakatlar, jumladan, Qozog'iston va boshqa davlatlarda lotin alifbosiga to'liq o'tish jarayoni davom etmoqda hamda bu yo'lda alifbo yana isloh qilinishi mumkin.

Sanjar EShMURODOV,

«Mahalla»

2019 yil 30 may – 6 iyun, 25-son

«Mahalla» gazetasi

 

 

Boshqa xabarlar