GUMMA, PIROJKA, XOT-DOG, ChEBUREK…

115

 yoxud sog'likni ham “pishirayotgan” tezpishar yeguliklar

Vatanimiz serquyosh bo'lishi bilan birgalikda “non shahri” deb ham bejiz aytilmaydi. Ko'cha kezib qorni ochqagan odamning yo'l-yo'lakay qorin to'ydirib ketish imkoniyati juda katta. Ovqatlanish shohobchalari, besh daqiqalik fast-fudlardan tortib gumma, xot-dog va boshqa tezpishar yeguliklar bilan savdo qiluvchi «budka»lar xo'randalar xizmatida. Ammo bunday shohobchalarda elementar gigiena qoidalariga amal qilinmasligi, bu holat mutasaddilarni ham befarq qoldirayotganligi achinarli hol. Jurnalist Muhammadsodiq To'raev aynan shu og'riqli jihatimizni qalamga oldi.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

QORNI OCh ODAM

«Tadbirkor» faqat cho'ntagini o'ylasa, mutasaddi ko'rmaganga olsa, odamlar sog'lig'iga va hayotiga kim kafolat beradi?

 Yurtimizda so'nggi bir necha yilda tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratildi. Asosiysi erkinlik berildi. Jumladan, ularning moliyaviy-xo'jalik faoliyatini tekshirishga ikki yil muddatga moratoriy joriy etildi.
Bundan ko'zlangan maqsad — odamlarni kichik biznesga jalb etish,  tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va pirovardida odamlarni rozi qilishdir. Harqalay, xalqimizning farovon yashagani, yurtimizda tadbirkorlar ko'paygani hammamizga birdek foyda keltiradi.
Lekin tanganing ikkinchi tomoni ham bo'lganidek, mo'may daromad topish maqsadida halol va haromning farqiga bormaydigan «tadbirkor»lar yon-atrofimizda ko'payib borayotgani hech kimga sir emas. Shunday paytlarda bunday erkinlik va moratoriy umumovqatlanish oshxonalari uchun emas ekan, degan fikrga borib qoladi kishi.
Nega deysizmi?

 Elektr bo'lsa, basmi?

        Ishtaha cho'ntakka qarab ochiladi. Hamma ham sifatli va qimmat restoranlarda tushlik qila olmaydi. Oddiy odamlar uchun arzonginaga qorinni to'yg'azishning o'zi muhim.

Keyingi paytlarda tadbirkorlik niqobi ostida odamlar gavjum joylarda, avtobekatlarda, xiyobonlarda tezpishar turli yeguliklar tayyorlab sotish avjga chiqdi. Bunday yo'l-yo'lakay ovqatlanish «budka»larida asosan gumma, pirojka, xot-dog, kabob kabi tezpishar taomlar tayyorlab sotiladi. Bunday joylardan xo'randaning qadami uzilmaydi. Sababi aniq: nisbatan arzon… Sifat esa qorni ochni ham, hamyoni yupqa odamni ham qiziqtirmaydi.

Bunday shohobchalardagi sanitariya-gigiena talablari to'g'risida umuman gapirmasa ham bo'ladi. E`tibor bering, faqat elektr tokini tortib kelish bilan ovqatlanish yoki taom sotish shohobchasini ochish mumkinmi? Mumkin ekan… Bunga odamlar gavjum bo'lgan har qadamda duch kelyapmiz. Da`vosi bitta vagoncha ekan, vassalom. Issiq suv, sovuq suv, kanalizasiya degan terminlar o'tgan  asrda qolgan…

Bunday shohobchalarda sotiladigan tezpishar pirojka, cheburek, somsalar umuman gigiena talablariga javob bermaydi. Ayniqsa, pishirish uchun ishlatiladigan yog'ning sifatini ko'rib, yoqa ushlaysiz. Qayta-qayta foydalanaverilganidan sariq rangli yog' qop-qora tusga kirgan. Mahsulotlar shunday ochiq holda atrofdagi ko'rinmas chang-to'zon bilan qorishib turadi.  Ba`zan bir kun oldingi mahsulotni ham isitib beraverishadi.

Bunday «tadbirkorlar» uchun yuqumli kasalliklar, oshqozon va ichakda o'tkir yallig'lanishlar… barchasi bekor gap. Ularga pul kelib cho'ntaklari qappayib tursa bo'ldi. Birovning salomatligi bilan boshlarini qotirib o'tirishning nima keragi bor.

Salla desa kalla…

Mutasaddilar bu salbiy holatlarni ko'rmaydi, ularni bu qiziqtirmaydi, deb o'ylaysizmi? Xato qilasiz! Ular barchasini ko'rib, bilib turibdi. Ammo, negadir jim. Chunki bugun tadbirkorlarga tegib bo'lmaydi. Tekshirish bo'yicha moratoriy e`lon qilingan-ku, axir.

Sog'liqni saqlash vazirligi huzuridagi Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi, uning har bir viloyat, tuman, hatto bozorlarda bo'limlari mavjud. Ammo menga tegmasang, men ham senga tegmayman naqlida ish yuritadi.

Nima emish, umumovqatlanish shohobchasini ochish uchun Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan beriladigan sertifikat talab qilinmasmish?

Agar tashkilot nizomida oldiga qo'yilgan vazifa va maqsadlar bilan tanishib chiqsangiz, bu zarur ekanligiga ishonchingiz komil. Demak, markaz bu salbiy holatlarga tomoshabin bo'lmasdan, sertifikat zaruriyati masalasini kun tartibiga qo'yish kerak emasmi? Qo'yingchi, «budka»lar faoliyati uchun ham sanitariya talablarini qo'yish vaqti yetmadimi? Masalliqlarning muzlatgichda saqlanishi, yeguliklarning sotuv jarayonida usti yopiq idishda turishi, idishlarni tozalash talablari, oshpaz va sotuvchi sog'lig'iga bo'lgan talablar qo'yilishi kerak emasmi? Axir, masala faqat tadbirkorlik sub`ekti faoliyati to'g'risida emas, odamlarning qimmatli sog'lig'i to'g'risida ketyapti-ku.

Bugun tayinli ishi bo'lmasdan, ro'zg'origa to'rt so'm pul olib kiraman, deb ko'chada taksichilik qilgan haydovchilarni bir guruh tashkilot bo'lib quvib yurmasdan, bir kunda yuzlab odamlar taom yeydigan «budka»larga ham bir boshimizni suqib qo'ysak bo'lmaydimi?

Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi mutasaddilarining topib olgan yana bir gapi bor: mavjud qonun-qoidalarga ko'ra, sanitariya-epidemiologiya nazorati xodimlarining oshxona va kichik ovqatlanish shohobchalarida tekshiruv o'tkazish huquqi yo'q emish. Uzoqqa bormaylik, yaqin yillargacha oshxonalar «SES» xodimlarining tekshir-tekshirlaridan bezib qolishgan edi. Bu hech kimga sir emas. Istalgan oshxona yoki kafega borib so'rasangiz bu haqda dardini doston qilishadi. Yaxshiyamki, tadbirkorlik faoliyatiga ortiqcha aralashuvlarga chek qo'yilgandan so'ng, tashkilot o'zida bunday vakolat yo'qligini tushunib qolibdi. Ammo bu salla desa, kallani olish kerak degani emas. Mayli sanitariya-epidemiologiya nazorati noqonuniy ishlayotgan ovqatlashish shohobchalari va «budka»larni tekshirmasin, ammo, qo'yiladigan talablar bo'yicha yo'riqnoma berishi, tushuntirishi yoki ogohlantirishi mumkinmi?

 Ko'z oldimizda tayyorlansa, halolmi?

Yana bir masala. Bugun sal qimmat bo'lsada, bola-chaqamiz bilan «milliy taomlar» deb ataluvchi oshxonalarga borishni odat qilganmiz. Bunday oshxonalar go'yoki xo'randalarning e`tiborini jalb qilish uchunmi, taomlar nufuzlisi — norinni shundoqqina xo'randalar ko'z o'ngida, ovqatlanish zalida tayyorlashadi. Axir, tumonat odam ovqatlanayotgan zalda ko'rinmas tumonat changlar ham bor. Yana xo'randalarning ichida birontasining gripp bilan shamollamaganiga yoki o'pka kasalligi (sil va boshqalar) bilan og'rimaganiga kim kafolot beradi? Xamirli yoki qo'l mehnati ko'p bo'lgan bunday taomlar tayyorlanishi uchun maxsus xona va talablar bo'lishi kerak emasmi?

Bundan tashqari, e`tibor bergan bo'lsangiz, bir qator ayollar tizilib olib gap sotib norin xamirini, qazisini maydalashadi. Sanitariya talabi bo'lgan oddiygina qo'lqop ham kiymagan ayollar ba`zan peshonasini artishsa, ba`zan telefoniga javob berishadi. Endi gigienani ko'ravering.

Ma`lumki, o'tgan yili yozda yurtimizda ommaviy zaharlanish holati ko'p uchradi. Saboq og'ir bo'ldi. Mana yana jazirama kunlar oldimizda. Tegishli mutasaddilar xulosa chiqarib, oldindan tushuntirish ishlari, profilaktika  tadbirlarini olib borishidan umidvormiz. Biz ham ovqatlanish  shohobchalari, «budka»larni ommaviy ravishda tekshirish, jazolash yoki yopib tashlash fikridan yiroqmiz. Bu bilan yana bir muammoni paydo qilish mumkin. Chunki mana shunday xizmat ko'rsatish orqali kimlardir ro'zg'or tebratyapti. Faqat ularga qonuniy hamda sanitariya-gigiena talablariga qat`iy amal qilgan holda ishlashlari uchun yordam ko'rsatish, sifat nazoratini yo'lga qo'yish kerak.

Muhammadsodiq TO'RAEV,
jurnalist

2019 yil 5 iyun, 23-son

“Oila davrasida” gazetasi

 

 

Boshqa xabarlar