«Kimyogar» quchoq ochdi

53

Quvasoy shahridagi «Farg'onaazot» AJga qarashli «Kimyogar» oromgohi birinchi navbatda 300 nafar o'g'il-qizni o'z bag'riga oldi.

– O'tgan yili zavod ishchilarining 1200 nafar o'g'il-qizi hordiq chiqargan bo'lsa, bu yilgi mavsumda besh navbatda 1500 nafar bolani dam oldirish ko'zda tutilgan, – deydi oromgoh rahbari Saodat Mo'minova. – Bu o'tgan yilgiga nisbatan 300 nafarga ko'p deganidir. Eng asosiysi, oromgohimiz bag'rida dam oluvchilarga maroqli lahzalarni tuhfa etish uchun mavsumga puxta hozirlik ko'rildi.
Tadbirlar rejasiga ko'ra, mavsum davomida turli davra suhbatlari, qiziqarli uchrashuvlar, intellektual ­o'yinlar, viktorinalar hamda sport musobaqalari o'tkaziladi. Bundan tashqari, «Qiziqarli matematika», «Men ham raqsga tushaman», «Men dutor chalaman», «Mohir qo'llar», shaxmat-shashka, stol tennisi, futbol kabi to'garaklar ham fao­liyat yuritadi.
– «Kimyogar»ga ikkinchi marotaba kelishim, – deydi Hushrabonu Yormuhammedova. – O'tgan yili bu yerda juda ko'p dugonalar orttirgan edim. Bu yil ham ularni ko'rib quvonib ketdim. Ayni payt­­da «Mohir qo'llar» to'garagida to'qishni o'rganyapman.
– Har bir kunimiz bir-biridan qiziqarli va taassurotlarga boy o'tmoqda. Kuni kecha o'tkazilgan quvnoq startlar musobaqasida guruhimiz birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Hozir kelgusi musobaqalarga tayyorgarlik ko'ryapmiz. Bugun esa teatr tomoshasi ko'rsatilishini eshitib, yanada xursand bo'lib ketdik, – deydi Behzod Abdullajonov.
– Bolalarning sog'lig'i biz uchun o'ta muhim, – deydi shifokor Aktamxo'ja Azimov. – Shuning uchun ularning salomatligini kun davomida nazorat qilib boramiz. Bu yerda bolalar kuniga to'rt mahal to'yimli va vitaminlarga boy taomlar bilan ovqatlantiriladi. Tibbiyot xonamiz esa yetarlicha dori-darmonlar bilan ta`minlangan.
Ta`kidlash o'rinliki, yo'llanmalarning hamyonbopligi ham ota-onalarga manzur bo'lmoqda. Bu yilgi 12 kunlik yo'llanma narxi bir nafar bola uchun 58 ming so'm etib belgilangan.
«Kimyogar»dagi tozalik, ozodalik, manzarali va mevali daraxtlar beixtiyor kishining bahri dilini ochadi. Yo'lak­lar bo'ylab ekilgan rang-barang gullar esa oromgohga o'zgacha tarovat bag'ishlagan. Oromgoh hududi bolalarning shodon kulgusiga to'lgan.

Jamshid ERGAShEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar