Orombaxsh hordiq onlari

24

Qashqadaryoda oromgohlar bolajonlarga quchoq ochdi. Ular uchun qiziqarli tadbirlar, orombaxsh hordiq onlari boshlandi.

Shahrisabz tumanidagi yangidan qayta qurilgan «Ziyo chashmalari» oromgohida joriy yilgi mavsumga bolalar sog'lomlashtirish oromgohlarini qabul qilish va mavsumning ochilishiga bag'ishlab viloyat Muvofiqlashtiruvchi guruhining navbatdagi seminar yig'ilishi bo'lib o'tdi.
Unda Muvofiqlashtiruvchi guruh a`zolari, bolalar oromgohlari direktorlari, tasarrufida oromgohi bor korxonalar rahbarlari, kasaba uyushma qo'mitasi raislari, oromohlarga biriktirilgan homiy tashkilot rahbarlari ishtirok etdi.
Ta`kidlanganidek, joriy yilda 18 ta stasionar bolalar oromgohida 25090 nafar o'g'il-qiz sog'lomlashtiriladi. Bundan tashqari, 5000 nafardan ortiq kam ta`minlangan oila farzandi, 90 nafar «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchisi hamda 100 nafar iqtidorli o'quvchi (fan olimpiadalari va Bilimlar bellashuvlari g'oliblari) bepul dam oldiriladi.
Seminarda oromgohlarning mavsumga qay darajada shay qilingani haqidagi axborotlar ham tinglandi. Xalq ta`limi, sog'liqni saqlash, madaniyat, jismoniy tarbiya va sport, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar boshqarmalari mutasaddilari o'z yo'nalishlaridan kelib chiqib, dam olishni mazmunli tashkil etish borasida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejalarini bayon qilishdi. Qashqadaryo viloyati hokimi o'rinbosari Dolli Allaev bolalarning maroqli va mazmunli orom olishi uchun har bir tashkilot va tarmoq rahbarlari bevosita mas`ul ekanini ta`kidlab, barchani yozgi sog'lomlashtirish mavsumini a`lo darajada o'tkazishda faollikka chaqirdi.
Seminar qatnashchilari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi mab­lag'lari evaziga yangicha qiyofa kasb etgan «Ziyo chashmalari» oromgohi bilan yaqindan tanishishdi.

Akmal ABDIEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar