Saxovatga yo'g'rilgan ezgulik

98

14 iyun — Xalqaro donorlar kuni

 

Ezgulikka oshno odamlar doimo yaxshilik qilishga intilib yashaydi. Ayniqsa, bunday xayr­­li amallar kimningdir sog'lig'ini saqlash, hayotini uzaytirishga ko'mak bersa, inson uchun bundan ortiq baxt yo'q. Donorlar ana shunday beg'araz yordam ko'rsatuvchi ezgu niyatli kishilardir.

Tibbiyotda qon, uning komponentlari va preparatlari (plazma, eritrositlar, trombositlar, albumin va immunoglobulin) inson hayoti xavf ostida qolganda organizmga quyiladi. Ular og'ir darajali kamqonlik, qon ivish tizimi buzilishi, saraton kasalliklari, patologiyali og'ir kechadigan tug'uruqlar, operasiyalar, og'ir darajali kuyish va turli xil favqulodda holatlarda ham qo'llaniladi. Bunday holatda kerakli miqdordagi qonni topish uchun sog'lom insonlarning doimiy, beg'araz qon donorligiga kuchli ehtiyoj paydo bo'ladi. Butunjahon sog'liqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga ko'ra, har bir mamlakatning qonga bo'lgan ehtiyojini qoplash uchun har ming nafar aholining kamida qirq nafari donor bo'lishi shart.
Shu o'rinda ta`kidlash joizki, qon beg'araz niyatda o'z xohish-irodasi bilan topshiradigan donordangina olinadi. Bunday saxovatpesha kishilar o'zining salomatligi hamda turmush tarzi haqida aniq ma`lumot bera oladi. Bu esa qonning xavfsizligini ta`minlashda g'oyatda muhim. Chunki donor bo'lishga ahd qilgan inson butun ma`suliyatni o'z bo'yniga oladi. Zero, u nafaqat o'z sog'lig'i, balki ­boshqalarning salomatligi uchun ham mas`uldir.
Qon quyish markazlarida to'rt bosqichli tibbiy tekshiruvdan o'tkazilgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo'lgan sog'lom insonlar shifokor tavsiyasiga binoan donorlik qilishi mumkin. Sog'lom kishi uchun qon topshirish mutlaqo xavfsiz. Chunki odam organizmida 4,5,-5 litr qon bo'lib, donorlikda undan 200 yoki 400 ml. olinadi. Inson organizmi 36 soat ichida bu miqdordagi qonni tiklab olish xususiyatiga ega. Qolaversa, qon topshirish arterial gipertoniya xastaligining oldini olish va bartaraf etish, moddalar almashinuvini yaxshilash, shuningdek, immun tizimini mustahkamlashda juda foydali.
Mamlakatimizda «Qon va uning tarkibiy qismlari donorligi to'g'risida»gi qonunga muvofiq, donorlik yo'nalishida qator xayrli yumushlar amalga oshirilmoqda. Donorlar bilan ishlovchi tibbiy muassasalar faoliyatini yanada takomillashtirish, qon va uning tarkibiy qismlari xavfsizligini ta`minlash, shuningdek, keng jamoatchilik orasida beg'araz donorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir nechta dasturlar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilayotgani buning yorqin tasdig'idir. Xususan, O'zbekiston Respub­likasida beg'araz donorlikni rivojlantirish dasturi doirasida keng jamoatchilik orasida tibbiy targ'ibot tadbirlarini kuchaytirishga alohida ahamiyat qaratilib, mahallalar, oliy o'quv yurtlari, korxona va tashkilotlarda beg'araz donorlikning mazmun-mohiyati haqida ma`lumot berilmoqda.
Sohada amalga oshirilgan keng ko'lamli islohotlar natijasida tizim muassasalari faoliyati takomillashtirilib, eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta`minlanmoqda. Ayni paytda Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida qon quyish stansiyalari faoliyati yo'lga qo'yilgan. Bu esa xalqimiz salomatligiga xizmat qilmoqda.
Mamlakatimizda har yili «Xalqaro donorlar kuni» keng miqyosda nishonlanib, sana munosabati bilan ko'p yillar davomida beg'araz qon topshirgan donorlar xizmati e`tirof etilib, ularga turli esdalik sovg'alari topshirilayotir.
Qon topshirish insonning insonga hadya etgan aziz va bebaho sovg'asidir. U tufayli odam hayoti saqlab qolinadi. Hayot hadya etish esa savob ishning oliy ifodasidir. Shu bois, donorlik har bir sog'lom kishining insoniy burchidir.

Nasiba ISAQULOVA,
Samarqand viloyati Qon quyish
markazi shifokori

Boshqa xabarlar