Tilda  ham   “Shartli  refleks”   bo'ladimi?

69

 

Shartli refleksga organizmning atrofdagi muhit bilan o'zaro ta`sir qilib borishi asosida  paydo  bo'ladi,  degan ta`rif beriladi.  Muayyan  harakatning   doimiy  ravishda  takrorlanishi  natijasida  hosil   bo'ladigan  bu   jarayon  barcha  narsaga,  jumladan,  til  qoidalariga  ham    ta`sir  ko'rsatar  ekan.  Yo'qsa,  so'zlashuv  nutqiga   ham   to'g'ri  kelmaydigan  jumlalar  yozma  nutqqa qanday  kirib  kelmoqda.  Hayron   qoldiradigan jihati buning  g'alizligi  yo'qolib,  barchaga  “tushunarli  va  sodda”  nutq  tiliga  aylanmoqda.  Kishilar  o'rtasidagi  suhbat   yozishmalaridan  tortib, jamoat   murojaatlari,  e`lonlar  ham  “tushunarli”  bo'lib  bormoqda. Jurnalist  Muhammad  Ali  mavzu  yuzasidan  mulohazalarini bayon etdi.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

“KIChKINALAR  2000 SO'M”

Yaqinda g'aroyib bir voqeaning shohidi bo'ldim. Odmi kiyingan 35 yoshlardagi bir kishi — aftidan, qishloqdan kelganga o'xshaydi — salom berib, menga murojaat qildi:

—Aka, jarima to'laydigan joyni bilasizmi? Ko'rsatib yuboring! Shoshilinch ishimiz tushdi, — debqoldi.

So'rab-surishtirsam, jamoat joyida semichka chaqqanligi uchun melisalar jarimaga tortgan ekan.

Darhaqiqat, odamlarimiz hukumat qarorlari v aqonunlariga amal qilishni ana shu tariqa o'rganib borishyapti. Zero, spitrli ichimlik ichib, sigaret va nos chekib jamoat joylarni ifloslantirayotgan fuqarolar jarimaga tortilib, qat`iy tartibga chaqirilmoqda. (Semichka chaqqanlarga jarima qo'llanilishi haqida biror joyda o'qimaganman). Albatta,bu juda yaxshi tutum. Shahar-qishloqlarimiz toza va ozoda bo'lsa, ko'rgan kishining ko'zi quvonadi, dili yayraydi. Biroq qabul qilinganiga 30 yil to'layotgan “Davlat tili haqida”gi Qonunni buzayotganlarning mushugini “pisht”, deydiganlar halihamon topilmayapti. Vaholanki, millatning millatligi eng avvalo, til faktorida ko'zga tashlanadi.

Shaharlarimiz, hatto chekka-chekka qishloqlarimizdagi lavha, peshlavha, e`lonlardagi imlo va punktasion xatolarni  ko'rib labingizga uchuq chiqib ketadi. O'z ona tiliga nopisand munosabatda bo'layotgan bu nobakorlarni nima deb yanishni ham bilmaysan.

Yaqinda bir bayram bahonasida Yangier shahridagi “Sirli olam” istirohat bog'iga bo'ylashimga to'g'ri kelib qoldi. Bolalar attraksionlari oldidagi mana bu yozuvni ko'rib kulishimni ham, kuyishimni ham bilmay qoldim—“Kichkintoylar 2 000 so'm”. Xayolimdan, bog'da bola savdosi bilan shug'ullanadigan odamlar bormikin, degan fikr o'tdi. Chala-to'mtoq yozilgan lavhani o'qiganda har qanday odam daf`atan shunday xulosaga keladi. Albatta, boqqa farzandlari bilan tashrif buyurgan ota-onalar bu yozuvni har kuni ko'rishadi. Lekin birortasi: “Hoy birodar, tilingni hakka cho'qiganmi? “Kichkintoylar uchun chipta bahosi 2 000 so'm”, deb yozib qo'ysang asakang ketadimi?” deya tanbeh berishni o'ziga ep ko'rmaydi. Chunki ko'pchiligimiz loqaydlik botqog'iga botib ketganmiz. Millatdoshlarimizning o'z ona tiliga befarqligi shunchalik bo'ladimi? “Davlat tili haqida”gi Qonunning bajarilishiga mutasaddi tashkilotlar nega jim turishibdi? Yozaversak gap ko'p. Xullas kalom, ona tilimiz haqida qayg'urishni jamiyatimizda yashayotgan barcha insonlar o'zlarining muqaddas burchlariga aylantirmoqlari joiz. Bu gap “Sirli olam” istirohat bog'i ma`muriyatiga ham to'la tegishlidir. Hazrat Mir Alisher Navoiy aytganlaridek: “Tilga e`tibor —elga e`tibor”dir.

 

Muhammad ALI

 

2019 yil 29 may, 40-son

“Sirdaryo haqiqati” gazetasi 

Boshqa xabarlar