Ulug' insonparast

138

 

Atoqli ma`rifatparvar, qomusiy olim,  komil ulamo va yirik siyosiy arbob,  Sohibqiron Amir Temurning «Temur tuzuklari», Ahmad Donishning «Navodir-ul vaqoe», Darveshali Sangiyning «Musiqa risolasi» asarlari tarjimoni, «Tarixi Muhammadiya», «Turkiston qayg'usi» kabi mashhur asarlar muallifi bo'lgan Alixonto'ra Sog'uniy hayoti hamda  faoliyati haqida gap ketganda yurt ozodligi, millat ma`naviyati bilan bog'liq ko'pdan-ko'p o'ta dolzarb masalalar hayotiy zarurat o'laroq kun tartibida bo'y ko'rsatadi. Xo'sh, buning sabab­lari nimada? Alixonto'ra Sog'uniy kim bo'lgan? Qanday ishlar qilganki, bunday yuksak ulug'lik rutbasiga loyiq ko'rilgan?

Shuni alohida ta`kidlash joizki, sobiq sovet davrida Alixonto'ra Sog'uniy haqida deyarli hech qanday rasmiy ma`lumot berilmagan.  U xususida turli-tuman, aksar hollarda bir-biriga zid bo'lgan fikr-mulohazalar bildirilgan. El-yurt orasida bu zotni ulug'lovchi sifatlar bilan bir qatorda dushmanlar tarqatgan yolg'on va soxta mish-mish­lar ham keng yoyilgan. Bu hol xorijiy adabiyotlarda ham  o'z aksini topgan.

Alixonto'ra Sog'uniy Markaziy Osiyo chor Rossiyasi mustamlakasiga aylangan davrda Qirg'izistonning To'qmoq shahrida  istiqomat qiluvchi dindor o'zbek oilasida ­dunyoga kelgan. Uning otasi Shokirxonto'ra asli andijonlik bo'lib, naqshbandiya sulukiga e`tiqod qilgan. El orasida Shokirxo'ja eshon nomi bilan  mashhur bo'lgan bu ulamoning  ajdodlari ham taniqli  diniy arboblar hisoblangan. Ularning  O'zgan shahrida  maqbaralari bor.

Alixonto'raning kindik qoni to'kilgan To'qmoq shahri  qadimiy turkiy kentlardan biri bo'lgan Bolasog'un shahri xarobalari yonida qad rostlagan. Alixonto'ra Qoraxoniylar sulolasining poytaxti bo'lgan shonli Bolasog'un shahri  nomini keyinchalik o'ziga taxallus qilib olgan. Uning bolalik va o'smirlik yillarida bir-biridan g'aroyib karomatli voqealar sodir bo'lgan. Shu sababli unga yoshligidayoq  yuksak bashoratlar bildiriladi. Taqdirning inoyati bilan keyinchalik ular ro'yobga chiqadi.

Uzoqni ko'ra olgan Shokirxo'ja eshon  ikki o'g'lini  Makka shahriga o'qishga olib boradi. Tug'ma ilm oshig'i bo'lgan Alixon talabalik yillarida arab, fors, turk tillarini mukammal o'rganadi. Tafsir, hadis, fiqh (islom huquqshunosligi), mantiq, siyosat va harbiy ilmni  puxta egallaydi.

Arabistondagi tahsil keyinchalik Buxoro madrasalarida davom etadi.  Bu yerda diniy bilimlar bilan bir qatorda  she`riyat, musiqa, jug'rofiya, handasa, falakiyot, tarix, tabobat ilmlarini qunt bilan o'rgangan Alixon rasmiy va norasmiy ravishda man etilgan adabiyotlarni mutolaa qilishga kirishadi. Turk va tatar  tilida nashr etiladigan gazeta-jurnallarni  o'qish yosh Alixonning dunyoqarashiga katta ta`sir ko'rsatadi.

Ona yurtiga qaytib kelgach, yosh mudarris keng diniy ma`rifatchilik faoliyati bilan shug'ullanib, dehqonchilik va tabibchilik orqali ro'zg'or tebratadi. Birinchi jahon urushi bosh­langandan so'ng chor hukumati ma`muriyati mahalliy aholini front ortida  ishlatish uchun mardikorlikka safarbar qiladi. Alixonto'ra bu siyosatga qat`iy ravishda qarshi chiqib, aholini ommaviy tarzda bo'ysunmaslikka, o'z farzandlarini mardikorlikka bermaslikka chaqiradi. Shu tufayli chor hukumati maxfiy polisiyasi unga nisbatan tazyiq choralarini qo'llashga kirishadi. Biroq aholi o'rtasida obro'si baland bo'lgani uchun xalq ommasi g'azabidan cho'chigan mus­tamlakachilar unga zarar yetkazol­maydi.

1916 yili  Turkistonda oqpodsho zulmiga qarshi  xalq qo'zg'alonlari bo'lib o'tadi. Alixonto'ra ularda faol qatnashdi. Qo'zg'alonlar shafqatsizlarcha bos­tirilgandan so'ng siyosiy qochqin sifatida Qosh­g'arga ketishga majbur bo'ladi. 1917 yilgi hokimiyat to'ntarishidan so'ng sovet hukumatining bergan va`dalaridan umidvor bo'lib, vataniga qaytadi. Ammo oradan ko'p vaqt o'tmay haqiqiy voqelik butunlay bosh­qacha bo'lib chiqadi. Sinfiy kurash ta`limotiniig amaldagi ko'rinishi bo'lgan qizil terror natijasida mahalliy aholining yoppasiga qirg'in qilinishi, dindor va o'qimishli kishilarning qatag'oni Alixonto'rada kes­kin norozilik uyg'otadi. Bu esa mustamlakachilar e`tiboridan chetda qolmaydi. «Qora ro'yxat»ga tushgani ma`lum bo'lgach, yaqin do'stlarining maslahati bilan yana Qoshg'arga ketadi. Ammo bir yildan so'ng  yana yurtiga qaytib keladi. Shahardan chetroqdagi bir qishloqda dehqonchilik qilmoqchi bo'ladi. Biroq,  sovet hokimiyatining mislsiz zulmiga chidab turolmaydi. Shu bois, u yana tengsiz va xatarli kurashga kirishadi. Avvalo, Islom dini va madaniyatini dahriylik xurujlaridan himoya qilishga intiladi. Buni amalga oshirish uchun  xalq talabiga binoan To'qmoqdagi katta masjidga imomlik qiladi. Tazyiq-u tahdidlarga qaramay katta hududda Islom  dini ta`sirining kuchayishiga erishadi. Shu bilan birga mansab imkoniyatlaridan foydalangan holda aholining siyosiy ongini yuksaltirishga harakat qiladi. Uning Qo'qon muxtoriyati, bosmachilik deb atalgan xalq qurolli harakati haqidagi yozma xotiralari hozir ham muhim ahamiyatga ega. Afsuski, qo'zg'alonchilarda  mustaqillik uchun kurashning aniq rejasi yo'q bo'lib, aksar yo'lboshchilarning siyosiy saviyasi juda past edi. Buning natijasida ularning harakatida jipslik yuzaga kelmadi. Bu esa sovet hukumatiga nihoyatda qo'l keladi.

Alixonto'ra faqat din himoyasiga qaratilgan ishlar bilan chegaralanib qolmagan, albatta. U «Qosimovchilar harakati» deb nomlangan vatanparvarlarning yashirin faoliyatida ham  faol qatnashgan. Lekin uning bu tashkilot doirasida qanday ishlarni bajargani haqida yetarli ma`lumot yo'q.

1930 yili Alixonto'ra hibsga olinib, o'n yillik qamoq jazosi tayinlanadi. Ammo surgun qilinishiga sanoqli kunlar qolganda qamoqdan qochishga muvaffaq bo'ladi. Yashirincha ravishda chegaradan Sharqiy Turkiston (Uyg'uriston)ga o'tib ketadi. G'ulja shahrida yashagan chog'ida ilmiga amal qiluvchi diniy alloma, halol, jasur  va hojatbaror shifokor – tabib sifatida obro'-e`tibor qozonadi. Bu mavqedan foydalangan holda xalqni mustamlakachilikning har qanday ko'rinishiga qarshi kurashga chorlaydi. 1937 yili  Xitoy hukumati Alixonto'rani hibsga olib, sud hukmisiz umrbod qamoq jazosini  tayinlaydi.

1941 yil  o'tkazilgan adliyaviy taftishlar tufayli Alixonto'ra qamoqdan ozod qilinadi. Xalq uni qahramon sifatida kutib oladi. Bu paytda Ikkinchi jahon urushi ketayotgan bo'lib, o'lkada iqtisodiy va siyosiy inqiroz yuzaga kelgan edi. Xalq junbushga kelib, qurolli norozilik­lar ko'payayotganini ko'rgan Alixonto'ra o'z tarafdorlarini maxfiy «Ozodlik jamiyati» tevaragida to'p­lashga erishadi. 1944 yilning noyabr oyi­­da qurolli qo'zg'alon natijasida G'ulja shahri mustamlakachilardan ozod qilinadi. Shundan so'ng Sharqiy Turkiston Inqilobiy res­publikasi tuzilib, hukumat raisligiga Alixonto'ra saylanadi.

Sovet hukumati sharqiy chegara hududini xitoyliklar xavfidan saqlash uchun yangi barpo bo'lgan davlatni yashirincha qo'llashga kirishadi. Alixonto'ra bosh­chiligidagi tom ma`nodagi milliy hukumat qisqa vaqt ichida mus­taqillikdan umidvor xalq manfaatlariga mos bo'lgan yirik islohotlarni amalga oshiradi. Irqi, millati, jinsi, e`tiqodidan qat`i nazar, har bir kishiga erkinliklar beriladi. Bundan tashqari, ijtimoiy tashkilotlar tuzilib, aholidan olinadigan soliqlar ikki baravar qisqartiriladi. Tez fursatda muntazam armiya tuziladi. Buning uchun ommaviy safarbarlik e`lon qilinib, O'zbekiston va Qozog'iston orqali  yashirin holda SSSRdan naqd oltin va barterga qurol-aslaha  sotib olinadi. Keyinchalik  armiya Xitoy qo'shinidan  olingan harbiy o'ljalar bilan ham qurollantiriladi.

Alixonto'ra milliy armiya­ning jangovar qobiliyatini oshirish bilan bir qatorda uning ma`naviy ruhini ko'tarishga  ham katta e`tibor qaratgan. Mohir notiq mavzuni tinglovchilarga tez bayon qilib, uning asl haqiqatini o'z bilganicha yoki hukumat farmoniga ko'ra emas, balki Qur`oni karim oyatlari  hamda hadislar asosida isbotlagan. Mavzuni  rad qilib bo'lmaydigan tarixiy dalillar orqali mus­tahkamlagan. So'ngra aniq vazifalarga o'tib, ularni muvaffaqiyatli bajarish yo'llarini ko'rsatgan va bunga tinglovchilarni ko'tarinki  ruh bilan ishontirgan.

Natijada milliy armiya shiddatli janglarda ketma-ket g'alabalarga erishib, shon-shavkatga burkanadi. Jumladan, 1945 yili ushbu qo'shin son jihatdan deyarli uch baravar oz bo'lishiga qaramay, yaxshi qurollangan sakson ming nafarlik Xitoy armiyasini butunlay tor-mor etadi. Bu g'alaba uchun Sharqiy Turkiston hukumati qaroriga binoan Alixonto'raga ­marshal unvoni berildi.

Voqealarning bunday tarzda rivojlanishi, ya`ni mustaqil Turkis­ton davlatining barpo bo'lishi sovet va Xitoy hukumati manfaatlariga butunlay zid edi. Shu bois, xoinona tuzilgan mash`um rejaga asosan  1946 yilning yozida avval aldov, keyin esa qurolli tazyiq ostida  Alixonto'ra G'uljadan Toshkentga olib kelindi.

Alixonto'ra Sog'uniy siyosiy ishlardan majburiy ravishda chetlashtirilganidan so'ng  faol ilmiy, ijodiy va ijtimoiy faoliyat bilan mashg'ul bo'ldi. «Temur tuzuk­lari» kabi bir qancha noyob asarlarni o'zbek tiliga o'girdi. Tarjimonlikdan tashqari «Tarixi Muhammadiya», «Turkiston qayg'usi» kabi qomusiy asarlar yaratdi. Mazkur asarlar kelajak avlod ma`naviyatini tanazzuldan asrash, milliy madaniyatimizdagi azaliy qadriyatlarni islom ma`rifati, tarix saboqlari yordamida saqlash va rivojlantirishga xizmat qiladi. Ko'p yillik  tabiblik tajribasi asosida  yozilgan  «Kasalliklar davosi»  asari esa Sharq tabobatining nodir namunasi hisoblanadi.

Ijtimoiy hayotda tarixiy yodgorliklar va qadimiy qo'lyozmalarni asrab-avaylash, ularni ilmiy asosda tadqiq etish va keng ommaga targ'ib qilishda jonboz­lik ko'rsatdi. Sobiq sovet tuzumining ta`qiblariga qaramay Alixonto'ra Sog'uniy ko'plab insonlarga diniy va dunyoviy ilmdan saboq berdi. Universal o'qitish uslubiga asoslangan bunday saboqlardan barcha birdek bahramand bo'lgan. Shogirdlari turli hududlarda diniy maktablar ochib, uning   ma`rifatparvarlik ishini davom ettirishdi.

Nihoyatda kamtar inson bo'lgan Alixonto'ra Toshkentda ko'plab siylov va imtiyozlarni rad etib, mo'`jaz bir hovlida umrguzaronlik qildi. Bundan tashqari,  u umr bo'yi sovet hukumatining biron narsasini olmagan (hukumat nafaqa ­tayinlaganida uni yetimxona hisobiga o'tkazib yuborgan). Saxovat qilishni amalga aylantirgani bois qarz so'rab kelganlarni hech  qachon quruq qaytarmagan. «Kechiruvchilarni Olloh ham avf qilg'usidir», degan hadisga qat`iy ravishda amal qilgani uchun o'ziga dushmanlik qilganlarni ham kechirgan va hech qachon kek saqlamagan.

Toshkentning Ko'kcha dahasidagi Shayx Zayniddin qabristonida mangu qo'nim topgan Alixonto'ra Sog'uniy o'z esdaliklarida shunday  yozgan edi: «Men bu dunyoga islomparastgina emas, balki insonparast bo'lib keldim va hayotim davomida shunga sodiq bo'lib qoldim». Bu so'zlarda zarracha mubolag'a yo'q. Zero, ma`rifatparvar ajdodlarimiz ta`kidlaganidek, «Haq yo'li, albatta, bir o'tilg'usi!».

Xolli NORBOEV

 

Manba: “Ishonch” gaetasi

 

Boshqa xabarlar