FARZANDINI SOTGAN KIM? INSONMI Yo…

36
Dunyoda aqli bilan hayvondan farq qiluvchi jonzot – odamzodning hayvon ham qilmaydigan ishlarini ko'rib, hayratdan tosh qotadi kishi. Quyidagi maqolada ulug' ne`mat bo'lgan dilbandini pullagan onalar haqida hikoya qilinadi.
Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

FARZANDINI PULLAGAN AYoLLAR

 

Yigirma yoshli Nilufar Meliqo'zizoda ana shunday jinoyatni sodir etib javobgarlikka tortildi. U sherigi Gulmira Ochilova bilan jinoiy til biriktirib, o'z dilbandi, 2017 yilda tug'ilgan Mustafo Meliqo'zizodani sotib boylik orttirish maqsadida reja tuzganlar.

Xufyona rejaga ko'ra, G.Ochilova Farg'ona shahrida yashovchi bola sotib olish niyatida yurgan shaxslarni topib, ularni Nilufar bilan uchrashtirish, chaqaloqni sotish masalasini gaplashish haqida kelishib oladilar.

Davlat xavfsizlik xizmati hamda Departamentning viloyat boshqarmalari tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda jirkanch hodisaning oldi olindi. G.Ochilova hamda N.Meliqo'zizoda go'dakni maxsus xaridorga 13.000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtda qo'lga olindi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Farg'ona shahar sudi tomonidan har ikki ayolga tegishli jazo tayinlandi. Mustafo Meliqo'zizodaning taqdirini hal qilish masalasi Farg'ona shahar hokimligi huzuridagi vasiylik va homiylik organining zimmasiga yuklatildi.

Ana shunday ayollardan yana bir guruhi sud kursisida javob berdi. Ozodaxon Xolmirzaeva ilgari ham javobgar sifatida sudlangan Mahfuza G'ulomova bilan o'zaro til biriktirib, manfur ishning boshini tutdilar. Ular Mahfuzaning jiyani Nargizaning farzandini osongina pullamoqchi bo'lishdi. Nargiza Inomjonovaning 2018 yil 24 martda tug'ilgan farzandi Muzaffar Inomjonovni tug'ruq bo'limidan olib chiqib, Z.Nazirovaga topshiradilar. Chaqaloq bilan birgalikda uning tug'ilganlik haqidagi guvohnomasini, tibbiyot varag'ini, chaqaloqning bobosi va buvisi tomonidan yozilgan rozilik tilxatini ham beradilar. “Xaridor”dan avval kelishib berilgan 50 AQSh dollaridan tashqari pulni, ya`ni 9950 AQSh dollarini qurtdek qilib sanab oladilar. Ushbu pulning 2100 AQSh dollari M.G'ulomovaning ko'rsatmasi bilan uning qizi D.Ashurovaga berilgan vaqtda huquq-tartibot idoralari tomonidan qo'lga olindilar.

Kimyoviy ishlov berilgan pullar, guvohlarning ko'rsatmalari, dalillar ularning jinoyatini yana bir karra oydinlashtirdi.

Ozodaxon Xolmirzaeva hamda Mahfuza G'ulomovalar sud hukmi bilan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Davlatjon AShUROV,

Jahongir USMONOV,

IJQK Departamenti viloyat

boshqarmasi katta inspektorlari

2019 yil 8 may, 36-son

Fargona haqiqati gazetasi

 

Boshqa xabarlar