37 ta uy topshirildi

75

Kishi ko'ngli faqat o'z uyidagina halovat topadi. Taqdirmi, qismati azalmi, shu choqqacha o'z uyiga ega bo'lmaganlar ham bor oramizda. Bunday insonlarga davlatimiz tomonidan doimiy e`tibor qaratib kelinmoqda.

Samarqand shahridagi «Shukrona» mahallasida bunyod etilgan na`munaviy loyihadagi uy-joylar 37 nafar nogironligi bor, kam ta`minlangan va ehtiyojmand fuqarolarga tuhfa etildi.
– Mazkur xonadonlarning 2 tasi Prezidentimizning 2017 yil 12 sentyabrdagi «Aholining kam ta`minlangan qatlamlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qaroriga muvofiq qurilgan, mutlaqo bepul, – dey­di Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi rai­­si o'rinbosari Akbar Qodirov. – 35 nafar fuqaroning bankdagi hisoblariga «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo'limi 25 million so'mdan mablag' o'tkazib berdi.
Yangi uylarni topshirish marosimi chinakam to'yga aylanib ketdi. Keng jamoatchilik vakillari va mehmonlar xonadon sohiblarini qutlashdi.
– Davlatimiz rahbariga rahmat, – dey­di 1-guruh nogironi S.Abdullaeva. – Oilamiz bilan yetti yildan ortiq muddat ko'ch-ko'ronimizni orqalab, ijarama-­ijara sarson bo'lganmiz. Endi o'zimizning uyimiz bor. Yangi xonadonlarga ko'chib kelganlarning barchasi imkoniyatiga qarab ish bilan ta`minlanishini eshitib, xursandchiligimiz yanada oshdi.
Viloyatda uy-joyga muhtoj bo'lgan fuqarolar ehtiyojini qondirishga alohida e`tibor qaratilmoqda. Birgina Samarqand shahrining o'zida ming nafardan ziyod uy-joyga muhtoj kishilar borligi aniqlangan. Ularning har biri bosqichma-bosqich o'z uylariga ega bo'ladi.

Nurilla ShAMSIEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar