ALDAGANI OBUNAChI YaXShI(MI)?

42

 

Bugungi kunda “O'zbekiston pochtasi”, ”Matbuot tarqatuvchi” kabi  obuna bilan shug'ullanadigan tashkilotlardan tashqari obuna uyushtiruvchi xususiy firmalar soni  ham sezilarli ravishda o'sgan. Ammo barchasining ham olib borayotgan faoliyati talab darajasida emas. Obunachilarga gazetalarning aksariyat sonlari umuman kelmayotgani, 3, 4 son to'planib bir vaqtda kelishi yoki umuman kelmay qolishi kabi jihatlar ko'p kuzatilmoqda. Jurnalist Bektosh Ismoilovning maqolasida aynan shu masaladagi muammolar o'z aksini topgan.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

OBUNAChINI KIM ALDAYaPTI?

Tahririyatga Toshkent viloyati Nurafshon shahar hokimligi, shahar xotin-qizlar qo'mitasidan  o'zini mutaxassis deya tanishtirgan Hilola ismli ayol qo'ng'iroq qilib, “Oila va jamiyat” gazetasi obunachilarga yetib bormayotganidan, ba`zida 3-4 ta sonini to'plab  olib kelishayotganidan shikoyat qildi.

Shahar mahalla fuqarolar yig'inlaridagi mavjud 15 nafar mutaxassislar yillik obuna bo'lishiga qaramay  yilning yarmi ham o'tmasidan gazetamizning aksariyat sonlari umuman kelmayotganligi, 3, 4 son to'planib bir vaqtda kelishi yoki orada umuman kelmay qolishini aytib shikoyat qildi.

– Qaysi tashkilotdan obuna bo'lgansizlar o'zi? – Aniqlik kiritish uchun so'rayman shikoyatchidan.

– “Matbuot servis” degan tashkilotdan. Bizga gazeta yetkazib beruvchi Rauf aka degan odamga qo'ng'iroq qilib tusholmayapman. Tahririyat bilan bog'lanib masalaga oydinlik kiritishda amaliy yordam berishlaringizni so'raymiz.

“Matbuot servis” MChJning Nurafshon shahriga yetkazib beruvchisi Rauf aka bilan telefon orqali bog'landim. Rauf aka ish haqini vaqtida  ololmaganligi, boz ustiga obunachilarning tinimsiz  e`tirozlari sabab “tinchgina” ishdan bo'shaganligini aytdi. Bu chalkashliklarning boshida turgan firma rahbari Suhrob degan yigitning telefon raqamini berdi. Endi hammasini aniqlayman, deb raqamga qayta-qayta qo'ng'iroq qilib tusholmadim… Biron bir chorasini topish ilinjida “Matbuot tarqatuvchi”ning Toshkent viloyat bo'limiga murojaat qildim. Bu tashkilot mutasaddilarining aytishicha, ayrim obuna bilan shug'ullanuvchi xususiy firmalar aynan “Matbuot tarqatuvchi”ning nomini sotib ish ko'rishmoqda. Natijada obunachilarning shikoyatlariga ular javob berishiga to'g'ri kelmoqda. Bundaylarga qonuniy chora ko'rish payti kelganligini, biroq bunday vakolat “Matbuot tarqatuvchi”da yo'qligini ta`kidlashdi.

Qiziq holat. Yil davomida obunachilarni turli xususiy tashkilotga ishonmay, tahririyatga to'g'ridan-to'g'ri obuna bo'lishga ogohlantirib boramiz. Shuncha targ'ibot-tashviqot ishlariga qaramay, aksariyat tuman, shahar hokimligi mutasaddilari o'zlari xohlagan tashkilotdan obuna bo'lishadi. Bugungi kunda matbuot nashrlarining nomi ko'pligidan obuna uyushtiruvchi xususiy tashkilotlar ham sezilarli ravishda o'sgan. Ayni paytda “O'zbekiston pochtasi”, ”Matbuot tarqatuvchi” kabi  obuna bilan shug'ullanadigan tashkilotlardan tashqari, tahririyatlarning o'zlari ham to'g'ridan-to'g'ri obuna uyushtirishni yo'lga qo'yishdi. Bu aslida ana shunday firibgarlarning ildiziga bolta urish maqsadida joriy qilingan edi, deyilsa xato bo'lmaydi.

Mayli, obuna majburiy emas, har kim ixtiyoriy ravishda bo'laversin, degan talab qo'yildi. Kimga qaysi yo'l qulay bo'lsa, shu tomonini ko'rsin, dedik. Afsuski, natija qoniqarli bo'lmayapti. Qulay fursatni kutib turgan obuna uyushtiruvchi xususiy firmalar ishi bitguncha amaldor “tanishlarini o'rtaga qo'yib”, ishi bitgandan keyin juftakni rostlab qolishyapti. Oqibatda firibgarning tuzog'iga ilingan oddiy obunachilar jabr ko'rishyapti va malomat toshlari tahririyat sha`niga yog'ilyapti.

Birgina misol, respublika bo'yicha mahalla fuqarolar yig'inlarida bir nafar, aholi soniga qarab ayrim katta yig'inlarda ikki nafardan mahalla mutaxassislari faoliyat yuritayotganini hisoblasak, ayni paytda  ular soni o'n mingdan oshib ketadi. Demak, bu o'n, o'n ikki ming obunachimiz bor degani. Mahallalarda shuncha mutaxassislar bo'lishiga qaramay, hozirgi kunda  gazetamizning tiraji 4572 donani tashkil qilyapti. Obunachilarimizning aksariyati 3 oy, 6 oy muddatga bo'lishgan. Mavjud obunaning 70 foizi joylarda pochta, matbuot tarqatuvchidan uyushtirilgan bo'lsa, qolgan 30 foizi mana shunday xususiy firmalar orqali “kimlarningdir manfaati” evaziga yuzaga kelmoqda. Natijada mahalliy hokimiyat mutasaddilari obunachilarni kim aldayotganini anglab yetganda, g'isht qolipdan ko'chib, firibgar ishini bitirib ketgan bo'lib chiqyapti.

Bektosh ISMOILOV,

«Oila va jamiyat» muxbiri

2019 yil 5 iyun, 22-son

“Oila va jamiyat” gazetasi

 

Boshqa xabarlar