BOR TOVOG'IM, KEL TOVOG'IM

124

 Import va eksport. Iqtisodiyotni bu omillarsiz  tasavvur qilish qiyin. Bu borada qaysi davlatlar bilan qanday hamkorlik qilyapmiz? “Qashqadaryo” gazetasida viloyatdagi joriy yilgi oldi-berdilar tahlili yoritildi. Xo'sh, voha iqtisodiyotida o'sish ko'zga tashlanadimi yoki pastlash…

 Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

 

XORIJGA NIMA SOTDIGU, NIMA XARID QILDIK?

Statistika ma`lumotlariga ko'ra, 2019 yil yanvar-aprel oylarida viloyatning tashqi savdo aylanmasi 510,5 million AQSh dollarini tashkil etgan. O'tgan yilning shu davriga nisbatan o'sish 2,4 marta ko'p. Haqiqatan ham yirik raqam bu. Ammo mahsuldorlik nima hisobiga yuqori bo'ldi? Bu boshqa masala. Mavjud ko'rsatkichlarga tayanib, mavzuga kengroq to'xtalsak.

Ahamiyatlisi, hududga  xorijiy  valyuta tushumini ta`minlashi lozim bo'lgan eksport hajmi deyarli oshmagan. Dastlabki to'rt oyda viloyatimizdan xorijiy mamlakatlarga 95,8 million AQSh dollari qiymatidagi  tovar va xizmatlar eksport qilingan.  O'z-o'zidan ma`lum bo'ladiki, tashqi savdo aylanmasi tarkibida import ulushi salmoqli. Ichki ehtiyoj uchun zarur mahsulotlarni chetdan xarid qilishga 417,7 million AQSh dollari sarflangan. Ya`ni, bulturgiga qaraganda 3,8 barobar ko'p import amalga oshirilgan. Natijada 318,8 million AQSh dollari miqdoridagi salbiy saldo yuzaga kelgan. Albatta, salbiy ko'rsatkich yaxshi emas, chunki  bu viloyatdan chiqib ketgan valyuta miqdori kirib kelgan valyutadan qariyb 4,5 baravar ko'p ekanligini anglatadi. Biroq ushbu sarmoya iqtisodiyotimizning texnologik rivojiga ishlatilgan bo'lsa, afsuslanishga hojat yo'q.

Ta`kidlash joizki, viloyatimizda zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni maqsad qilgan ekanmiz, xorijning yuqori texnologiyalariga murojaat qilishga majburmiz. Ayni omil esa hududning import ko'lami baland bo'lishiga turtki bermoqda. Yanvar-aprel oylarida 280 million AQSh dollaridan ziyod mablag' faqat shunga ishlatilgani ham fikrimiz tasdig'i bo'ladi.

Ushbu davrda import qilingan ayrim tovarlar tahlili ham bu boradagi sa`y-harakatlar behuda emasligini ko'rsatadi. Masalan, 2 million AQSh dollaridan ortiq mablag' sarflab, chetdan 629 dona avtoyukko'targich sotib olib kelingan. 89 dona zamonaviy traktor xarid qilishga ham 5 million AQSh dollaridan ziyod valyuta talab qilingan. Paxtachilikda klaster tizimi keng yo'lga qo'yilayotgani istiqbolli loyiha tashabbuskorlarini o'z moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga undayapti. Albatta, ushbu qishloq xo'jaligi texnikasi kelgusida sohada yuqori samaradorlikka erishishga sharoit hozirlaydi.

Shuningdek, mahalliy ishbilarmonlar tomonidan xorijdan 360 bosh  naslli qoramol keltirilgani ham foydaga xizmat qiladi. Tarmoqning go'sht-sut ishlab chiqarish quvvati ortadi. Yetishtirish qiyin bo'lgani sabab viloyatimizga ayrim sitrus mevalarni import qilish hamon davom etmoqda. 4 oyda 321 ming AQSh dollari evaziga 680 tonnadan ortiq mahsulot sotib olingani bunga bir misol.

Viloyat statistika boshqarmasi keltirgan tegishli axborotda chet el davlatlarining viloyatimiz tashqi savdo hajmidagi hissasi ham alohida qayd etilgan.

Mazkur davrda viloyatimizga mahsulot import qilishda Janubiy Koreya asosiy yetakchilikni qo'lga olgan. Ushbu mamlakat tashqi iqtisodiy faoliyati ishtirokchilari hududga 156,5 million AQSh dollari ekvivalentidagi tovar va xizmatlarni yetkazib bergan. Shuningdek, Xitoy (97,9 million AQSh dollari), Yaponiya (26,2 million AQSh dollari) va Germaniya (21,2 million AQSh dollari)ni ham bu boradagi asosiy hamkorlar sifatida sanab o'tish mumkin.

Eksportni oladigan bo'lsak, bugun bu jabhada Turkiya (23,7 million AQSh dollari), Eron (13,1 million AQSh dollari) va Xitoy (12,5 million AQSh dollari) mahsulot va xizmatlarimizni sotish uchun eng maqbul bozorlar ekani oydinlashadi. Keyingi o'rinlarda esa Rossiya, Qozog'iston va   Afg'oniston singari mamlakatlarni tilga olish mumkin. Geografik joylashuvi bo'yicha bizdan ancha uzoq o'lkalar – Yevropa, Sharqiy Osiyo, Afrikaga esa qashqadaryoliklarning kirib borishi hamon qiyin kechayapti.

Viloyatning eksport salohiyati haqida so'z borarkan, oxirgi paytda xorijliklarni aynan qaysi mahsulotlarimiz ko'proq qiziqtirayotgani masalasiga to'xtalmaslik mumkin emas. Ahamiyatlisi, eksportimiz tarkibida tovarlar katta ulushga ega – tegishli ko'rsatkich 98 foizga teng. Shuning asosiy qismi (27,5 foizi) oziq-ovqat, 17,1 foizi kimyoviy mahsulotlar va undan tayyorlangan buyumlar, 10,9 foizi esa energiya manbalari va neft mahsulotlari hissasiga to'g'ri kelmoqda.

Hududiy eksport hajmini qiyosiy tahlil etarkanmiz, bir ijobiy holat e`tiborni tortmay qolmaydi.      Eksportga qariyb 9 million AQSh dollari miqdoridagi to'qimachilik buyumlari yo'llangan. Anglashiladiki, hududda qayta ishlash korxonalari ko'paygani sayin xomashyoni chetga chiqarish keskin kamayib, eksport tarkibida tayyor va yarim tayyor mahsulot ulushi oshib bormoqda.

Tan olish kerak, eksportni rivojlantirishda xizmatlar sohasi imkoniyati ham nihoyatda katta. Dunyoda faqat shuning hisobidan kun ko'rayotgan mamlakatlar ham yo'q emas. Gonkong bunga yorqin misol. Lekin biz bu borada maqtana olmaymiz. Negaki bu yil yanvar-aprel oylarida hudud  eksporti tarkibida xizmatlar hajmi 2 foizdan oshmagani ham hammasini aytib turibdi. Atigi 1 million 937 ming AQSh dollari qiymatidagi xizmatlar ko'rsatilgan, xolos. Bunda ham asosiy salmoqqa transport xizmati, qurilish, safarlar va moliyaviy xizmatlar evaziga erishilgan.

Dastlabki 4 oyda aynan nimani eksport qila oldik? Bu ham qiziqish uyg'otmay qolmaydi. Avval dehqonchilik noz-ne`matlarini ko'rib boqsak. Ushbu fursatda xorijiy mamlakatlar bizdan 4986 tonna piyoz va sarimsoqpiyoz xarid qilishgan. Natijada 3 million 261 ming AQSh dollari miqdoridagi valyuta kelib tushgan. Shuningdek, o'tgan yilgi hosildan 721 tonna uzum chet elliklarga yetkazib berilgan. Yangi hosil – karamga ham ko'p xaridor topilgan. Qiymati 2 million 215 ming AQSh dollarilik 4371 tonna mahsulot tashqi bozorga chiqarilgan. 700 tonnadan ko'p sabzi, 2 ming tonnaga yaqin boshqa meva va sabzavotlar ham xorijiy mamlakatlar bozorlaridan joy olgan. Bundan tashqari, mahalliy tadbirkorlarimiz qariyb 3,5 million dona tuxumni chetga sotishgan.

Qirg'iziston (38,6 foiz), Qozog'iston (16,3 foiz) va Rossiya (14,1 foiz) vohamizda pishib yetilgan sarxil meva-sabzavotlarning asosiy xaridorlari sifatida namoyon bo'ladi. O'tgan yilning mos davridan farqli ravishda, joriy yilning to'rt oyida kamyob hol kuzatilgan, ya`ni Bolgariya, Kipr, Gruziya, Janubiy Koreya, Polsha, Ruminiya, Pokiston singari o'lkalarga qishloq xo'jaligi noz-ne`matlari yetkazib berilgan. Eksport qilingan mahsulot hajmi kamroq bo'lsa-da, bu bozorlarning ham asta-sekin zabt etilayotgan kishini xursand qiladi.

 

M.JO'RAEV

 2019 yil 7 iyun, 45-son.

“Qashqadaryo” gazetasi

Boshqa xabarlar