“ODAMLAR O'QIB, UYG'ONADI. KEYIN ULARNI QANDAY BOShQARAMIZ?”

104

Elektron ommaviy axborot vositalari rivojlangani sayin bosma nashrlarning faoliyatida ayrim murakkabliklar vujudga kelgandek go'yo. Gazetachilikning o'ziga xos xususiyatlari, obuna masalalari, jurnalistlar faoliyati haqidagi mulohazalar o'ttiz yillik muharrirlik tajribasiga ega bo'lgan “Qiziltepa tongi”  gazetasi bosh muharriri, “Oltin qalam” milliy mukofoti sovrindori  Rahim Maqsudovning maqolasidan o'rin olgan.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

GAZETANING KATTA-KIChIGI YO'Q

Yoki odamlarni uyg'otmaydigan nashr kimga kerak?

O'z kasbimiz taqozo etgan vazifani bajarishga intilishimiz, jamiyatda shaffoflik va ochiqlik muhiti bo'lishi uchun harakat qilishimiz zarur.  Jurnalistlarni bejiz asalariga o'xshatishmaydi. Asalari bir gramm asal yig'ish uchun uch ming­dan ziyod gulga qo'nib, shira olar ekan. Yana jahongir Napoleon Bonapartning “Men yuz ming qurollangan jangchidan ko'ra, uchta gazetadan qo'rqaman”, degan gapini o'qigan edim.

O'zimning o'ttiz yillik muharrirlik tajribamdan gazeta hayotiga oid ko'p voqealarni boshdan kechirdim.

Bundan ancha yillar oldin ekologiya muammolariga oid o'tkir chiqishlar qilgan edik: “Zaharfurushlarga jazo bormi?”, “Ajal havzasi” kabi maqolalar shular jumlasidan.

Shunda Buxoro viloyat partiya qo'mitasining ikkinchi kotibi meni tuman rahbari Mardon Shamsiev xonasiga chaqirib, tanbeh bermoqchi bo'ldi.

— Bundan keyin ekologiyaga oid mavzularni gazetada yoritmang, — dedi Buxoro viloyati partiya qo'mitasining ikkinchi kotibi.

— Nega? — dedim men.

— Odamlar o'qib, uyg'onadi. Keyin ularni qanday boshqaramiz?

— Odamlarni uyg'otmaydigan gazeta kimga kerak? — dedim men.

Mardon Shamsiev: “Viloyatning tegishli tashkilotlari gazetaning chiqishlari noto'g'ri bo'lsa, o'z xulosasini bersin”,  — dedi.

Ikkinchi kotib:  “Unday qilolmaymiz”, — dedi.

Shu bilan “masala yopildi”.

Boshqa gazetalar tahririyatlari kabi bizning jamoa ham asosan obuna hisobidan yashaydi. Reklama beruvchilar ham, undan daromad ham yo'q hisob. E`lonlar asosan hokimlikka tegishli bo'lgani uchun tekin. Meros ishi va tabriklardan bir yilda o'n million so'm ham tushmaydi…

“A-3” formatdagi 6 sahifali, tashqi sahifalari ko'p rangli, haftalik gazetamizning 2019 yillik obuna bahosini 76000 so'm belgiladik. Bir donasi 1460 so'm! Bu pulga hozirgi kunda bir litr qadoqlangan suv ham bermaydi. Xodimlarimiz bilan jamoama-jamoa, uyma-uy yurib, 8830 obunachi topdik.

Bugun daromadimizning 26 foizi bosmaxona xarajatlariga ketyapti. Bosmaxonalar narxni o'zi belgilaydi. Osmon! Tahririyatni himoya qiluvchi odam yo'q. Davlat unitar korxonasi bo'lgani uchun tahririyat yagona ijtimoiy to'lov solig'ini ham 12 foiz o'rniga 25 foiz to'lamoqda. Ijodiy xodimlar 7 kishi. Gazetani joylashtiruvchi, tarqatuvchi, obunani tashkil etuvchilar — jami 17 kishiga o'rtacha 18-19 million so'mlik ish haqi hisobidan 2,2 million so'm daromad solig'i va boshqa to'lovlar to'laymiz. Negaki qonunchilikda davriy nashrlar uchun imtiyoz ko'zda tutilmagan.

Tahririyatimiz ijodiy xodimlari o'tgan yili oyiga 2,5 million so'mgacha maosh olardi. Bu davrda byudjet tashkilotlari ish haqi keskin oshdi. Biz esa na ijodiy xodimlar va na shartnoma asosida ishlovchilar ish haqini oshira oldik. Sababi obuna narxini ko'tarmadik. Qimmatlashsa, obunachilarni yo'qotamiz.

“Majburiy obuna”ga qarshi hujum aksariyat hollarda “Obuna bo'lmaslik kerak” tadbiriga aylantirildi. Garchand bizning gazetani obunachilar har hafta juma kuni olishsa-da, obunachilarimiz 2000 nafarga kamaydi. Bu gazetaning sifatiga ham ta`sir etmasdan qolmadi. “Kiradigan eshigingni qattiq yopma!”

O'tgan yili 3578 ta, joriy yilning to'rt oyida 1200 xat oldik. Har bir sonda o'nlab mavzuni yoritamiz. Har yili bir qator yo'nalishlarda tanlovlar e`lon qilib, g'oliblarni mukofotlaymiz. Shu yilning birinchi choragida 2,5 million so'm va o'nlab  kitoblarni mukofot sifatida berdik. Shuning uchun jamoatchi muxbirlarimiz orasida maktablarning 1-sinf o'quvchisidan 80-90 yoshli keksalargacha, talaba, o'qituvchi-yu shifokorlardan olimlar, taniqli ilm-fan arboblarigacha bor.

Bu fikrlarni keltirishimdan maqsad — ishlayman, desa gazetaning katta-kichigi yo'q, o'z yo'lini, o'z o'quvchisini topishi mumkin.

Ammo jurnalist ham odamday yashagisi keladi. O'z bilim va iqtidorini muntazam oshirishi, hech kimga qaram — mute bo'lishni istamaydi. Buning uchun mamlakatdagi o'rtacha darajadan past ish haqi olmasligi kerak. Maktab o'qituvchilarining oylik maoshini ming dollarga yetkazish haqida gap ketayotgan bir vaqtda 100-200 dollarga kim o'zini jurnalist sifatida o'tga-cho'qqa urgisi keladi?

Tahririyatimizda ishlovchi besh nafar ijodiy xodimning hammasi oliy ma`lumotli… o'qituvchi. Maktabda yaxshi maosh olishi mumkin bo'lgach, ularni bu maosh bilan tahririyatda saqlashning qanday imkoniyati bor? Jurnalistlikka o'qiganlar esa tumanda qolishmaydi. Sabab — ish ko'p va tig'iz, yashash sharoiti shahardagidek emas.

Shunday ekan, umuman jurnalistika muammolari, ayniqsa, bosma nashrlar muammolarini yaxlit holatda ko'rish vaqti keldi. O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining maqomi masalasi qachon hal bo'ladi? Bu soha egalariga zarur imtiyozlar amalda qachon taqdim etiladi?

Sobiq sho'ro tuzumi davrida tuman gazetalarini nopisandlik bilan “rayonka” deb aytishardi. Samarqandlik jurnalist Farmon Toshevning yaqinda “Hurriyat”da chop etilgan maqolasida tuman gazetalarini bepul (tekin) tarqatish kerak, degan taklif aytilgan. Shunday tajriba bormi o'zi? Bo'lsa qaerda? Aslida hozir boshqa nashr­larni obuna qilish ham, tarqatish ham o'ta muammoli masala. Odamlar pul to'lab obuna bo'lgan nashrini kechikib oladi yoki umuman olmaydi. Bu respublika nashrlariga ham, viloyat nashrlariga ham tegishli gap.

Biz tumanimiz pochtachilarini bunday tashvishdan “ozod qilganimizga” yigirma yilcha bo'ldi. O'zimiz obuna qilamiz, o'zimiz yetkazib beramiz. Mushtariyning gazetamizni olishi kafolatlangan.

 

Rahim MAQSUDOV,

Navoiy viloyati, Qiziltepa tumani “Qiziltepa tongi”

 gazetasi bosh muharriri,

Xalqaro “Oltin qalam” milliy

mukofoti sovrindori

2019 yil 5 iyun, 13-son

        “Hurriyat gazetasi

 

 

 

Boshqa xabarlar