XOHISh YO'QMI Yo IMKON?

118

Maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirishga hissa qo'shish uchun tashabbus bilan maydonga chiqib, yo'qdan bor qilayotgan, o'g'il-qizlar uchun koshonasifat muassasalar barpo etayotgan tadbirkorlar ko'paymoqdaki, ularning sa`y-harakatlari tasannoga loyiq. Biroq Andijon viloyatining Izboskan tumanida bir paytlar gurkiragan MTM binosi sohaga e`tibor tobora yuksalayotgan bugungi sharoitda qarovsizlikdan, tizimga mas`ullarning loqaydligidan kundan kunga nurab, “qarib” borayotganligi har qanday kishining dilini ranjitadi.
Tuman hokimligining “Paxtakor” gazetasida e`lon qilingan maqola mualliflari ayni mavzuda bong uradilar.

Maqolani to'liq quyida o'qing!

«YoSh TURIB QARIYoTGAN» BINO

Olingan ma`lumotlarga ko'ra tumanimizda 19160 nafar maktabgacha ta`lim muassasasiga tortilishi zarur bo'lgan kelajagimiz vorislari bor. Tumanimizdagi mavjud 46 ta MTMlarda esa 8547 nafar (42 %) ertangi kunimiz egalari tarbiyalanmoqda, xolos.
Bugungi kunda ularning safida yana qo'shimcha uch yuz nafardan ortiqroq tumanimiz mehnatkashlarining farzandlari bo'lishi mumkin edi. Biroq ana shunday imkoniyatlar bo'la turib, bu qo'ldan boy berilmoqda. Nega, deysizmi?

Shundoq Poytug' shahri biqinida zamonaviy usulda barcha shart-sharoitlar muhayyo qilinib qurilgan, 140 o'rinli maktabgacha ta`lim muassasasining faoliya­ti 2011 yilda to'xtatildi. Ma`lumki, qaysi binoda inson nafasi bo'lmasa, u qanchalik mustahkam bo'lmasin, o'z-o'zidan nuray boshlaydi. Suvoqlari tushib, atroflari ko'rimsizlikka yuz tutadi.

32-MTM binosi peshonasiga ham ana shunday ko'rgilik yozilgan ekan. O'tgan yillar ichida asta-sekinlik bilan yemirila boshladi. Atrof­lari qarovsizlikdan, mevaga kirib qolgan turli daraxtlar sho'x bolalarning qilmish­laridan qaqshab, quruqshab yotibdi. Buning ustiga, tashmachilik ortib tushdi. Bir vaqtlar bolalarning shodon kulgusi yangragan binoning egasi yo'qday bo'lib qoldi. Bu, albatta, ayrim kalta o'y, tekin desa o'zini tomdan tashlaydiganlarga qo'l keldi. Bino derazalari oynalari va boshqa qo'lga kirarli narsalari olib ketildi, sindirildi. Bunday holatga mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ham, mahalla fuqarolar yig'ini rahbari ham, mahalla faollari ham o'ta beparvolik bilan qaradilar. Tashmachilikning oldini olishga harakat qilinmadi.

Salkam 50 sotix yerda biror narsa yetishtirishni hech kim xayoliga keltirmadi. Bor imkoniyat ko'kka sovurildi. Agarda ana shu faoliyatsizlikka yo'l qo'yilmaganda, o'tgan davr mobaynida, boring, 140 nafar emas, balki 100 nafardan kelajagimiz voris­lari ta`lim muassasasiga jalb qilinganda, bugungacha 800 nafardan ortiq bolalar bu dargoh ostonasidan o'tgan bo'larmidi? Xalq puliga, ular topgan daromadlarining ma`lum qismi, mehnati evaziga bunyod etilgan muhtasham muassasa butunligicha saqlab qolingan bo'larmidi? Bu yerdagi jihozlar talon-torojlikdan saqlangan bo'lardimi?

Shodlik MFY hududida maktabgacha ta`lim yoshidagi bolalarning 237 nafardan ortib ketganligi ota-onalarni o'ylantirib qo'ygan bo'lsa, ajab emas. Sababki, Beklar to'pi ko'chasida yashovchi Iqbola Boltaboeva mazkur maktabgacha ta`lim muassasasini ta`mirlab, ishga tushirish yuzasidan dastavval maktabgacha ta`lim bo'limiga, so'ng O'zbekiston Respublikasi Prezidenti ishonch telefoniga murojaat qildi. Bu murojaat javoblarning aylanishiga sabab bo'ldi.

Xo'sh, ana shu murojaat ham qilinmasligi mumkinmidi? Ha, agar mutasaddilar astoydil harakat qilganlarida, tumanimizdan yuqoriga bitta murojaat kam tushishi mumkin edi. Zero, o'tgan yilning 4 dekabridagi tuman maktabgacha ta`lim bo'limining xati yuzasidan tuman ishchi guruhining 11 dekabrdagi xulosasini inobatga olib, tuman hokimi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi «2017-2021 yillarda maktabgacha ta`lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida qaror qabul qildi.

32-MTM filiali (sobiq 10-MTM) alohida davlat maktabgacha ta`lim muassasasi sifatida 33-son nomi bilan MTM tashkil etish va yuridik maqomi berish, davlat ro'yxatidan o'tkazish, davlat reestr bazasiga kiritishni ta`minlash, 2019 yil xarajatlar smetasi, shtatlar jadvalini qayta ko'rib chiqish va bosh­qa tashkiliy masalalarni amalga oshirishni ta`minlash te­gish­li tashkilotlarga ko'rsatib o'tildi.

Afsus, bugungi kunda ham bu bino bolalarni qabul qilishdan benasib. Uning ahvoliga qaraganlar esa afsus­lan­masdan ilojlari yo'q. Qarovsizlikdan qartayib borayotgan bu binoning ahvoli ne kechar ekan? Binoning na shunday holatga tushib qolishiga sababchi bo'lganlar-i?

Chuvama qishlog'ida hozirda faoliyat ko'rsatmayotgan yana bir MTM ham borki, ahvol shunday davom etsa,uning holi ham 33-MTMnikidan qolishmay qoladi. Bundan kimga foyda, kimga zarar?!

M. MIRZAABDULLAEV,

Y. ISOQJONOV.

2019 yil 31 may, 28-29-sonlar

“Paxtakor” gazetasi

 

Boshqa xabarlar