«Anor» – havaslar maskani

111

Bo'stonliq tumanida «Anor» bolalar sog'lomlashtirish oromgohi faoliyat boshlashi munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasiga qarashli bo'lgan mazkur oromgohda juda katta hajmda qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan bo'lib, bolalarning mazmunli va maroqli dam olishi uchun barcha shart-sharoitlar ko'zni quvontiradigan darajada yaratilgan.
– Oromgohimiz 200 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, mavsum davomida 1000 nafar bolani qabul qilish imkoniyatiga ega, – deydi oromgoh rahbari Svetlana Lexno. – Ko'rib turganingizdek, oromgohda barcha shart-sharoitlar a`lo darajada. Bolalarning xursand bo'layotganidan biz xursandmiz.
Oromgohdagi 3 ta bolalar maydonchasi, suzish havzasi, kutubxona hamda Ma`naviyat va ma`rifat xonasi zamon talablari asosida jihozlangan. Kutubxona bolalar uchun mo'ljallangan kitoblar bilan boyitilgan. 50 o'ringa mo'ljallangan 4 ta yotoqxona xonalarga bo'lingan. Har bitta xonaga 8, 12, 14 va 16 nafardan bola joylashtirilgan. Turli sport va san`at to'garaklariga mo'ljallangan xona va maydonchalar ham bolalarni qiziqtiradigan darajada bezatilgan.
– Uch nafar farzandim shu oromgohda hordiq chiqaryapti, – deydi Toshkent shahri Uchtepa tumanidan kelgan Munira Ortiqxo'jaeva. – Oromgohning ochilishi juda qiziqarli va rang-barang o'tdi. Farzandlarim ilgari bosh­­qa oromgohlarga ham borishgan. Ammo «Anor»dagi shart-sharoit­lar maqtashganicha bor ekan.
Ochig'i, tog' bag'ridagi so'lim tabiat qo'ynida joylashgan va barcha qulaylik­larga ega bo'lgan zamonaviy ko'rinishdagi oromgohda dam olayotgan bolalarga bizning ham havasimiz keldi…

Alijon ABDURAHMONOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar