Atama o'zgarishi kerak

270

Ko'plab ziyolilar tashabbusni qo'llab-quvvatlamoqda

Bir muddat oldin ushbu mavzu ko'tarilgach, ko'pchilikda turli fikr-mulohazalar paydo bo'ldi. Hamonki, mavzuga munosabat bildirilayotgan ekan, demak ehtiyoj mavjud. Mavzu doirasida taniqli olimlar, yozuvchilar, shoirlar, bir so'z bilan aytganda, millatimiz jonkuyarlari bilan suhbatlashdik.

Professor Abduqahhor Ibrohimov: «Biz bu atamadan ancha oldin voz kechishimiz kerak edi. Biroq har xil sabablarga ko'ra, u bizga hamroh bo'lib kelmoqda. Ko'pchilik bundan norozi va uni o'zgartirish vaqti yetdi. Chunki «fuqaro» so'zining salbiy lug'aviy ma`nolari hozirgi kunda ham butun dunyoda saqlanib qolmoqda. «Bek(a)» atamasi o'zim va men maslahat qilgan olimlarga ham ma`qul bo'ldi».

Yozuvchi, tarjimon va shoir Shukrullo: «Bu atama allaqachon o'zgarishi kerak edi. …O'zingni-o'zing hurmat qilmasang, boshqa birov hurmat qiladimi?».

Akademik Baxtiyor Nazarov: «Hozirgi kunda ishlatilayotgan «fuqaro» atamasi o'zbek xalqiga mos kelmaydi. Qilayotgan ishlaringiz juda yaxshi, biroq taklifingizni xalqimiz qo'llab-quvvatlasa, natijaga erishiladi. Maslahatim, maqolalar chop etayotganingizda, rasmiy hujjatlarda, ommaviy axborot vositalarida va yozuvchilar asarlarida fuqaro atamasini xalqimizga nisbatan qo'llamaslikni tavsiya qiling. Birinchi navbatda, shunga erishilsa, bu atama o'zgarishi mumkin. Bir necha yil avval fuqaroning ma`nosini ko'pchilik bilmasdi, hozirda esa salbiy ma`nosi ancha tarqaldi, xalqimiz uni iste`moldan chiqazib tashlasa, o'rniga «bek(a)»ni qo'llash mumkin bo'lib qoladi. Bu so'z «fuqaro»ning aksi bo'lib, xalqimizga ijobiy ta`sir ko'rsatadi».

Professor Qozoqboy Yo'ldosh: «… Xalqni «fuqaro» deb atash haqiqatdan ham noto'g'ri ish bo'lgan. Hozirgi kunda aybdorlarni izlamasdan, uni o'zgartirish lozim. Siz taklif qilayotgan va ta`rif bergan «bek(a)» varianti to'g'ri tanlangan deb o'ylayman».

Professor Ahmad Quronbekov: «Bu atamani qo'llashni boshlashdan avval «Atamalar qo'mita»sida tilshunos olimlar kam bo'lgan, hozir esa bu qo'mita umuman faoliyat ko'rsatmaydi. Mening fikrimcha, aynan shu sababli «fuqaro» atamasi xalqimizga nisbatan noto'g'ri ishlatila boshlangan. Bu so'zga juda ko'pchilik qarshi bo'lishgan».

O'zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali: «… «Fuqaro» atamasini qo'llashda xatoga yo'l ­qo'yildi. …Siz taklif qilayotgan «bek(a)» deganda shu zaminning o'g'li, qizi, mulkdori, himoya­chisining nazarda tutilishi insonlarga g'urur bag'ishlaydi va ishonamanki, bu atama kelajakka olg'a intilishimizga katta madad beradi».

O'zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To'xtaboev: «Fuqaro» atamasi masalasidagi tortishuvlarni juda ko'p eshitganman va har doim u so'zga qarshi bo'lganman. Biroq shu paytgacha uning dunyoviy va diniy ilm bilan chuqur asoslanganini eshitmagan ekanman. Bu masala millatning or-nomusi, g'ururiga to'g'ridan-to'g'ri bog'liq. Sizga qanday qilib tashakkur bildirishga so'z topa olmayapman. Xalqimizning bunday atalishi juda katta xato. Siz ta`kidlayotganingizdek, xalqimiz shu zaminning bek va bekalaridir».

Bu mavzuga marhum atoqli adib va yozuvchilarimiz ham o'z vaqtida quyidagicha fikr bildirib o'tishgan edi:

O'zbekiston  Qahramoni Erkin Vohidov: «…Bamisoli ulamo, fuzalo olim-u fozilning ko'plik shakli bo'lganidek, fuqaro – faqirlar, ya`ni kambag'allar, yo'qsillar demakdir. Qoidaga ko'ra, fuqaroga ham «-lar» qo'shimchasini qo'shish xato bo'ladi».

O'zbekiston xalq yozuvchisi Tohir Malik bilan uchrashuv juda qiziqarli bo'lgan edi. «Men «fuqaro» atamasini juda-juda yomon ko'raman. Ba`zilar fuqaroda kamtarlik, kamsuqumlik fazilatlari mavjudligini ta`kidlashadi. Bilmadim, qaerdan olingan bu fazilatlar. Aslida esa, bu so'zning hech qaysi bir lug'atda uchramaydigan «kamtarlik, kamsuqumlik» va h.k. fazilatlari tilimizga qaerdan olib kirilganligini hech kim, hatto shu so'zni ishlata yotganlar ham aniq bilishmaydi. Allohning oldidagi faqirlik bu umuman boshqa narsa. Faqir bu – kambag'al, g'arib, bechora erkak kishi degani. Yevropa mamlakatlarida faqir deganda ko'chmanchi sehrgarlarni, og'ir yuk ko'tarib, og'riqqa chidamliligini ko'rsatib ommani hayratga soluvchi kishilarni tushunishgan. Shu so'zning ko'plik shakli «fuqaro» bo'ladi. Xalqni bunday darajada kamsitish mumkin emas. Bu to'g'rida men ko'p gapirganman. Xayrli ishga qo'l uribsiz. Men siz tomondaman, chunki xalqimizni shunday atab sharmandalik bo'lgan voqealarning guvohi bo'lganman. Yaqinda «Bek va bekajon» nomli kitobim chiqib qolishi mumkin, hali tugatganim yo'q. Shu kitobga siz bilan bo'lgan suhbatni ham kiritaman. Nasib qilsa, bu atamaning o'zgarganini ko'rarmiz». Ba`zi olimlarda «Falon professorning roziligini olib keling, undan keyin men ham sizni qo'llab-quvvatlayman» va «men fuqaro bo'lib tug'ilganman, fuqaro bo'lib o'laman» degan fikrlarning paydo bo'lishi kishini hayratga soladi. Ko'plab ziyolilar, jamoatchilik bekordan-bekor «fuqaro»ga qarshi emasdir. Demak, do'ppini olib qo'yib, bir qarorga kelish payti allaqachon kelganligini anglash fursati yetdi. Nazdimizda, bu atama o'zining yurtimizdagi salbiy vazifasini ado etib bo'ldi.Kimlardir tomonidan bilimsizlik oqibatida, pala-partish ravishda ishlatilib ketilgan va xalqimiz ruhiyatiga salbiy ta`sir qiluvchi so'zni o'zgartirish davlatni va xalqni qo'llab-quvvatlab, buyuk kelajagimizni yaratishda Prezidentimiz ko'rsatayotgan yo'ldan yurayotganimizni ko'rsatadi.

Ro'zmat
TOJIMURODOV,

tibbiyot fanlari nomzodi

Boshqa xabarlar