Oqibat sabog'i

71

 

Qo'limizda «Bir umrlik saboq» kitobi. Kitob «Ta’lim-media» nashriyotida chop etilgan. Muallifi – Maqsud Jonixonov.

Muallifni siz ham taniysiz. Maqsud Jonixonov bir muddat «Qishloq hayoti», 16 yil «Xalq so'zi» gazetasi tahririyatida bo'lim mudiri, bugungi kunda «Jamiyat» gazetasida Bosh muharrirlik qilmoqda. Ko'plab maqolalari, badiiy asarlari bilan o'quvchilar e`tiboriga tushgan iste`dodli ijodkor.
Ushbu kitob bu dunyoning ishlari haqida mo'`jaz hikoya, hangomalardan iborat. Ularda ota-ona mehri, farzand ehtiromi, oila a`zolarining bir-biriga oqibati, do'st-u birodarlar, qo'ni-qo'shnilar, safardosh-u saboqdoshlarning o'zaro munosabati ifodali tasvirlar vositasida hikoya qilinadi.
«Beamr tikan kirmas» deganlaridek, muallif kuzatgan voqealar hamisha sababsiz ro'y bermaydi. Velosiped o'g'irlagan bolaning badanini yara-chaqa bosadi, otasini nohaq ranjitgan o'g'ilning kosasi oqarmaydi. Shaharga nisbatan ovloq qishloqlarda mehr-muruvvat, hayo va ibo kabi ­qadriyatlar hamon yashab kelayotganiga ushbu kitobni varaqlaganda ishonasiz. Tasavvur qiling: Urgutda to'y boshlanyapti. Shahardan bir guruh qizlar yetib kelishdi. Tor shimlar kiygan «zamonaviy» qizlar hovlidan to uy ichiga kirib ketguncha bu yerdagi erkaklarning hammasi teskari qarab turishdi.
Muallifning ta`sirchan hikoyalarini shunchaki o'qimaysiz. Ularda onaning farzand uchun fidoyiligi, mehribonligi, otaning ertani ko'ra bilib tarbiya berishi kabi holatlar ko'zingizga yosh g'iltillatishi tabiiy. Ayniqsa, bunday kechinmalarga oshno bo'lgan kitobxon o'z-o'ziga «Men otamni, onamni rozi qildimmi?» degan savol qarshisida o'yga tolishi turgan gap. Kitobning tarbiyaviy jihati ham shunda, albatta.
Yo'l yursangiz sarguzashtlarga ko'p uchraysiz. Kitobdan joy olgan hikoyalarning ma`lum qismi safarnomalar. Qishning ayozli kunlarida muallif yosh bolalar bilan Samarqanddan qaytishda yuqori nuqtada yonilg'isiz qolib ketsa bo'ladimi. Bir qismlari benzinga ketishsa, qolganlar o'tin topib, gulxan yoqishadi. Shunday qilib vaziyatdan chiqishadi. «Dunyoda yaxshilar ko'p, azizlar» degan so'zlar hikoyaga yakun yasaydi.
Yaxshi odamlar. Globallashuv davrida manfaatni oldingi o'ringa qo'yuvchilar ko'payayotgan bugungi kunda faqat ezgulik yo'lida yashayotgan insonlar Maqsud Jonixonov asarlarining bosh qahramoni. «Ajr» hikoyasida tarannum etilgan Eshon bobo shulardan biri. «Omonatgina dunyoda hashamga emas, halollikka, poklikka, qalb tozaligiga ruju qo'ydilar. U kishini Alloh shunday toza siyratli-yu musaffo tiynatli etib yaratgan bo'lsa, ne ajab?! Yuzlaridan nur yog'ilib turuvchi bu insonning biror davrada ovoz ko'tarib gapirganini hech kim eshitmagan, Qur`oni Karimni mukammal egallagan bo'lsalar-da, hech qachon bundan mag'rurlanganlariga birov guvoh bo'lmagan. Farzandlari, nabiralari xato ish qilib qo'yishsa, muloyimlik bilan tushuntirganlar. Eshon boboning tarbiyasini olgan farzandlar-u nabiralar bilan suhbatlashsangiz, ularning odob-u ikromidan zavq olasiz.»
Shu insonni dafn etishayotgan paytda favqulodda hodisa ro'y beradi. Qabr tepasida arabiy yozuvlar paydo bo'ladi. Bitiklarni foto, video apparatlari tasvirga muhrlaydi. Yozuvlar olomonning ko'z o'ngida asta-sekinlik bilan g'oyib bo'ladi. Bu mo'`jiza ajib hikmat sifatida namoyon bo'ladi.
Har qanday buyuklik bo'm-bo'sh joyda paydo bo'lmaydi. Uning ildizi mumtoz o'tmishlardan oziq olsagina o'zligini namoyon etadi. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universiteti auditoriyasida Navoiy mukofoti sohibi Sherali Jo'raev bilan muloqot haqidagi lavha ana shu fikrlarimizni tasdiqlaydi. El nazariga tushgan hofiz Navoiy yozib qoldirgan oltin satrlarni kuyga soladi. Nafaqat ijro, balki ulug' shoir merosining nozik sharhidan ham talabalarni, kitob muallifini maftun etadi. Ochig'i, adabiyotni shunchalik tahlil qilish, xalqqa tushunarli qilib yetkazish hamisha ham uchrayvermaydi.
«Bir umrlik saboq» kitobi sodda, samimiy tilda ifoda topgan. Bu kitobxonni o'ziga tortadi, qiziqishni oshiradi. «Qisqalik – iste`dodning hamshirasi» degan naqlni amalda isbotlaydi. Maqsudjon taqdim etgan bitikni o'qish uchun alohida vaqt ajratish shart emas, uni yo'l-yo'lakay, ulovda ketayotib ham o'qish mumkin. Hamkasbimiz ijodiga baraka tilab, shunday jozibali kitoblar yaratishida omad tilaymiz.

Shuhrat JABBOROV,
O'zbekiston Respublikasida
xizmat ko'rsatgan jurnalist

Boshqa xabarlar