Xalqaro forumdan nimalar kutilyapti?

73

Yurtimizda bo'lib o'tadigan nufuzli tadbir – Kasaba uyushmalari yoshlarining xalqaro forumi o'z ahamiyati bilan bugun barchaning e`tiborini tortmoqda. Ayni paytda mazkur xalqaro forumga dunyoning 20 ga yaqin davlatidan 120 nafarga yaqin vakillar tashrif buyurishi kutilayotgani ushbu tadbirga nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy davlatlarda ham katta qiziqish bildirilayotganidan dalolatdir.
Xo'sh, «TEMP» nomi nimani anglatadi va ushbu xalqaro forum qanday maqsadni ko'zlagan?
«TEMP» – «Trudom Yedina Molodej Prof­soyuzov» jumlasining qisqartmasi bo'lib, uni «Kasaba uyushmalari yoshlarining mehnat birligi» deya tarjima qilish mumkin. Bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, turli mamlakatlar yoshlarini birlashtirish va ijtimoiy ahamiyatli loyi­halar hamda dasturlarni amalga oshirishda ijtimoiy va gumanitar hamkorlikni faollashtirish dolzarb vazifaga aylanganini hisobga olsak, forumning ahamiyati bizga yanada chuqurroq anglashiladi.

 

Forumning maqsadi – tadbirga tashrif buyuradigan xorijiy mamlakatlar va O'zbekiston kasaba uyushmalarining yosh faollarini davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, unda kasaba uyushmalarining ishtiroki, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, qo'llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, O'zbekistonning rivojlanishida muhim o'rin tutayotgan korxonalar, milliy mahsulotlarimiz bilan tanishtirish, ilmiy salohiyatni namoyon etish.

Forum doirasidagi  tadbirlar

Forumning birinchi kunida ishtirokchilar «Afrosiyob» tezyurar poezdida Toshkentdan Samarqandga borib, qadimiy zaminning boy o'tmishi va zamonaviy qiyofasi bilan tanishadi. Shuningdek, Samarqand shahridagi Yoshlar markazi binosida shahar hokimi B.Obloqulov va kasaba uyushmalari yosh faollari, yosh tadbirkor va fermerlar bilan uchrashuv, «Konigil Meros» qog'oz fabrikasiga tashrif tashkil etiladi.
O'sha kuni mehmonlar uchun qadimiy va muhtasham Registon maydonida forumning o'ziga xos madaniy dam olish qismi bo'lgan kechki musiqali shou dasturi namoyish etiladi.
Ertasiga ishtirokchilar poytaxtga qaytib kelgach, Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi «Charos» mehmonxona kompleksida tantanali kutib olinadi. Bu yerda ham ularni bir-biridan qiziqarli tadbirlar qarshi oladi. Psixologik treninglar, qiziqarli o'yinlar orqali o'zaro tanishuv, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tasarrufidagi sanatoriylar ko'rgazmasi, Milliy liboslar festivali forum qatnashchilariga o'zgacha taassurot bag'ish­lashi shubhasiz.
Shu kuni kechga xalqaro forumning rasmiy ochilish marosimi bo'lib o'tishi ko'zda tutilgan. Bundan tashqari, ishtirokchilar uchun alohida ssenariy asosida «TEMP – do'stlik forumi» nomli madaniy tadbir taqdim etiladi.
25 iyun, ya`ni forumning uchinchi kuni asosiy tadbirlardan biri – «Mamlakatni ijtimoiy rivojlantirishda kasaba uyushmalari yoshlarining o'rni: O'zbekiston ­tajribasi va xalqaro amaliyot» mavzusidagi xalqaro konferensiya o'tkazilishi belgilangan. Anjumanda xorijlik ishtirokchilarning ma`ruzalar qilishi, qatnashchilarning taqdimot asosida o'zaro tajriba almashuvi ko'zda tutilgan. Qolaversa, xalqaro konferensiyaning asosiy tezislari uchta seksiyada muhokama qilinadi va takliflar tayyorlanadi, konferensiya yakunlari yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Ahamiyatli jihati, ishtirokchilarga ruhiy ko'tarinkilik bag'ishlash maqsadida jismoniy mashg'ulotlar bilan shug'ullanish imkoniyati yaratiladi. Sport musobaqalariga tayyorgarlik, O'zbekistonning mashhur sportchilari, jahon, olimpiya chempionlari, grossmeysterlar bilan uchrashuv, mini-futbol, basketbol, voleybol, suzish, stol tennisi, badminton, shaxmat, shashka bo'yicha do'stlik sport musobaqalari shular jumlasidan.
Forumning keyingi kunida esa mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi yoshlari bilan uchrashuv bo'lib o'tadi.
Guruhlarga bo'lingan holda tashkil etiladigan kasaba uyushmalari faoliyatida innovasion texnologiyalarni qo'llash, kasaba uyushmalari yoshlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasini shakllantirish, omma oldida so'zga chiqish va ish beruvchilar bilan muloqot qilish qobiliyatini rivojlantirish bo'yicha mahorat darslari ishtirokchilarda faollikni oshirishga ko'mak berishi aniq.
Shu kungi das­turdan Bo'stonliqning xushmanzara tabiati qo'yniga sayr, o'zbek milliy hunarmandchilik mahsulotlari va rassomchilik ko'rgazmasi bilan tanishish, milliy taomlar tayyorlanishi va ularning namoyishi, «Plov-party» tadbiri ham joy olgan.
«TEMP – 2019»ning so'nggi tadbirlari bo'lib o'tadigan 27 iyun kuni ishtirokchilarga poytaxtimizdagi «Mustaqillik va ezgulik monumenti» poyiga gul qo'yish, qator muzeylar, Toshkent Turin politexnika universiteti hamda u yerdagi Axborot texnologiyalari va dasturiy mahsulotlar texnologik parki, Imzo, Artel, srafers korxonalaridagi mehnat sharoiti, ijtimoiy sheriklik munosabatlari bilan tanishish imkoniyati yaratiladi.
Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri foyesida «OPEN-AIR» Yoshlar simfonik orkestri konsert ­dasturi, Milliy cholg'u asboblari taqdimoti xalqaro forum doirasidagi tadbirlarga yakun yasaydi.
Muxtasar aytganda, xalqaro forum mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e`tibor, yaratilayotgan shart-sharoitlar, yurtimiz va xorij tajribasi misolida kasaba uyushmalari yoshlarining mamlakat ijtimoiy rivojlanishida tutgan o'rni, qolaversa, Vatanimizning ko'hna o'tmishi va boy madaniyati haqida yorqin tasavvur uyg'otish imkonini beradi.

To'lqin ShERNAEV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar