Biznesning virtual sirlari

143

Kichik biznesni omadli boshqarish uchun internet qanchalik zarur? Bu savolga necha yillar avval dunyoning eng boy odami Bill Geyts shunday javob bergan: «Internetda yo'qmisiz, demak, biznesda ham yo'qsiz…».
Bu demakki, quyidagi ma`lumotlar zamonaviy biznesda muhim ahamiyatga ega.

NIMADAN BOShLASh ZARUR?

Tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirmoqchi bo'lgan insonga internetdagi sayt juda asqotadi. Yaxshi sayt esa quyidagi talablarga javob berishi lozim:
* mijozlar e`tiborini torta olish va jalb etish;
* ularning xaridlariga qulayliklar yaratish;
* ma`lumot almashishga ko'mak berish;
* firma brendini ommalashtirish;
* yangi bitimlar tuzilishiga hissa qo'shish.
Endi saytning afzal jihatlariga to'xtalib o'tamiz. Saytda internet orqali mahsulotlarni reklama qilish imkoni yuzaga keladi. Bu doimiy ravishda mijoz e`tiborida bo'lish demakdir. Qolaversa, onlayn ofis uchun biror joyga ijara puli to'lashga hojat yo'q. Domen olish va oylik internet ­to'plamiga mablag' ajratilsa, kifoya. Sayt reklamali media maydonda mijozlar bilan virtual ma`lumot almashib, talab va taklif bilan ishlashga o'rgatadi. Bu veb sayti mavjud bo'lmagan firmalardan bir necha baravar ko'p daromad va obro' keltiradi. Brend mahsuloti «Google» va «Yandeks» orqali ko'p qidirilsa, bunday tadbirkorning ishlari chakki emas.

DUNYoGA YO'L

Veb sayt yaratishdan qanday foyda ko'rish mumkin? Odatda katta yoshli insonlar orasida an`anaviy tadbirkorlik qoidalariga rioya qilgan holda biznes bilan shug'ullanadiganlar ko'pchilikni tashkil qiladi. Chunki ular «baribir internetni tushunmayman», deb o'ylashadi. Lekin malakali sayt yurituvchi xodim topilsa, u sotuvchi yoki ishchilardan ko'ra o'n baravar ko'p foyda keltirishi mumkin. Masalan, AQSh kompaniyalarining 46 foizida haliyam veb sayt yo'q. Saytga ega kompaniyalar esa hozir butun dunyoga mahsulotlarini sotyapti.
Saytsiz ham yaxshi pul topayotgan bo'lsa-chi? Bu ham bor haqiqat. Ammo zamonaviy asrda kundan-kun internet biznesi rivojlanayotgani hisobga olinsa, kasod qiluvchi raqiblar ko'payib borayotgani ayni haqiqat. Hozirdanoq «kelajak avlod bozor-o'charni sayt orqali bajaradi», deb baralla aytish mumkin. Biznesining gullab-yashnashini istagan kishi zamonga moslashadi va internet bozoriga kiradi. Bu ham isbot talab qilmas haqiqat.
Agar ishlab chiqarilayotgan mahsulot faqat real bozordagina sotilib, internetda hali targ'ib qilinmayotgan bo'lsa, bu imkoniyatni qo'ldan chiqarmaslik lozim. Chunki aholining 61 foizi o'ziga kerakli xizmat va tovarlarni internetdan izlaydi. Demak, veb sayt yaratish va uni yuritish zarur.
Hozir bepul sayt yaratish imkoniyatlari paydo bo'lmoqda. Shunchaki yaxshilab surishtirish orqali veb dasturchi yollash mumkin. Birgina xodimga xizmat haqi to'lash qimmatga tushmaydi.
Shusiz ham mijozlarim yetarli, deb o'ylaydigan tadbirkorlar ulkan marralarni zabt etolmaydi. Yangi mijozlarni izlash uchun eng maqbul joy – bu virtual olam. U yerda bir paytning o'zida reklama va targ'ibot orqali ko'plab mijozlar topish mumkin. Ma`lum bo'lishicha, do'konga kirib kelgan yangi mijozlarning yarmidan ko'pi, albatta, nimanidir xarid qiladi.
Biznesning ijtimoiy tarmoqlarda o'z sahifasi, telegrammda kanali bor, shu yetarli, deb o'ylaydiganlar ham yanglishadi. Albatta, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo'lgan yaxshi, lekin u yerda onlayn savdo qilib bo'lmaydi. Saytda esa buning imkoni bor. Onlayn bozor uchun bir necha kurerlar yollanadi, xolos.

INTERNET – KO'PRIK

Veb sayt – biznesning bir bo'lagi. U tadbirkorni iste`molchilar bilan bog'lovchi ko'prik hisoblanadi. Ko'prik qanchalik mustahkam bo'lsa, tadbirkorlik faoliyati ham shu qadar rivojlanib boraveradi. Bugungi davrda iste`molchilarning didi nozik, mahsulotlar ham ko'p, ularning ichida o'z o'rniga ega bo'lish, kasodga uchramaslik uchun, albatta, katta kuch, aql, mehnat va investisiya talab etiladi. Bu borada sayt yordamchi bo'ladi. Onlayn bozor yordam bersa beradiki, aslo zarar keltirmaydi. Chunki arzon va sifatli mahsulotni qaerdan bo'lmasin, mijoz topib keladi. Aksar holda ko'tarasiga sotib olib, uni o'z hududida sotishi mumkin. Xullas, internet orqali savdolashish vaqt, quvvat va pulni tejaydi.
Onlayn ofis yaratishga kirishishda quyi­dagi maslahatlarga amal qilish foydali:
* saytda mahsulot va xizmatlar haqida to'liq ma`lumot berish;
* sifatli reklama matni, surati yoki videosini yaratish va ularni saytga joylash;
* yangi hamkorlik loyihalari bo'yicha taklif kiritish;
* mijozlarni jalb etishning turli yo'llarini izlash;
* har doim xushmuomala va hozirjavob bo'lish.

ONLAYN BOZORGA KIRISh

Sayt yaratilgach uni qanday yuritish kerak, degan savol tug'ilishi tabiiy. Birinchi qadam – nom. Saytning nomi firmaning yuzi hisoblanadi. Nom qisqa, lo'nda, ma`noli bo'lishi lozim. Xaridor kalit so'zlar orqali uni topa olishi kerak. Qolaversa, sayt tez ishlashi shart. Rang­lar va dizayn mijozlarni tortishi, ko'zni charchatmasligi zarur. Saytning har doim ishlab turishini nazorat qilish foydadan holi emas. Qulay narxlar, turli-tuman ­bonuslar, aksiya va takliflarga alohida e`tibor qaratish zarur. Ular mizojlarni doim jalb etuvchi omillardir. Saytda bosh­qalardan emas, aynan o'zidan sotib olishi kerakligi haqidagi maqolani ham joylash kerak. Hech qachon mijozlarni aldamaslik kerak. Ishonch – tomonlarni bog'lovchi ­mustahkam tuyg'u hisoblanadi. Original bo'lishga intilish ham muvaffaqiyat garovidir. Boshqa do'konlardan andaza olmang, o'z imijingizni yarating. Odamlar ko'proq tabiiy mahsulotlarga intiladi. Buni rek­lama matnida, albatta, ta`kid­lash lozim.

YaNA NIMALAR DARKOR?

Onlayn savdo sayt orqali pishgach, mahsulotni yetkazib berishda muammo paydo bo'ladi. Buning uchun kurerlar o'z vaqtida mahsulotni manzilga eltishi shart. Hech qachon xaridordan choychaqa so'ramaslik kerak. Professional xizmat ko'rsatish orqali obro' oshiriladi. Obro' esa narxlar qimmatlashsa ham xaridorni yo'qotmaslikka xizmat qiladi. To'lov turlarini qulay qilib qo'yish ham muhim ahamiyatga ega. Xaridor mahsulotga pul to'lash vaqtida bankka borishga yo'l qo'yib bo'lmaydi. Buning uchun sayt orqali to'lovlarni qabul qilish tizimini yo'lga qo'yish lozim. Saytda mijozlar uchun yozib qo'yil­gan telefon raqami hamisha ishlashi kerak. Bundan tashqari, agar mijozni qo'pol xodim qarshi olsa, xaridor qayta murojaat qilmaydi.
Bayon etilgan maslahatga amal qilgan kishi oddiy tadbirkordan barqaror va obro'li biznes egasiga aylanishi aniq. Shunday ekan, veb sayt yaratish va uni to'g'ri bosh­qarishga tezroq kirishish zarur.

Nodirabegim IBROHIMOVA
tayyorladi.

Boshqa xabarlar