Qishloq xo'jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari to'g'risida

131

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Hozirgi kunda qishloq xo'jaligida 20 million gektardan ortiq, shu jumladan, 3,2million gektar sug'oriladigan ekin yer maydonlaridan foydalanib, aholining ehtiyoji uchun oziq-ovqat mahsulotlari, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zarur xom ashyo yetishtirilmoqda.

Sug'oriladigan maydonlarning unumdorligini oshirish, meliorativ holati va suv ta`minotini yaxshilash maqsadida davlat dasturlari doirasida keng ko'lamli irrigasiya va meliorasiya tadbirlari amalga oshirilmoqda.

Natijada 2008-2017 yillar mobaynida 1,7million gektardan ortiq sug'oriladigan maydonlarning suv ta`minoti hamda 2,5 million gektar maydonlarning meliorativ holati yaxshilanishiga erishildi.

Biroq global iqlim o'zgarishi natijasida so'nggi yillarda davriy ravishda kuzatilayotgan suv tanqisligi va ichki irrigasiya tarmoqlarining asosiy qismi yaroqsiz holatga kelganligi sug'oriladigan ekin yerlarining meliorativ holati yomonlashishiga va yillar davomida foydalanishdan chiqib ketishiga olib kelgan.

Respublikada yillar davomida irrigasiya va meliorasiya holati yomonlashuvi natijasida foydalanishdan chiqib ketgan yerlarni bosqichma-bosqich qayta foydalanishga kiritish, yer osti suv zaxiralaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda ichki irrigasiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish orqali suv yo'qotilishini kamaytirish, shuningdek, bu ishlarda salohiyatli investorlar ishtirokini ta`minlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

Qishloq xo'jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi (keyingi o'rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;

Qishloq xo'jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2020-2030 yillarda qishloq xo'jaligi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo'yicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning prognoz ko'rsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;

2019-2022 yillar davomida qishloq xo'jaligi yerlarida suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilishning prognoz ko'rsatkichlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Qishloq xo'jaligida yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik qilish va davlat-xususiy sheriklikni joriy etish bo'yicha ishchi guruhi(keyingi o'rinlarda – Ishchi guruhi) 5-ilovaga muvofiq tarkibda tasdiqlansin.

Ishchi guruhi (J.A.Qo'chqorov, A.J.Vaxabov, J.A.Xodjaev)ga:

xalqaro moliya institutlarini jalb qilgan holda eksperiment tariqasida 2019 yilda Namangan viloyatining Pop va Mingbuloq tumanlaridaKonsepsiyani amalga oshirish tajribasini yaratish;

eksperiment natijalari asosida 2019 yil 1 noyabrga qadar Konsepsiyani amalga oshirish tajribasini boshqa hududlarda joriy etish, shu jumladan, yer va suvdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklikning aniq shartlarini, qo'shimcha imtiyozlar, alohida imtiyozli kredit liniyalarini hamda foydalanishga kiritilgan yer va suvdan foydalanish tartibini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqish va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilsin;

zaruratga ko'ra, mazkur Farmonning 2-4-ilovalarida belgilangan muddatlar va hududlarni o'zgartirish hamda ularga qo'shimchalar kiritish huquqi berilsin.

3. Belgilansinki, Konsepsiyani amalga oshirish doirasida irrigasiya-meliorasiya tarmoqlarini tiklash, rekonstruksiya qilish, suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda suvsizlikka chidamli ekinlarni ekish orqali foydalanishga kiritish uchuninvestisiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik asosida 50 yilgacha bo'lgan muddatga:

qishloq xo'jaligida foydalanishdan chiqib ketgan sug'oriladigan yerlar, shuningdek, lalmi va o'rmon fondi yerlari – O'zbekiston Respublikasi fuqarolari va qishloq xo'jaligi korxonalariga;

yaylov, bo'z, ko'p yillik daraxtzorlar va boshqa yerlar –O'zbekiston Respublikasi fuqarolari, qishloq xo'jaligi korxonalariga, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi rezidenti bo'lgan investorlarga beriladi.

4. Konsepsiyani amalga oshirish doirasida yer maydonlarini foydalanishga kiritishda:

erdan foydalanuvchilarga qishloq xo'jaligi ekinlarini mustaqil joylashtirish, yerga ishlov bermasdan ekin ekish va yerlarni ikkilamchi ijaraga berish huquqi beriladi;

mazkur yer maydonlari maqbullashtirilmaydi, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo'yilishiga yerdan foydalanuvchi roziligi asosida sarf etilgan mablag'larning bozor qiymati va olib qo'yish sababli yetkazilgan zararning o'rni to'liq qoplanganidan so'nggina ruxsat etiladi;

ushbu yer maydonlarida barpo etiladigan infratuzilma ob`ektlarini (dala shiypon, mahsulotlar saqlanadigan omborxonalar, sug'orish inshootlari va boshqalar) joylashtirishga ruxsat beriladi;

erdan foydalanuvchilarning ehtiyojlari uchun olib kelinadigan va respublikada ishlab chiqarilmaydigan xom ashyo, materiallar, texnika, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda bojxona to'lovlari (qo'shilgan qiymat solig'idan tashqari) to'lashdan ozod qilinadi;

qonunchilikda belgilangan imtiyozli davr yakunlanganidan so'ng yangidan foydalanishga kiritilgan yer uchastkasiga nisbatan 10 yil davomida ushbu yer uchastkasi foydalanishga kiritilgunga qadar belgilangan soliq stavkalari qo'llaniladi;

investisiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimda nazarda tutilgan hollarda O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan har bir gektar qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yerlarni foydalanishga kiritish bilan bog'liq xarajatlarning 50 foizi, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 50 barobaridan oshmagan qismi qoplab beriladi;

investisiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimda nazarda tutilgan hollarda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo'llab-quvvatlash davlat jamg'armasi mablag'lari hisobidan yerlarning suv ta`minoti tizimlarini qurish, rekonstruksiya qilish uchun jalb etilgan kreditlarning bir gektar hisobiga 40 million so'mdan oshmaydigan qismiga tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 5 foizlik punkti qoplab beriladi;

er maydonlari investisiyaviy shartnoma yoki davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitim imzolanganidan so'ng qonun hujjatlarida vakolat berilgan davlat organi (mansabdor shaxs)ning qaroriga asosan ajratib beriladi.

5. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq:

sug'oriladigan qishloq xo'jaligi yerlari maxsus muhofazaga olinib, ushbu yerlarni qishloq xo'jaligidan boshqa maqsadlarga, shu jumladan, sanoat va fuqarolik ob`ektlari (binolar va inshootlar) qurilishi uchun ajratilishiga yo'l qo'yilmaydi, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan ajratiladigan yerlar bundan mustasno;

qishloq xo'jaligidan boshqa maqsadlarda foydalanish uchun olib qo'yiladigan sug'oriladigan yerlar uchun kompensasiya to'lovi, olib qo'yilayotgan yer maydonlari joylashgan joylarni hisobga oluvchi koeffisientlar qo'llanilmagan holda, xuddi shunday yangi yerlarni o'zlashtirish uchun talab etiladigan mablag'ning 10 barobari, lalmi yerlar va sug'orilmaydigan ko'p yillik daraxtzorlar egallagan yerlar, pichanzorlar va yaylovlar holatini tubdan yaxshilash bilan bog'liq xarajatlarning 20 barobari miqdorida hisoblanadi.

Bunda sug'oriladigan yerlar uchun kompensasiya to'lovining 90 foizi, lalmi yerlar va sug'orilmaydigan ko'p yillik daraxtzorlar egallagan yerlar, pichanzorlar va yaylovlar uchun kompensasiya to'lovining 95 foizi Respublika byudjetiga hamda mos ravishda 10 va 5 foizi Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmalarining maxsus hisobraqamlariga o'tkaziladi.

Ushbu me`yor o'zboshimchalik bilan yerlarning qishloq xo'jaligi muomalasidan chiqishiga sabab bo'lgan hollarda yetkazilgan zararni hisoblashda ham qo'llaniladi hamda hisoblangan mablag'larning 95 foizi Respublika byudjetiga va 5 foizi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi hamda uning hududiy inspeksiyalarining rivojlantirish jamg'armasiga undiriladi;

sug'oriladigan yerlar hisobidan bog'dorchilik, uzumchilik va boshqa ko'p yillik daraxtzorlar hamda issiqxona xo'jaliklarini tashkil etish uchun yer ajratish O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida amalga oshiriladi;

yangi fermer xo'jaliklari va suv iste`molchilari uyushmalari suvdan foydalanish joylarida suvniboshqarish va hisobga olish vositalari bilan majburiy tarzda jihozlash sharti bilan tashkil etiladi;

er maydonlarini foydalanishga kiritish suvni tejovchi texnologiyalardan(tomchilatib, yomg'irlatib, tuproq ostidan tomchilab sug'orish va boshqalardan) foydalangan holda amalga oshiriladi.

6. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

a) mazkur Farmonning 3-ilovasida belgilangan qishloq xo'jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigasiya va meliorasiya ob`ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun talab etilayotgan mablag'lar,2019-2029 yillardagi Investisiya dasturi doirasida davlat byudjetidan meliorasiya ob`ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish uchun ajratiladigan mablag'larning 5 foizi miqdorida qo'shimcha ravishda yo'naltirsin;

b) O'zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasining hisob-kitoblari asosida “Mineral xom ashyo bazasini rivojlantirish va qayta to'ldirish” Dasturida ko'zda tutiladigan qishloq xo'jaligi ekinlarini sug'orishga yaroqli bo'lgan yer osti suvlari zaxirasini aniqlash ishlarini moliyalashtirish uchun davlat byudjeti hisobidan mablag' ajratsin;

v) Suv xo'jaligi vazirligi va Qishloq xo'jaligi vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:

qishloq xo'jaligida foydalanilmayotgan yerlarni foydalanishga kiritishda irrigasiya va meliorasiya ob`ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bilan bog'liq xarajatlarni qoplab berish tartibini;

er maydonlari egalarining tuproq unumdorligini saqlash va oshirishni rag'batlantiruvchi mexanizmlarni nazarda tutgan holda tabaqalashtirilgan soliq imtiyozlarini joriy qilish bo'yicha takliflarni O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

bir oy muddatda ilg'or xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda, yerdan foydalanish sohasida davlat-xususiy sheriklik to'g'risidagi bitimlarning namunaviy shakllarini ishlab chiqsin.

7. O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi:

a) Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan er maydonlarini ikkilamchi ijaraga berishni nazarda tutuvchi qonun hujjatlariga o'zgartirish kiritish bo'yicha O'zbekiston Respublikasining qonuni loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) sug'oriladigan va lalmi yerlar, tog' va tog'oldi hamda cho'l-yaylov hududlarining tuproq unumdorligini oshirish, suv va boshqa tabiiy resurslardan samarali foydalanish bo'yicha ilmiy tadqiqotlar olib borilishini;

zamonaviy usullar asosida mamlakat oziq-ovqat ta`minoti barqarorligiga erishish uchun yangi serhosil qishloq xo'jaligi ekinlari, ularning birlamchi urug'chiligini yaratish bo'yicha ilmiy tadqiqotlar tashkil etilishini va hayotga tatbiq etilishini ta`minlasin;

v) Farmonda ko'rsatilgan vazifalar ijrosini to'liq va o'z vaqtida amalga oshirilishini ta`minlash maqsadida vazirlik tarkibida qo'shimcha 4 ta shtat birligidan iborat mas`ul boshqarma tashkil etsin.

8. Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 2020 yil 1 yanvardan boshlab:

Qishloq xo'jaligi vazirligi, Suv xo'jaligi vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo'mitasi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo'mitasi bilan birgalikda har yili 1 noyabrga qadar mazkur Farmonning 3-ilovasida tasdiqlangan maydonlarning keyingi yilda qayta tiklanadigan va foydalanishga kiritiladigan yer maydonlari manzilli ro'yxatini shakllantirib, tasdiqlash uchun O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritib borsin;

paxta va g'alla yetishtirish rentabelligi past bo'lgan maydoni umumiy maydonning 50 foizdan ortiq bo'lgan tumanlarning barcha ekin maydonlarini irrigasiya va meliorasiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish sharti bilan paxta va g'allani to'liq qayta ishlashni tashkil etuvchi O'zbekiston Respublikasi rezidenti bo'lgan investorlarga berish yuzasidan takliflar kiritsin;

ushbu tumanlarda tashkil etiladigan paxta va g'allachilik yo'nalishidagi investorlarga mazkur Farmonning 4-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar qo'llanilsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Hukumat bo'ysunuvida qishloq xo'jaligi yerlaridan maqsadli va samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish yuzasidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi tegishli tuzilma tashkil etilishini ta`minlasin.

10. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga:

Konsepsiya va uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ning o'z vaqtida va samarali ijro etilishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini o'rnatish;

amalga oshirilgan ishlar to'g'risida vazirlik va idoralar hamda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimlarining axborotlarini har chorakda Senat, Qonunchilik palatasi va tegishlicha Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashlarining majlislarida eshitib borilishini ta`minlash tavsiya etilsin.

11. O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo'yicha maslahatchisi A.J.Vaxabov zimmasiga – Farmonning 3- va 4-ilovalaridagi prognoz ko'rsatkichlarni, Konsepsiya va uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ning o'z vaqtida va samarali ijro etilishini monitoring qilish va zaruriy choralarni ko'rib borish;

O'zbekiston Respublikasi qishloq xo'jaligi vaziri J.A.Xodjaev, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlari zimmasiga – Konsepsiya va uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi”ning o'z vaqtida va samarali ijro etilishini ta`minlash hamda yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;

O'zbekiston Respublikasi suv xo'jaligi vaziri Sh.R.Xamraev, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlari zimmasiga – Farmonning 4-ilovasidagi prognoz ko'rsatkichlari ijrosini ta`minlash, foydalanishga kiritilgan maydonlarda suv tejovchi texnologiyalarni qo'llash, irrigasiya tarmoqlarida suv yo'qotilishini kamaytirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, qo'shimcha suv omborlarini qurish;

O'zbekiston Respublikasi investisiya va tashqi savdo vaziri S.O'.Umurzoqov zimmasiga – Farmonning 3- va 4-ilovalaridagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida xalqaro moliya institutlari va chet el investorlari mablag'larini jalb qilish bo'yicha javobgarlik yuklansin.

12. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga mazkur Farmonning mazmun-mohiyati hamda unda belgilangan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini yoritib borish tavsiya etilsin.

13. O'zbekiston Respublikasi Qishloq xo'jaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                   Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 17 iyun

 

O'zA
Boshqa xabarlar