DUNYo YoShLARINI BIRLAShTIRGAN ANJUMAN

220

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan kasaba uyushmalari yoshlarining «TEMP – 2019» Toshkent xalqaro forumini ishtirokchilar shunday e`tirof etmoqda

Toshkent viloyati Bo'stonliq tumanidagi «Charos» mehmonxonasida xalqaro forum tantanali ochildi.
Unda so'zga chiqqan O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Q.Rafikov «TEMP – 2019» forumi yurtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan aholi, ayniqsa, yoshlarni kuchli ijtimoiy himoya qilish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar, bu borada erishilgan tajriba, yutuqlarni dunyo hamjamiyatiga yetkazish va targ'ib etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanini ta`kidladi.
Tadbirda Belarus kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Mixail Orda mazkur tadbir kasaba uyushmalari o'rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi istiqbollarni belgilashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Ikki davlat kasaba uyushmalari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qo'shgan hissasi uchun O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Qudratilla Rafikovga «Belarus kasaba uyushmalari harakatining 115 yilligi» yubiley medali topshirildi.
Rossiya mustaqil kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o'rinbosari Aleksandr Shershukov ushbu forumning o'tkazilishi xalqaro mehnat munosabatlarida muhim rol o'ynashiga alohida urg'u berib o'tdi.
Xalqaro anjumanda 20 ga yaqin davlatdan 100 nafardan ziyod yigit-qiz, shuning­dek, O'zbekiston kasaba uyushmalarining qariyb 150 nafar faol yoshlari qatnashmoqda.

Ushbu nufuzli tadbirning mazmun-mohiyatida bugungi kunda yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish, turli mamlakatlar yoshlarini birlashtirish va ijtimoiy ahamiyatli loyihalar hamda das­turlarni amalga oshirishda ijtimoiy va gumanitar hamkorlikni faollashtirish maqsadi yotganini aytib o'tmaslik mumkin emas. Ayni shu maqsaddan kelib chiqqan holda xalqaro forum davomida unda ishtirok etayotgan xorijiy mamlakatlar va O'zbekiston kasaba uyushmalarining yosh faollarini davlatimiz rahbari tomonidan yurtimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish mexanizmlari, unda kasaba uyushmalarining ishtiroki, yoshlarni ijtimoiy himoya qilish, qo'llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan ishlar, ­O'zbekistonning rivojlanishida muhim o'rin tutayotgan korxonalar, milliy mahsulotlarimiz bilan tanishtirish, ilmiy salohiyatni namoyon etish ko'zda tutilgan.
Forumning birinchi kuni ko'hna va navqiron Samarqand shahrida bo'lib o'tgani ham o'ziga xos ramziy ma`no kasb etdi. Xalqaro forum ishtirokchilari dastlab Sohibqiron Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishdi. Ular yo'l-yo'lakay samarqandlik yoshlarning sevimli maskaniga aylangan Universitet xiyobonida amalga oshirilayotgan qurilish va ­bunyodkorlik ishlariga ham bir qur nazar tashlab o'tishdi.
«Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivaliga qizg'in hozirlik ko'rilayotgan Registon maydonini forum qatnashchilari o'zgacha qiziqish bilan ko'zdan kechirishdi. Yoshlarga uch ming yillik tarixga ega Samarqandning faxri haqida keng tushunchalar berildi. Temuriylar boshlagan bunyodkorlikni keyinchalik shaharga hokim bo'lgan Bahodirxon Yalangto'sh mukammal ansambl darajasiga olib chiqqani, xalqimiz qonida bo'lgan yaratish ishtiyoqi avloddan avlodga o'tib kelayotgani mehmonlar tahsiniga sazovor bo'ldi.
Samarqand shahridagi «Yoshlar markazi»da forum ishtirokchilarining shahar hokimi Boburmirzo Oblaqulov bilan bo'lib o'tgan uchrashuvi ham jonli tarzda kechdi. Tadbir avvalida forum ishtirokchilari markazda tashkil etilgan yosh hunarmandlar, rassomlar va ijodkorlarning ishlanmalari, o'ymakorlik ishlari bilan tanishdilar. Ishtirokchilarning ayrimlariga bu sohada iqtidorlarini sinab ko'rish imkoniyati ham yaratib berildi.
Uchrashuvni Samarqand viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi ­raisi Suhrob Rafiqov ochdi.
– Qadim Rimga tengdosh bo'lgan shahrimizda kasaba uyushmalari yoshlari forumi ishtirokchilarini kutib olganimizdan mamnunmiz, – dedi Samarqand shahri hokimi B.Oblaqulov. – Shahrimiz aholisining asosiy qismini yoshlar tashkil etadi. E`tiborli jihati shundaki, kelajagimiz egalari bo'lgan yoshlarga umid va ishonchimiz katta. Ular hayotning barcha jabhalarida o'z iqtidor va qobiliyatlarini namoyon etib kelmoqda. Bugun yangidan barpo etilayotgan Samarqand sanoatining ustuni bo'lgan ishlab chiqarish korxonalarini yoshlar boshqarmoqda.
Tadbirda viloyat yoshlarining iqtisodiyot yuksalishidagi ulushlari, ijtimoiy rivojlanishdagi hissasi, yoshlarga davlat tomonidan ko'rsatilayotgan g'amxo'rliklar xususida so'zlab berildi.
Forum ishtirokchilarining navbatdagi tashrif manzili Samarqand tumanining Konigil qishlog'idagi «Konigil merosi» oilaviy korxonasi bo'ldi. Mazkur korxonada zamonaviy texnologiyalarsiz, barcha yumushlar tabiiy quvvatga asoslangan holda o'ta sifatli ipak qog'ozi ishlab chiqariladi. Pishiq, puxta ipak qog'ozining asosiy xomashyosi ham o'zimizning dalalarda o'sadigan tut xivchinlaridan olinayotir.
Ajdodlarimizning aql-zakovatini, iste`dodini o'zida jamlagan bu ishlab chiqarish aslida juda oddiy bo'lsa-da, mahsulot sifati jihatidan barcha turdoshlaridan ustundir. Tadbirkor Zarif Muxtorov bobolarimizning ushbu merosini tiklagan.
– Ayni chog'da oila a`zolarimiz bilan birgalikda 35 kishi bu yerda qog'oz ishlab chiqarish bilan shug'ullanmoqda, – deydi korxona xodimi Sanjar Muxtorov. – Qog'ozdan 50 turdagi mahsulot ham ishlab chiqaryapmiz.
Korxonada kuniga 50-100 varaq o'ta yuqori sifatli qog'oz tayyorlanadi. Bu qog'ozlardagi bitiklarni o'chirish ham dushvor. Pishiqlik darajasi a`lo, uni qo'l bilan tortib yirtib bo'lmaydi. Ayni chog'da mo'yqalam sohiblari o'z asarlarini ana shu qog'ozlarda tasvirlashga intilmoqda.
– Qadim Sharq madaniyatiga guvoh bo'ldik, – deydi Tataris­ton Respublikasi kasaba uyushmalari federasiyasi yoshlar masalalari yetakchisi Ilsiyar Kunakbaeva. – O'tmish ajdodlar tomonidan yaratilgan qog'oz ishlab chiqarishning bu uslubi oddiyligi, tejamkorligi va sifati bilan e`tiborimizni tortdi. Samarqandning o'ziga xosligi, bu zamindagi ko'hna san`at sir-u sinoati bilan tanishdik.
– Qarang, oddiy ariq suvi yordamida o'tmish avlod ne kashfiyotlarga erishgan, – deydi Ozarboyjon davlat muassasalari kasaba uyushmasi yoshlari vakili Rauf Imrahimli. – Bu biz uchun katta bir ibrat maktabi.
Ko'hna Samarqand qog'ozi va korxonada amalga oshirilayotgan ishlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Xalqaro forumning keyingi kuni Samarqanddan qaytib kelgan ishtirokchilarni Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi «Charos» mehmonxonasida tantanali kutib olish bilan bosh­landi. Turli xalqlarning qo'shiqlari va urf-odatlari aks etgan musiqiy chiqishlar qatnash­chilar uchun kutilmagan sovg'a bo'ldi.
Aytish joizki, ushbu betak­ror go'shada tashkil etilgan tadbir ruhiga mos mashg'ulotlar hech kimni e`tiborsiz qoldirmadi. Jumladan, qiziqishlar, xobbi, epchillik, ko'ngilochar o'yin bilan charchoqni yozish bo'yi­­cha psixologik trening hamda rang-barang o'yinlar uyushtirilib, unga ko'ra ishtirokchilar guruhlarga bo'lingan holda o'zaro tanishishdi.
Yoshlarning umumiy jihatlari, qiziqishi, qarashlari kreativ yondashuv asosida ko'rsatib berildi. Xotirasi, fikrlashi, tezkorligi turli o'yinlar bilan sinovdan o'tkazildi. Mutaxassislarning har bir mavzuga turlicha yondashuvi barchani yanada faol bo'lishga undadi.
– Har bir ishtirokchining faolligini oshirish, bir-biri bilan tanishtirish maqsadida ularni uch guruhga bo'lgan holda, interfaol usullar orqali tanishuvni amalga oshirdik, – dey­di psixolog Nargiza Norqulova. – Shuning­dek, trening tizimida dars tashkil etdik. Nazarimizda, darslar jozibali tus oldi. Sababi, ushbu interfaol tanishuvda har bir ishtirokchi faollashuvi, birlashishi, guruh a`zosi sifatida jipslashishiga erishdik, deb o'ylayman.
Umuman olganda, trening­ning bosh maqsadi nafaqat ishtirokchilarning bir-biri bilan tanishuvi, balki dunyoqarashi, intellekti va fikrlarini jipslashtirishdir. Trening mashg'ulotlari orqali kuch, muvaffaqiyat va do'stlik birlashib harakat qilishda ekanini barcha ishtirokchilar tushunib yetishdi.
Forum qatnashchilari O'zbekiston kasaba uyushmalari tasarrufidagi sanatoriylar ko'rgazmasida sihatgohlarda davolanuvchilar uchun tashkil etilgan shart-sharoitlar, sport trenajyorlari, fitobar, taklif etiladigan xizmatlar hamda har bir sanatoriyning o'ziga xos jihatlarini namoyon qiluvchi ko'rgazmali jihozlar va brosh­yuralar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo'lishdi. Aytish mumkinki, o'ziga xos jihatlari, iqlim va joy nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda yo'lga qo'yilgan muolajalar mehmonlarda katta qiziqish uyg'otdi.
Forum dasturidan milliy liboslar festivali ham o'rin egallab, unda atlas, adras, shoyi, ipak va boshqa matolarimizdan tikilgan liboslar namoyish etildi. Bejirim, o'ziga xos did bilan tikilgan kiyimlar ishtirokchilarning hayrat va havasiga sabab bo'ldi.
Mehmonlar Prezidentimiz tomonidan yosh avlodni madaniyat, san`at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularda axborot texnologiyalaridan to'g'ri foydalanish ko'nikmasini shakllantirish, kitobxonlikni targ'ib qilish, xotin-qizlar bandligini ta`minlash bo'yicha ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbus mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
Toshkent xalqaro forumi ishtirokchilarda mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e`tibor, ularga yaratilayotgan sharoitlar, bu jarayonda yurtimiz kasaba uyushmalarining tutgan o'rni, qolaversa, Vatanimizning ko'hna o'tmishi va boy madaniyati haqida yorqin tasavvur uyg'otmoqda.
– Forumni zo'r tayyorgarlik bilan tashkil etgani uchun O'zbekiston kasaba uyushmalariga minnatdorlik bildiramiz, – deydi Qozog'iston kasaba uyushmalari Federasiyasi vakili Yerlan Tuletaev. – Biz ushbu tadbir sabab bir qator davlatlar kasaba uyushmalari yoshlari vakillari bilan do'st tutindik. Kelajakda ular bilan muntazam aloqalarni yo'lga qo'yishga kelishib oldik.
– Taassurotlarimiz katta. Nasib qilsa, kelgusida ushbu forumni Qirg'izistonda ham o'tkazishni rejalashtiryapmiz, – ­deydi Qirg'iziston kasaba uyushmalari Federasiyasi vakili Saltanat Nusubalieva. – Bu kabi uchrashuvlarning muntazam davom etishi doimiy do'stlik rishtalarini bog'lashimizga xizmat qiladi. O'zaro tajriba almashib, buni sohamizda qo'llasak faqat va faqat ijobiy natijalarga erishishimiz shubhasizdir.
– Forum ishtirokchilari bilan dastlabki kundan birgamiz, – deydi O'zbekiston sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi raisining yoshlar masalalari ­bo'yicha maslahatchisi Maqsad Zohidov. – Ular forum kutilganidan ham ortiq bo'layotganini har qadamda e`tirof etishmoqda. Ayniqsa, ishtirokchilarni yanada jips­lashtirish, bir-biriga ishonchini orttirish masadida tashkil etilgan ko'ngilochar ­o'yinlar, psixologik treninglar mehmonlarga nihoyatda manzur bo'ldi. Dastur doirasidagi bundan keyingi tadbirlar ham ularning yanada zavq olishi, nazariy va amaliy bilimlarini oshirishga xizmat qiladi.
San`at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokidagi konsert dasturi barchaga ko'tarinki kayfiyat ulashdi.
Forumning ochilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o'rinbosari, Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi Q.Quronboev ishtirok etdi.

To'lqin ShERNAEV,
Salim ABDURAHMONOV
A`zam ABULFAYZOV,
Nurilla ShAMSIEV,
«ISHONCH»

 

 

 

Boshqa xabarlar