Farzand ham begona bo'ladi(mi?) yoxud otalik maqomini unutganlar

107

Xalqimizda oila muqaddas qo'rg'on sifatida e`zozlanadi. Ammo, afsuski, keyingi payt­larda oila, farzand oldidagi ­mas`uliyat, burch, ota-onalik maqomini unutib qo'yayotganlar ham yo'q emas.

O'tgan yilda alimentni o'z vaqtida to'lamagan 7 nafar kishiga ma`muriy jazo qo'llanilgan. Vaholanki, Oila kodeksiga asosan ajrashgan va voyaga yetmagan bola tarbiyasi bilan shug'ullanayotganning foydasiga aliment undirish belgilab qo'yilgan. Afsuski, bu majburiyatdan ham bo'yin tovlaydiganlar bor.
Aslida oila atalmish muqaddas qo'rg'onni saqlab qololmagan ota-onaning farzandi uchun to'laydigan tovonida hisob bormi?
– Afsuski, ayrim otalar aliment to'lash borasida bosh qotirishni istamaydi, – dey­di Do'stlik tumani hokimi o'rinbosari, xotin-qizlar qo'mitasi raisi Gulbahor Xolmurodova. – Ular odatda «Aliment pulini bolamga emas, o'ziga sarflayapti, oiladagilariga bo'lib beradi, shuning uchun to'lamay qo'ydim» qabilidagi turli vajlarni ro'kach qiladi. «Ajralishni xohladi, javobini berdim. Endi yangi oilam bor, ular esa sobiq oilam» deydiganlar ham topiladi. Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: insonga o'z farzandi ham begona bo'ladimi?!
Farzandlar umr davomchilaridir. Butun aybni ayoliga to'nkayotgan, o'z xatolarini unutgan ayrim «haqgo'y» otalar bu asl haqiqatni teran anglab yetmas ekan, bu boradagi muammolarning yechimi murakkab­lashaveradi.
Albatta, qonunchilikka asosan Mehnat va Oila kodekslari, hamda «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to'g'risida»gi qonunga o'zgartirish hamda qo'shimchalar kiritildi. Ular ota-onasidan ajralgan voyaga yetmaganlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun muhim kafolat. Endilikda aliment to'lashdan bo'yin tovlaganlik uchun 15 sutka qamoq jazosi belgilandi. Bu alimentlarning tezroq to'lanishini ta`minlashga xizmat qiladi. Agar bu chora ham naf bermasa, aybdor jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Bundan tashqari, aliment to'lashi shart bo'lgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida u ta`minot berishi lozim bo'lgan aliment oluvchilar bilan kelishuv tuzishi shart. Aliment to'lash to'g'risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to'lanadigan qismi qat`iy summada belgilanishi va alimentni bir yo'la to'lash to'g'risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish to'g'risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli. Aliment miqdori o'rtacha oylik ish haqi miqdori bo'yicha hisob­lab chiqiladi.

Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, kelajagimiz vorislari bo'lgan farzandlar taqdiriga nafaqat mutasaddi tashkilotlar, balki qarindosh-u mahalla-ko'y ham daxldordir. Zero, ota-ona mehrining bahosi yo'q. O'z farzandlariga mehr bergan insonlar kelajakda mehr ko'radi. Yaxshilikka yaxshilik qaytadi. Bu –o'z isbotini topgan hayotiy haqiqat.

Sunnat ISMOILOV,
Do'stlik tumani Majburiy ijro
byurosi bo'limi boshlig'i

Boshqa xabarlar