O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Qudratilla Rafikovning «Mamlakatni ijtimoiy rivojlantirishda kasaba uyushmalari yoshlarining o'rni: O'zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot» mavzusidagi xalqaro konferensiyada so'zlagan N U T Q I

259

Assalomu alaykum, aziz forum qatnashchilari va mehmonlar!
Biz jiddiy tayyorgarlik ko'rgan «Temp-2019» — Kasaba uyushmalari yoshlarining xalqaro forumi muvaffaqiyatli boshlandi. Ushbu forum beshinchi marta o'tkazilyapti va u yaxshi an`analarga ega bo'lishga ulgurdi.
Forumdagi ishtirok bizga nafaqat yangi axborotlar bilan tanishish imkonini beradi, balki muammolarni chuqur ko'ra olish, ularga nostandart yechimlar topish va eng asosiysi, o'z faoliyatimiz hamda jamoamiz uchun ­mas`uliyatni zimmamizga olishga o'rgatadi.
Bu o'ta ahamiyatga molik sifatlar va ularni har bir yosh, ayniqsa, kasaba uyushmasi yetakchisi o'zida tarbiyalamog'i lozim.
Qadrli do'stlar!
Yoshlar bilan ishlash ayniqsa biz uchun juda muhim. Chunki tobora o'sib borayotgan O'zbekiston aholisining 60 foizini 30 yoshgacha bo'lgan yigit va qizlar tashkil etadi.
Sizlarga, sizlarning yonib turgan ko'zlaringiz va jo'shqinligingizga boqib, biz – katta avlod vakillari bir vaqtning o'zida quvonch va havasni his qilamiz.
Chunki siz o'z yurtingizdagi bunyodkorlik jarayonlarida ishtirok etish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga shaxsiy hissangizni qo'shish imkoniyatiga egasiz.
Bugun ilmiy-texnika taraqqiyoti va raqamli texnologiyalarning eng so'nggi natijalaridan siz unumli foydalanmoqdasiz. Bir paytlar ularning birontasi katta avlod vakillarining hatto tushiga ham kirmagan edi.
Bizning bugungi eng muhim vazifamiz va bevosita majburiyatimiz – yoshlar uchun o'z salohiyatini har tomonlama namoyon etish, zamon talablari darajasida bilim va kasb malakasini oshirish ustida ishlash uchun eng qulay imkoniyatlar yaratishdan iboratdir.
O'zbekiston uchun «Yoshlar – bizning kelajagimiz» degan so'zlar – bu shunchaki chiroyli shior emas, balki u asosiy g'oya, bizning davlat siyosatimizning ustuvor yo'nalishi bo'lib, milliy Strategiyamiz va harakatlarimizni amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega. Bunda hal qiluvchi rol o'zbek yoshlariga tegishlidir.

 

Sizlarga ma`lumki, bugun bizning mamlakatimizda O'zbekiston Respub­likasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoevning bevosita boshchiligida hayotimizning barcha sohalarini isloh qilish va yangilashning ko'lami va yo'nalishi bo'yi­­cha o'xshashi yo'q ulkan das­tur amalga oshirilmoqda.
O'zbekistonda har bir kishi qabul qilinayotgan tarixiy farmonlar va qarorlar, jalb qilinayotgan xorijiy investisiyalar, eng ilg'or jahon texnologiyalari asosida keng miqyosda bunyod etilayotgan minglab yangi korxonalar, uy-joylar va bosh­­qa ijtimoiy infratuzilmalar haqida faxr va iftixor bilan so'zlab beradi. Demokratik o'zgarishlar har kuni sodir bo'lmoqda, butun o'zgarishlar jarayoni doimiy harakatda.
Har qanday mamlakatda har jihatdan yetuk avlodni tarbiyalash masalasining muvaffaqiyatli yechimi ko'p­lab omillarga bog'liq bo'lib, ular davlat organlari va jamoat tashkilotlarining doimiy diqqat-e`tiborida bo'lishi va yaqin ijtimoiy sheriklik asosida hal qilinishi lozim.
Shuni inobatga olgan holda, shu yilning mart oyida davlatimiz rahbari Shavkat ­Miromonovich Mirziyoev mamlakatning ijtimoiy rivojlanishida yoshlarning rolini oshirishga doir beshta muhim tashabbusni ilgari surdi.
Birinchi tashabbus: yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san`atning boshqa turlariga bo'lgan qiziqishlarini kuchaytirish.
Ikkinchi tashabbus: yoshlarni sportga qamrab olish, buning uchun zarur bo'lgan sharoitlarni yaratish.
Uchinchi tashabbus: aholi va yoshlar o'rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etish.
To'rtinchi tashabbus: yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish, ular o'rtasida kitobxonlikni keng targ'ib qilish.
Beshinchi tashabbus: yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta`minlash.
Har bir tashabbus bo'yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Hurmatli Forum qatnash­chilari!
Yoshlar bilan ishlashning pirovard maqsadi – ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ochish, fuqarolik mas`uliyati va amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarga daxldorligini kuchaytirishdan iboratdir.
Yoshlarning bunyodkorlik va tadbirkorlik faolligini ro'yobga chiqarish uchun zarur huquqiy, siyosiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgandagina ushbu maqsadga erishish mumkin.
O'zbekiston – mehnat bozori uchun katta demog­rafik yuklamali mamlakat bo'lib, har yili 500 mingdan ortiq navqiron avlod vakili katta hayotga qadam qo'yadi va bandlikka ehtiyoj sezadi.
Ma`lumki, yoshlar mehnat bozorida o'ziga xos xususiyatlarga ega. Yigit va qizlarning o'qishni tugatib, mehnat faoliyatiga mustaqil ravishda o'tishi bilan bog'liq mushkulliklar mavjud.
Bu muammolarni hal qilish uchun O'zbekistonda amaliy qadamlar tashlanmoqda, ular:
birinchidan, ta`lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta`minlash uchun ish joylarini kvotalashtirish;
ikkinchidan, yangi ish joylarini yaratishga davlat buyurtmasini shakllantirish;
uchinchidan, yoshlarning maksimal bandligini joriy etish.
Shu ma`noda davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan va yoshlar bandligini kompleks ravishda ta`minlashga qaratilgan «Yoshlar – kelajagimiz» Davlat dasturi har jihatdan noyobdir.
Hurmatli Forum ishtirokchilari va mehmonlar!
Bizning mamlakatimizda davlat va kasaba uyushmalarning yoshlar siyosati to'laligicha bir-biriga mos keladi. Bu esa mehnat bilan band bo'lgan va ilm olayotgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni kasaba uyushmalariga jalb qilish, kasaba uyushmalari faollarini tayyorlash va ular safini yoshlar bilan to'ldirish O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi ishini sezilarli ravishda yengillashtiradi.
2008 yilda kasaba uyushmalari Federasiyasining Yoshlar kengashi tashkil qilingan edi, 2017 yilda u Yoshlar birlashmasiga aylantirildi va o'z faoliyatini barcha tarmoq va hududiy kasaba uyushmalari birlashmalarida amalga oshirmoqda. Yoshlar birlashmalarining raislari kasaba uyushmalari organlari rahbarlarining maslahatchilari sanalishadi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Yoshlar birlashmasining tashabbusi bilan yosh xodimlar va talabalarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha izchil ishlar olib borilmoqda.
Doimiy tarzda «Eng faol yosh mutaxassis», «O'z kasbining eng faol va mohir egasi», «Eng mas`uliyatli yosh ish beruvchi», «Mehnat huquqi bilimdoni» va boshqa nomdagi tanlovlar o'tkazilmoqda.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan har yili talabalar uchun kasaba uyushmalari stipendiyasi, iqtisodiyot, huquq va sanoat xavfsizligi sohasida yosh olimlar uchun grantlar ajratiladi.
Yoshlar bilan ishlashning eng muhim yo'nalishlaridan biri xodimlarning aniq ehtiyojlari jamoa shartnomasida doimiy ravishda hisobga olinishidir.
Yosh xodimlar uchun jamoa shartnomasida quyidagi aniq choralar ko'zda tutiladi:
birinchidan, uy-joy qurilishi, uzoq muddatga foydalanish uchun sotib olinadigan mahsulotlar, shuningdek, mobil chaqiriq zaxirasida xizmatni o'tash uchun foizsiz ssudalarni taqdim etish;
ikkinchidan, oliy o'quv yurtlarida o'qish uchun kontrakt pulini to'lash uchun moliyaviy ko'mak berish;
uchinchidan, yosh mutaxassislar uchun uy-joy ijarasi xarajatlarini to'lash;
to'rtinchidan, turmush qurish vaqtida, shuningdek, bola parvarishi bo'yicha ta`tilda bo'lgan davrida moddiy yordam ko'rsatish;
beshinchidan, 3 yoshgacha bo'lgan bolalari bor yosh onalarning ish vaqtini qisqartirish;
oltinchidan, ayollar uchun homiladorlik va tug'uruq bo'yicha ta`tilni cho'zish;
ettinchidan, chet tillarini o'rganish xarajatlari ish beruvchi tomonidan qop­lanishi va boshqalar.
Qadrli mehmonlar!
O'zbekistonda bo'lib, mamlakatimiz hayotining turli sohalari bilan tanishib, yoshlarimiz va kasaba uyushmalari faollari bilan muloqot jarayonida, olib borilayotgan bunyodkorliklar ko'lamini o'z ko'zlaringiz bilan ko'rish va baholash imkoniyatiga egasiz.
Yalpi va seksiyalardagi majlislar davomida taj­riba almashinuvi, qimmatli maslahatlar va takliflar uchun o'z minnatdorligimizni bildiramiz. Chunki bu bizga o'z faoliyatimizni takomillashtirish, islohotlarimizni muvaffaqiyatliroq va samaraliroq amalga oshirishga yordam beradi.
So'zim yakunida barcha ishtirokchilarga kasaba uyushmalari yoshlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oldida turgan ijtimoiy mas`uliyatli vazifalarni hal etishga safarbar qilishda katta muvaffaqiyatlar tilab qolaman.
E`tiboringiz uchun tashakkur!

Boshqa xabarlar