«Birinchi ustoz» xonadonida

105

Azim poytaxtimizning Eski shahar hududi odamlari allaqanday o'ziga xos fazilatlari, odamoxunligi bilan ajralib turadi. O'zbek millatining asl milliy ruhini saqlab qolgan go'shada o'zgacha fayz ko'zga tashlanadi. Hatto ko'chada o'ynab yurgan jajji bolakaylar kattalarni ko'rganda darrov hushyor tortib, mittigina qo'lchalarini ko'ksiga qo'yib salomga oshiqishadi. Orasta supirilib, suv sepilgan serfayz ko'chalarning birida o'zbek pedagogi, birinchi o'zbek «Alifbo»si muallifi Oqilxon Sharafiddinovning xonadoni bor.

Ushbu go'shada bugungi kunda ustozning farzandi Maqsud Oqilov va uning farzand, nabira-evaralari yashaydi. Ortiqcha hashamsiz, mevali daraxtlar soya solib turgan hovlida aynan shu hududgagina xos bo'lgan chorpoya, to'rqovoqda sayrab turgan bedana kishi diqqatini o'ziga tortadi.Ushbu go'shada bugungi kunda ustozning farzandi Maqsud Oqilov va uning farzand, nabira-evaralari yashaydi. Ortiqcha hashamsiz, mevali daraxtlar soya solib turgan hovlida aynan shu hududgagina xos bo'lgan chorpoya, to'rqovoqda sayrab turgan bedana kishi diqqatini o'ziga tortadi.Yoshi 93 ga yetgan M.Oqilovning xonadoniga bir quchoq guldasta va sovg'alar bilan tashrif buyurgan Toshkent shahar kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi mehnatni muhofaza qilish bo'limi bosh­lig'i Ravshan Mahamadaliev va bir guruh faollar otaxonning duosini olib, ko'nglini ko'tardilar. O'z mehnat faoliyati davomida «Jasorat» medali, namunali mehnati uchun kasaba uyushmalarining qator faxriy yorliqlariga sazovor bo'lgan otaxonning bosib o'tgan ibratli hayot yo'li, xotiralar daftariga nazar solindi. Shayxontohur tumani «Yangi shahar» mahallasida istiqomat qiluvchi Maqsud Oqilov bugun 3 nafar farzandi, 11 nafar nevara hamda 20 nafar evarasi mehri og'ushida. Barchaning ko'nglini bir oz hayrat, bir oz havasga solgan suhbatda otaxon ba`zan ko'ziga yosh olib, chuqur xo'rsinib, ba`zan esa entikib o'z xotiralari sahifasini birma-bir varaqlay boshladi. … U o'qituvchilar oilasida ulg'aydi. 7 nafar farzandning to'rtinchisi Maqsudjon bolalikdan tirishqoq, ilmga chanqoq, barcha yaqinlariga mehribon farzand bo'lib ulg'aydi. Bolalik gashtini surib ulgurmay urush boshlandi. Oilaning 3 nafar o'g'loni jangu-jadalga otlandi. Maqsudjon ayni o'spirin chog'i, hali 18 ga ham kirmay Samarqand shahrida yog'och miltiq bilan 3 oylik tayyorgarlikdan so'ng yupqagina xashak to'shalgan, «dobrovoles» deb yozilgan qizil vagonlarning biriga chiqib g'arb sari yo'l oldi.  U urushda Praga, Vengriya va Ruminiya davlatlarigacha bordi. Reyxstagga g'alaba bayrog'i qadalganiga guvoh bo'ldi. Urush tugagach ham mazkur davlatlarda tiklanish davridagi murakkabliklarini bartaraf etish maqsadida xizmatini davom ettirib, 1948 yil bahorda Vataniga qaytdi. Bu orada uning uch nafar akasi urushda va 15 yoshlik opasi urush tufayli olamdan o'tgan edi…Xotiralar shu yerga yetganda otaxonning ko'zidan sizib chiqqan yoshlari jigarlari hasratidan qolgan  ajinlar oralab yuzini yuvdi…Maqsudjon 1950-1951 yillari Toshkent veterinariya texnikumida o'qib, u yerni tamomlagach, Surxondaryo viloyati Boysun tumaniga ishga yuborildi. Turli ekspedisiyalarda qatnashdi. 1962 yilda Sog'liqni saqlash vazirligi Onkologiya va radiologiya, rengenologiya ilmiy-tadqiqot institutida o'z mehnat faoliyatini davom ettirdi. 80 yoshga kirguniga qadar ishladi. Institut rahbariyati Maqsud Oqilovni 1996 yilda pensiyaga chiqqan bo'lishiga qaramay, yuksak malakasi, halol mehnati va  yoshlarga munosib murabbiy ekanligi tufayli qo'yib yubormadi…Suhbatga u kishining o'g'li Saidodil Oqilov hamda kelini Muqaddam Oqilova qo'shildi. Saidodil otasining talabchanligi, mehnatkashligi haqida fikr bildirsa, kelini Muqaddam mehribonligini alqadi. – Bu xonadonga kelin bo'lib kelganimda Oqilxon bobomiz hayot bo'lganlar. O'rta maktabni bitirib, Pedagogika institutiga kira olmagach, hamshiralik kurslarini tomomladim. Oliy ma`lumot olish istagimni bildirganimda bobomiz ham, dadamiz ham meni qo'llab-quvvatladi. Oqilxon bobomizdek ziyoli insonga munosib bo'lishni juda ham istardim. Mana, ularning ko'magi, nasihatlari bilan jamiyatda o'z o'rnimni topdim.Samimiy suhbat hazil-mutoyibaga aylanib borar ekan, Maqsudjon bobo har bir hazilning zamiriga biror-bir hikmatni qistirib o'tardi. Albatta, bir asrga yetgulik umrning o'nqir-cho'nqirlaridan o'tib, suronli urush yillarini ko'rgan otaxon – ko'pchiligimizning savod chiqarishimizga sababchi bo'lgan birinchi o'zbek «Alifbo»si muallifi Oqilxon Sharafiddinovning farzandi boshqacha bo'lishi mumkin emas-da.
Dilkash suhbat bilan vaqt allamahal bo'lib qolganini balmay qolibmiz. Otaxonning oqillik kaliti – halollik, mehnat, sabr va qanoatda, degan so'zlarini dilimizga tugib, ortimizga qaytdik.

Muqaddas RAZZOQOVA,

 «ISHONCH»

Boshqa xabarlar