Ishchi-xodimlarni qanday himoya qilamiz?

61

Yoxud kasaba uyushmasisiz tashkilotlar haqida mulohazalar

Samarqand viloyati hokimligi, Savdo-sanoat palatasi hududiy bosh­qarmasi hamda kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi o'rtasida 2017-2019 yillar uchun imzolangan hududiy kelishuv muhokamasida bir qator hal etilishi lozim bo'lgan muammolar tilga olindi. Xususan, yalpi ichki mahsulot tarkibida yollanma xodimlarning daromadlari hududiy kelishuvda belgilangan miqdordan kamligicha qolmoqda. Boz ustiga, ko'plab nodavlat shaklidagi korxonalarda xodimlarning ijtimoiy, mehnat huquqlari muhofazasini tashkil etishda jamoatchilik nazorati o'rnatilmagan…

Sababi oddiy – ushbu mehnat jamoa­larida kasaba uyushma tashkiloti tuzilmagan, ishlovchilar manfaatlarini ta`minlashda ijtimoiy sherik­lik munosabatlari o'rnatilmagan.
– O'ttiz sakkizta nodavlat tashkilot rahbarlari bilan uchrashib, rasmiy ravishda ijtimoiy sherik­lik xususidagi takliflarimizni yetkazganmiz, – dey­di Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand shahar kengashi raisi Dilbar Mustafoqulova. – Aksariyat korxonalar mutasaddilaridan hamkorlik qilishga muhtojligimiz yo'q, degan javobni eshitdik.
Nima ham derdik, korxona faoliyatini tashkil etish, ishni izga solish, hamkor topish hammaning qo'lidan kelavermaydi. Qolaversa, iqtidori toshni yorganda ham bir kishi baribir bir kishi-da. Shunday ekan, yuzlab odamlarning nomidan xulosa chiqarish to'g'rimikan?
Samarqand shahridagi 200 nafardan 400 nafargacha xodim mehnat qilayotgan «Asl nafis», «Bofenda», «Samarqand Buxoro ipak gilamlari», «Prayn Keramks», «Samarqandmramr», «Asklepey», «Obi-rahmat», «Y – tekstil crov» kabi korxonalar va ko'plab mehmonxonalarga (restoran, kafe, bar, oshxonalarni aytmay qo'ya qolaylik) qilingan murojaatlar besamar ketmoqda. Mazkur korxonalar mutasaddilari loaqal bir enlik javob berishni ham o'zlariga ep ko'rmagani-chi? Xo'sh, bu korxonalarda xodimlar mehnatini muhofazalash ishlari shu qadar joyidami? Xodimlarga qonunlar talabi darajasida shart-sharoit yaratilganmi? Mehnatkashlarning mehnat huquqlari ustidan jamoatchilik nazorati qay darajada? Shunga o'xshash bir qator savollar hamon ochiqligicha qolmoqda.
Kasaba uyushmalari bilan yillar davomida hamkorlik qilib kelgan «SAG gilamlari» korxonasi ham yiriklashib olgach, joriy yilning yanvar oyidan kasaba uyushmalari bilan bo'lgan aloqalariga barham berganini ma`lum qilib, munosabatni uzdi-qo'ydi. Samarqand viloyati sanoatining ustunlaridan biriga aylanib borayotgan korxonaga nahotki shu munosib bo'lsa?
Iqtisodiy yuksalishda ham, odamlarni ish bilan band etishda ham inqilobiy qadam tashlay olgan «Zarafshon tekstil» (sobiq «8 mart») tikuv ishlab chiqarish ­majmuasida kasaba uyushma tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Korxonada kasaba uyushma a`zolaridan oylik badallar oyma-oy jamlansa-da, ammo ikki yildan beri bu mablag'lar ma`muriyat topshirig'i bilan ushlab turilibdi. Murojaatlarga katta miqdordagi kredit vaj qilib ko'rsatilayotir. Buni qanday izohlash mumkin?
O'rni kelganda haqli bir savol: tadbirkorga shuncha sharoit, imtiyoz-u kafolatlar nima uchun yaratib berilayotir?
Javob oddiy: maqsad – odamlarni foydali ish bilan ta`minlash, yangi, munosib darajadagi ish o'rinlari yaratish. Ammo… Samarqand va Urgut erkin iqtisodiy zonasidagi yangi tashkil etilgan bir qator korxonalarda bo'lganimizda (bu betakalluf uchrashuvni noiloj tilga olyapmiz) rahbarlar barchaning fikr­i­­ni ifodalayotganidan afsuslandik. Loaqal bir og'iz bo'lsa-da, ishlovchilar fikrini so'rab bilaylik, degan gap chiqmadi.
Uch tomonlama hududiy kelishuvga imzo chekkan Savdo-sanoat palatasi viloyat boshqarmasi nega bu masalaga befarq? Ijtimoiy sherik sifatida shartlarni bajarishga ular ham mas`ul-ku?!

Nurilla ShAMSIEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar