«Chinobod»ga yana kelaman

54

Yurtimizda aholi salomatligini muhofaza qilish va dam olishini tashkil etish, turli soha ishchi-xizmatchilarining mazmunli hordiq chiqarishi va salomatligini tiklashda dam olish ­maskanlarining o'rni katta. O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Sanator-kurortlar boshqarmasiga qarashli «Chinobod» sanatoriysi shunday muassasalardan biri.

Asosan oshqozon va ichak kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan «Chinobod»da aholining keng qatlamiga tibbiy xizmat ko'rsatish uchun barcha shart-sharoit mavjud. So'lim va xushmanzara go'shada joylashgan sihatgohda dam oluvchilarning ko'ngilli hordiq chiqarishi, sog'ligini tiklashi uchun yaratilgan qulayliklar, xususan, oshqozon, o't qopi, ichaklarni yuvish muolajalari mijozlarga ma`qul kelmoqda. Shuningdek, bu yerda, asab, qon bosimi, bo'g'in kasalliklarini davolashga yo'naltirilgan muolajalar mavjud.
–«O'zbektransgaz»ning viloyat filialida ishlayman, – deydi Xorazm viloyati Yangiariq tumanidan kelgan ishchi Boynazar Bobojonov. – Kasaba uyushma tashkiloti tomonidan ajratilgan yo'llanma asosida dam olishga keldim. Oshqozon-ichak tizimida muammolar borligi tufayli oldin ham bu yerda davolanganman. Hozir sanatoriyda xizmat ko'rsatish sifati va ko'lami kengayganiga guvoh bo'ldim. Zamonaviy asbob-uskunalar turli muolajalarni ko'ngildagidek qabul qilishga ko'mak beradi. O'zimni ancha tetik va sog'lom his etmoqdaman.
Hozir maktablarda ta`til payti. Shu boisdan ham maskanga tashrif buyurayotgan ustoz-murab­biylarni ko'plab uchratish mumkin. Ulardan biri Zulayho Samanova.
– Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Jarqo'rg'on tuman kengashi meni yo'llanma bilan ta`minladi, – deydi u suhbat chog'ida. – 7-maktabda ko'p yillardan buyon yosh avlodga saboq berib kelayapman. Mehnatlarim inobatga olinib, avval ham shu sihatgohda sog'ligimni tiklaganman. Qolaversa, bu yerda dam turli madaniy-ma`rifiy tadbirlarga alohida e`tibor qaratiladi. Taniqli san`atkorlar, ijodkorlar bilan uchrashuvlar muntazam o'tkaziladi. Ham davolanib, ham madaniy hordiq chiqarish har qanday kasb egasiga kuch-quvvat bag'ishlashi tabiiy.
«Chinobod»da qo'shni davlatlarning fuqarolari ham davolanayotgani kishida faxr hissini uyg'otadi. Zamira Oxunova mehnat faxriysi, Chimkent viloyatida istiqomat qiladi. Biz bilan suhbatda u o'n yettinchi marta shu maskanda dam olayotganini mamnuniyat bilan aytdi. Sanatoriydagi xizmat ko'rsatish madaniyati, shifokorlar malakasi, to'yimli va shifobaxsh taomlar salomatlikni tiklashga yordam berayotganini qayta-qayta ta`kidladi.
Ishchi-xizmatchilar va mehnat faxriylariga zamon talabi darajasida xizmat ko'rsatish jamoaning asosiy vazifasidir. Dam oluvchilarga tashxis qo'yish uchun eng zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari va tibbiy jihozlar mavjud. Shifokorlarning kasbiy malakasini oshirishga jiddiy e`tibor qaratilmoqda.
Yurtimizda yer osti va yer usti boyliklari bisyor. Lekin biz uchun eng katta boylik inson salomatligidir. Shu bois ham davlatimiz yurtdoshlarimizning salomatligini mustahkamlash va dam olishini to'g'ri tashkil etishga, sog'lom turmush tarzini qaror toptirishga ustuvor vazifa sifatida qarab kelmoqda. Zero, sog'lom inson jamiyat taraqqiyotiga hissa qo'shishga qodir, uning mehnat faoliyati samarali bo'ladi, oilasidan qut-baraka arimaydi.

A.SODIQOV,
jurnalist

Boshqa xabarlar