O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida

111

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 

q a r o r i

Mamlakatimizda intellektual mulk sohasida, shu jumladan, mazkur sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo'yicha islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 fevraldagi “Intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ–4168-son qaroriga muvofiq intellektual mulkni huquqiy muhofaza qilish va umume`tirof etilgan xalqaro normalarni implementasiya qilishga oid faoliyati qoniqarsiz deb topilganligi sababli Intellektual mulk agentligi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tizimiga o'tkazildi.

Mamlakatimizda intellektual mulk sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo'yicha olib borilayotgan islohotlarni davom ettirish, mamlakatning investisiyaviy jozibadorligini oshirish
maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni hisobga olib:

1. O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi (keyingi o'rinlarda – Agentlik) ijro etuvchi apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 61 shtat birligidan iborat yangilangan tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O'zbekiston Respublikasi adliya vaziriga xodimlarning belgilangan cheklangan soni doirasida Agentlikning ijro etuvchi apparati tuzilmasiga o'zgartirishlar kiritish, shuningdek, zarur hollarda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (keyingi o'rinlarda – Adliya vazirligi) va Agentlikning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan qo'shimcha shtat birliklarini joriy etish huquqi berilsin.

2. Quyidagilar Agentlikning asosiy vazifalari etib belgilansin:

intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta`minlash, ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari, tovar belgilari va boshqa intellektual mulk ob`ektlarini huquqiy muhofaza qilish;

intellektual mulk ob`ektlarining huquqiy muhofazasi holatini kompleks tahlil qilish, ushbu sohasini rivojlantirish bo'yicha aniq takliflarni ishlab chiqish;

intellektual mulk sohasidagi huquqni qo'llash amaliyotini izchil va bir xilda ta`minlash bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;

intellektual mulk masalalari bo'yicha xalqaro-huquqiy hamkorlikni, shu jumladan, intellektual mulk ob`ektlariga bo'lgan huquqlarni o'zaro muhofaza qilish haqidagi xalqaro shartnomalarni tuzish orqali yo'lga qo'yish va mustahkamlash;

intellektual mulk sohasidagi ilmiy-tadqiqot va boshqa ishlarni o'tkazishda ishtirok etish;

jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish va intellektual mulkka nisbatan hurmat hissini shakllantirish.

3. Belgilab qo'yilsinki:

a) Agentlik:

intellektual mulk ob`ektlariga bo'lgan huquqlarni muhofaza va himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi vakolatli davlat boshqaruvi organi;

O'zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining shartnomalari va majburiyatlari bo'yicha huquqiy vorisi hisoblanadi;

b) Agentlik faoliyatiga umumiy rahbarlik va uni nazorat qilish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va Agentlik xodimlarining malakasini oshirishni tashkil etish Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi;

v) O'zbekiston Respublikasining norezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va to'lovlarning 20 foizi miqdoridagi mablag'lar, O'zbekiston Respublikasining rezidentlari – yuridik va jismoniy shaxslardan kelib tushgan patent bojlari va to'lovlarning 80 foizi miqdoridagi mablag'lar, elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va ma`lumotlar bazalarini ro'yxatdan o'tkazish uchun amalga oshirilgan to'lovlar, intellektual mulk sohasidagi ma`muriy huquqbuzarlik uchun qo'llaniladigan ma`muriy jarima summalari, qonunchilikka muvofiq pullik xizmatlar ko'rsatishdan tushgan mablag'lar Agentlikning byudjetdan tashqari jamg'armasiga belgilangan tartibda o'tkaziladi;

g) Agentlikning byudjetdan tashqari jamg'armasi mablag'lari Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan va qonunchilikda belgilangan tartibda ro'yxatdan o'tkaziladigan xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga asosan Agentlikni saqlab turishga, uning moddiy-texnika bazasini shakllantirish va mustahkamlashga, Agentlik xodimlarining mehnatiga haq to'lash, moddiy rag'batlantirish va ijtimoiy himoya qilishga hamda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa maqsadlarga yo'naltiriladi.

4. Adliya vazirligi:

a) bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda Agentlikning byudjetdan tashqari jamg'armasi mablag'laridan foydalanish tartibini hamda O'zbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari bo'lgan yuridik va jismoniy shaxslarning patent bojlari va to'lovlaridan o'rnatilgan tartibda tushadigan mablag'larni yo'naltirish tartibini belgilashni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

b) ikki hafta muddatda:

mazkur qarorning 3-bandi “v” kichik bandida ko'rsatilgan mablag'lar kelib tushishining alohida hisobini yuritish uchun tegishli bank va g'azna shaxsiy hisobvaraqalari ochilishini;

Agentlikning g'azna shaxsiy hisobvaraqasidagi qoldiq mablag'lar Agentlikning byudjetdan tashqari jamg'armasi shaxsiy hisobvaraqasiga o'tkazilishini ta`minlasin;

v) ikki oy muddatda Agentlik xodimlarini belgilangan tartibda attestasiyadan o'tkazish orqali Agentlikning intellektual mulk sohasida chuqur bilimlarga hamda amaliy ish tajribasiga ega halol, tartib-intizomli va malakali kadrlar bilan to'ldirilishini ta`minlasin.

5. Agentlik faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari, qonunchilikda o'rnatilgan tartibda shakllantiriladigan Adliya vazirligi va Agentlikning byudjetdan tashqari mablag'lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag'lar belgilansin.

6. Agentlikka quyidagi huquqlar berilsin:

davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar faoliyatida intellektual mulk sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo'yicha o'rganishlar o'tkazish;

davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga aniqlangan qonunbuzilishlar, ularga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida ko'rib chiqilishi majburiy bo'lgan taqdimnomalar kiritish;

intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlari buzilishiga yo'l qo'ymaslik haqida mansabdor shaxslarni yozma ravishda ogohlantirish;

intellektual mulk sohasidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun davlat organlari, korxonalari, muassasalari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariga nisbatan ma`muriy jazo qo'llash;

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda malakali xorijiy mutaxassislarni ularga istisno tariqasida Agentlikning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan xorijiy valyutada ish haqi va boshqa to'lovlarni belgilagan holda xodimlar va maslahatchilar sifatida jalb qilish.

7. Adliya vazirligining hududiy bo'linmalariga quyidagi qo'shimcha vazifalar yuklatilsin:

korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga intellektual mulk ob`ektlarini huquqiy muhofaza qilishni ta`minlash bo'yicha konsultativ va amaliy ko'maklashish;

intellektual mulk ob`ektlarining huquqiy muhofaza qilinishini, mualliflarning va boshqa huquq egalarining huquqlari muhofaza qilinishini ta`minlash bo'yicha, shu jumladan, kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, chiqarish, realizasiya qilishga qarshi kurashishda vakolatli davlat organlariga ko'maklashish orqali tegishli choralar ko'rish;

davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining intellektual mulk sohasini tartibga solishdagi faoliyatida huquqni qo'llash amaliyotini izchil va bir xilda ta`minlash;

aholi o'rtasida intellektual mulk muhofazasi sohasida huquqiy madaniyatni oshirish bo'yicha targ'ibot tadbirlarini tashkillashtirish va o'tkazish.

8. Adliya vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

“Intellektual mulk sohasida kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish o'quv markazi” davlat unitar korxonasini “O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi qoshidagi Intellektual mulk konsultativ markazi” davlat unitar korxonasi etib qayta nomlash;

2019/2020 o'quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universitetida “Intellektual mulk huquqi” mutaxassisligi bo'yicha yangi magistratura yo'nalishini ochish va unga bazaviy oliy ma`lumotdan qat`iy nazar intellektual mulk sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash vazifasini yuklash;

O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Yuristlar malakasini oshirish markaziga intellektual mulk sohasidagi kadrlarning malakasini, shu jumladan, pullik asosda oshirish bo'yicha qo'shimcha vazifa yuklash.

9. Belgilab qo'yilsinki:

a) Adliya vazirligi huzurida O'zbekiston Respublikasi adliya vaziri rais hisoblanadigan intellektual mulk ob`ektlarining huquqiy muhofazasi bilan bog'liq bo'lgan apellyasiyalarni sudgacha ko'rib chiquvchi Apellyasiya kengashi tashkil etiladi;

Apellyasiya kengashi tarkibiga intellektual mulk sohasidagi mustaqil olimlar va mutaxassislar kiradi;

Apellyasiya kengashining tarkibida Adliya vazirligi va Agentlik xodimlari soni Apellyasiya kengashi a`zolari umumiy sonining o'ttiz foizidan oshmasligi lozim;

b) quyidagi mezonlarga muvofiq keluvchi tovar belgisi va xizmat ko'rsatish belgisi (keyingi o'rinlarda – tovar belgisi) O'zbekiston Respublikasida hammaga ma`lum deb e`tirof etiladi:

tovar belgisi qo'llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi O'zbekiston Respublikasining amaldagi va (yoki) potensial iste`molchilari tomonidan yoxud tovar belgisi qo'llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turi uni tarqatilishini ta`minlashda ishtirok etayotgan shaxslar tomonidan yoxud tovar belgisi qo'llaniladigan tovarlar va (yoki) xizmatlarning turiga aloqador bo'lgan ishbilarmonlar doirasi tomonidan tanib olinishi, bunda tovarning sifat darajasi haqida tushuncha mamlakatdagi tovar belgisi bilan bog'liq bo'lishi kerak;

avvaldan xos bo'lgan yoki faol foydalanish natijasida vujudga kelgan yuqori farqlanish xususiyati;

O'zbekiston Respublikasi hududida, shu jumladan, Internet tarmog'ining milliy segmenti domen nomlari tizimida tovar belgisidan keng foydalanish va uning reklama qilinishi;

respublikada uzoq muddat davomida va faol foydalanish natijasida vujudga kelgan tijorat qiymati;

v) Apellyasiya kengashi tomonidan qaror qabul qilishda yuqoridagi mezonlar bilan bir qatorda mazkur qarorda aks etmagan ushbu sohadagi xalqaro standartlar, shu jumladan, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining hujjatlariga muvofiq qo'shimcha mezonlar inobatga olinishi mumkin.

10. Agentlik Toshkent shahri, Mustaqillik shoh ko'chasi, 59-uyga beg'araz foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.

11. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi to'g'risidagi nizomni tasdiqlasin.

12. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilsin.

13. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlari
3-ilovaga muvofiq o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.

14. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                       Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 1 iyul

 

O'zA
Boshqa xabarlar