Sangzor sohilidagi ajib damlar

50

G'allaorol tumani Qashqabuloq qishlog'ida joylashgan «Kamolot» bolalar sog'lomlashtirish oromgohida dam oluvchilarning har bir kuni sermazmun o'tyapti. Bu yerda hordiq chiqarayotgan 100 nafardan ortiq bolajonning sho'x-shodon qiyqirig'i va o'yin-kulgilaridan ularning kayfiyatini anglash mumkin.

Dam olish maskani Sangzor daryosi sohilida joylashgan bo'lib, so'lim manzaralar, anvoyi gullar taratayotgan xushbo'y hid, anhordan oqayotgan zilol suv dilga orom va halovat bag'ishlaydi.
«Lochin», «Parvoz» va «Kamalak» guruhlarining devoriy gazetalari, bolajonlar tomonidan chizilgan suratlar, mohir qo'llar ijodi – o'yinchoqlar va nafis naqshlarni ko'rib zavq-shavq tuyasiz. Xonalar ozoda va batartib, ko'chma kutubxona dam oluvchilar ixtiyorida. Bosh yetakchi Azim Soliev, tarbiya­chilar Carvinoz Abduhakimova va Yanglish Sulaymonova o'g'il-qizlar tegrasida parvona.
– Kelajagimiz voris­lariga bo'lgan yuksak e`tiborni insoniylikning eng yuqori darajasi deb bilamiz, – deydi oromgoh rahbari, xalq ta`limi a`lochisi Akmal Aliqulov.
Shahlo Xo'jabekova rahbarligida tashkillashtirilayotgan turli tadbirlar, qo'shiq va raqs tanlovlari bizga ham manzur bo'ldi. G'oliblar ma`muriyat tomonidan sovg'alar bilan taqdirlandi.
– Oromgohlarda olib borilayotgan har bir tadbir bolalar dunyoqarashini boyitish, ijodiy qobiliyatini shakllantirish, ma`naviy kamol topishida yordam beruvchi asosiy tarbiya vositasi bo'lib xizmat qilmoqda, – deydi viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yetakchi mutaxassisi To'liboy To'ychiev.

Abdulla SAIDOV

Boshqa xabarlar