Ular yaxshilarga yondashishni nega xohlashmayapti?

129

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi, uning hududiy birlashmalari, tuman hamda shahar kengashlari tomonidan nodavlat sektor korxonalarini a`zolikka jalb etish, ularning xodimlarini ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy jihatdan muhofaza qilish harakatlari izchil davom etayotir. Xususan, Qashqadaryo viloyatida ham.

– Statistika va soliq organlari hamda lisenziya beruvchi idoralardan bugungi kunda faoliyat yuritayotgan korxona, tashkilot va muassasalar ro'yxati olinib, kasaba uyushmasiga jalb etilmagan xo'jalik sub`ektlari ro'yxati shakllantirildi, – deydi Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Qarshi shahar kengashi raisi Azamat Nurmatov. – Yagona ijtimoiy to'lov to'laydigan, a`zolar soni 10 nafardan ko'p bo'lgan 3771 ta nodavlat korxona va tashkilotlar birma-bir tahlil qilindi. Shundan 212 ta nodavlat korxona va tashkilotning tarmoq tizimiga mansub­ligi aniqlandi. Olib borilgan targ'ibot-tashviqot, tushuntirish ishlari natijasida 90 ta nodavlat korxona tarmoq kasaba uyushmasi a`zoligiga qabul qilindi. 2019 yilning 1 iyun holatida a`zolar soni 711 nafar bo'lgan 7 ta yirik yangi tuzilgan boshlang'ich kasaba uyushma tashkiloti tarmoq kasaba uyushmasi Qarshi shahar kengashi xizmatiga olindi.
Kezi kelganda nodavlat sektorda ishlaydigan, kasaba uyushmalari imtiyozlaridan foydalanayotgan xodimlarning so'zlarini ting­lasak.

Go'zal HAZRATOVA,
«Hunarmand»
uyushmasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi kasaba uyushma
qo'mitasi raisi:

– Kasaba uyushmalari faoliyatimizda asosiy ko'makchi. Hunarmandlarimiz «O'z kasbining mohir egalari» ko'rik-tanlovida qatnashib, g'olib va sovrindor bo'lishmoqda. O'zlari sanatoriyda, farzand­lari oromgohlarda dam olishyapti. Masalan, joriy yilgi mavsumning birinchi bosqichida to'rt nafar o'g'il-qiz yozgi oromgohda hordiq chiqardi. Hunarmand qizlarimiz Durdona Omonova, Zilola Boboeva so'lim sihatgohlarda salomatligini tikladi.
O'zim ham kuni kecha bir guruh kasaba uyushma yetakchilari safida Xorazmga sayohatga borib keldim. Xivaning go'zal va tarixiy obidalarini tomosha qilib, olam-olam taassurot oldim. Sayohatimizning barcha xarajatlari kasaba uyushmalari tomonidan qoplandi.
Uyushmamizda yoshlar ko'p. O'zim yoshlar masalalari bo'yicha ham yetakchiman. Shu yilning fevral oyida kasaba uyushmalari yoshlar birlashmasi tomonidan Toshkent shahrida bir haftalik o'quvda qatnashib keldim. Sohaga oid ko'p yangilik­lardan boxabar bo'ldik.

Munira TANGRIEVA,
«Nasaf travel»
korxonasi kasaba uyushma qo'mitasi
raisi:

– Korxonamiz kasaba uyushmasiga jalb etilgach, xodimlar manfaati yo'lidagi ishlarimiz samarali kechmoqda. Xodimlarimiz har yili jadval asosida dam oldirilyapti. Bundan tashqari, sport tadbirlarida faol qatnashamiz. Yaqinda xodimlarimiz oilaviy musobaqada ishtirok etdi. Mini-futbol jamoamiz tarmoq spartakiadasida uchinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Tashkilotimiz esa «Eng namunali boshlang'ich tashkilot» ko'rik-tanlovida tarmoqda faxrli ikkinchi o'ringa loyiq topildi. Bayramlarda kasaba uyushma sovg'alarini topshirish yo'lga qo'yilganini aytmaysizmi!
Xalqimizda bir hikmat bor: «Yaxshiga yondoshsang, yetasan murodga…». Kasaba uyushmalarining barcha harakatlari yaxshilikka, insonga naf keltirishga, kishilar dilini xushnud etmoqqa yo'nalganligini yuqoridagi fikrlar ham tasdiqlab turibdi.
– Nodavlat korxona va tashkilotlarni kasaba uyushma xizmatiga jalb etish maqsadida yirik nodavlat korxona va tashkilotlar rahbarlariga kasaba uyushmasiga a`zolik afzalliklarini targ'ib etuvchi xatlar va bukletlar taqdim etib borilyapti, – deydi Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Qarshi shahar kengashi raisi Azamat Nurmatov. – Biroq ba`zi amaldorlar murojaat va takliflarimizga e`tiborsizlik bilan munosabatda bo'lib, xodimlarini kasaba uyushmalari imtiyozlaridan bebahra qilishmoqda. Jumladan, «Sultan Texs Group» MChJ, Qarshi «Leather» qo'shma korxonasi, «LT TEXTILE INTERNATIONAL», «Radiant Silk» O'zbekis­ton-Xitoy qo'shma korxonalari rahbarlari bir necha marta uchrashib, xatlar taqdim etilgan bo'lishiga qaramasdan, ishchi-xodimlarini kasaba uyushmasi a`zoligiga qabul qilish ishlarini paysalga solib kelayotir.
Raisning kuyinganicha bor. Ushbu yaxshi ishlarni rad etib, kasaba uyushmalarining «ko'ksidan itarayotganlar» adashayotganini qachon tushunib yetishadi?
Maqolaga shu yerda nuqta qo'yish ham mumkin edi. Ammo boshqa bir tarmoq – Neft, gaz va geologiya xodimlari kasaba uyushmasi Respub­lika kengashi tomonidan G'uzor tumanida qad ko'tarayotgan «UzGTL» korxonasida o'tkazilgan yig'ilish kasaba uyushmasi xizmatini rad etayotgan rahbarlarga yaxshigina saboq va namuna bo'lishini o'ylab, uning tafsilotlariga to'xtalishni joiz topdik.
Gap shundaki, «ENTER Engineering» kompaniyasi tomonidan mamlakatimiz bo'ylab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. «UzGTL» qurilayotgan istiqbolli qo'shma korxonalardan biri.
Korxonada o'tgan uchrashuvda tarmoq kasaba uyushmasi Respublika kengashi bosh mutaxassisi Sobir Egamberdiev mehnatkashlarga kasaba uyushmasining afzalliklari haqida batafsil so'zlab berdi.
Qayd etildiki, so'nggi yillarda Respublika kengashiga ko'plab qo'shma korxonalar, yirik-yirik direksiyalar a`zolikka kirishmoqda. Xodimlar soni 1000 nafardan ziyod «Epsilon» xorijiy kompaniyasi, «O'zatom» agentligi, «Atom ES» qurilish direksiyasi shular jumlasidandir.
Shu kuni kompaniya tomonidan qurilayotgan «UzGTL» zavodida kasaba uyushmasi tashkil etish haqida qaror qabul qilindi.

Akmal ABDIEV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar