«O'qituvchiga imperator hurmati, vazir oyligi kerak»

499

Sherzod ShERMATOV,
xalq ta`limi vaziri:

Prezident Adminis­trasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov ishtirokida davlatimiz rahbarining 2019 yil 29 apreldagi «O'zbekis­ton Respublikasi Xalq ta`limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi»ni tasdiqlash to'g'risida»gi farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag'ishlangan brifing bo'lib o'tdi. Unda xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov ommaviy axborot vositalari xodimlariga ma`lumotlar berdi.

 

Konsepsiya maqsadi  nimalardan iborat?

Qabul qilingan Konsepsiya xalq ta`limi tizimini uzoq muddatli rivojlantirishning asosiy 9 ta yo'nalish, 48 ta maqsadini belgilab olgan. 2030 yilga kelib O'zbekistonning «PISA» (The Programme for International Student Assessment) Xalqaro miqyosda o'quvchilarni baholash dasturi reytingi bo'yicha jahonning birinchi 30 ta ilg'or mamlakati qatoriga kirishiga erishish, xalq ta`limi sohasiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari hamda innovasion loyihalarni joriy qilish, yoshlarning bandligini ta`minlashda maktabdan tashqari ta`limning zamonaviy usullari va yo'nalishlarini tatbiq qilish shular jumlasidan.
Shuningdek, xalq ta`limi tizimida o'quvchilarning bilim darajasi va ta`lim sifatini baholash bo'yicha xalqaro dasturlar va izlanishlar (PISA, TIMSS, PIRLS hamda boshqalar)da mamlakatimiz doimiy ishtirokini ta`minlashga alohida urg'u berilgan.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida bittadan Prezident maktablarini tashkil etish, 4 860 ta umumta`lim muassasasini tasdiqlangan baholash mezonlariga muvofiq «zamonaviy maktab»­larga aylantirish Konsepsiyada belgilangan asosiy vazifalardir.

Islohotlar samarasi qanday?

Xalq ta`limi tizimidagi oliy ma`lumotli o'qituvchilar soni 34 ming nafarga oshdi, 1000 nafardan ortiq pensiyadagi o'qituvchilar umumta`lim muassasalariga ishga qaytdi. Shu o'rinda aytish joizki, o'qituvchiga imperator hurmati, vazir oyligi kerak. Shundagina tizimda rivojlanish bo'ladi, yoshlarimiz sifatli ta`lim olishga erishadi. Texnika rivojlangani bilan hech bir davlat kitoblardan voz kechgan emas. Ko'p kitob o'qigan o'quvchi esa mustaqil fikrga ega bo'lib, o'z kelajagini yarata oladigan shaxs bo'lib yetishadi. «Kitob hadyasi – Book challenge» aksiya­­si doirasida hozirgi kunga qadar 3 mingdan ziyod maktabga 450 mingdan ortiq kitob sovg'a qilingani bu yo'lda muhim qadam bo'ldi.
Prezidentimizning 2019 yil 17 iyundagi «2019-2020 o'quv yilida O'zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga o'qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to'g'risida»gi qarori asosida oliy o'quv yurtlarining pedagogika yo'nalishi bo'yicha sirtqi bo'limga 12 mingdan ziyod, kechki bo'limga 1 ming 425 nafar talaba (o'rta maxsus ma`lumotli o'qituvchilar) o'qishga kirish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

Elektron ma`lumot  bazasi kengaymoqda

Axborot-kommunikasiya texnologiyalarini (AKT) joriy etish bo'yi­­cha tizimli ishlar yo'lga qo'yi­lib, darsliklar va metodik qo'llanmalarning barchasi elekt­ron shaklda «www.eduportal.uz» axborot-ta`lim portaliga 7 tilda joylashtirilgan. Maktab­larni boshqarish jarayonining shaffof­ligini ta`minlash uchun «stat.uzedu.uz» hamda «xt.uzedu.uz» elektron portallaridan ular haqida ma`lumot olish imkoniyati bor. Qolaversa, o'quvchilar, o'qituvchilar, maktablarning elektron ma`lumotlar bazasini yaratish maqsadida «OpenEMIS» axborot tizimi «emis.uzedu.uz» domeni ish yuritmoqda.
53 ta maktabda «Kundalik» axborot tizimi tajribadan o'tkazilyapti. Natijada, real vaqt rejimida o'quvchilarning davomati hamda baholarining monitoringi olib boriladi. Buning uchun davlat-xususiy sheriklik tamoyilida Rossiyaning «Dnevnik.ru» kompaniyasi tomonidan 10 mln. AQSh dollari miqdorida to'g'ridan-to'g'ri xorijiy sarmoyalar kiritilishiga kelishilgan.
Shuni ta`kidlash kerakki, Toshkent, Nukus, Namangan va Xiva shaharlarida Prezident maktab­larining qurilish ishlari jadal sur`atlarda davom etmoqda. Nukus, Toshkent, Xiva va Namangan shaharlarida hujjatlarni qabul qilish markazlari orqali 28 446 talabgor hujjat topshirib, kirish imtihonlarining saralash bosqichi shu yilning 29 iyun – 2 iyul kunlari bo'lib o'tdi.

Ozoda RO'ZIQULOVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar