POEZDDA G'AROYIB SERVISLAR “O'zbekiston temir yo'llari” rahbarlari o'qimasin!

51

“O'zbekiston temir yo'llari” rahbarlari o'qimasin!

 

Xizmat yuzasidan safarlarda ko'p bo'laman,  “O'zbekiston temir yo'llari” kompaniyasining poezdlaridan foydalanishga majburman! Tanlash imkoniyatim  yo'q, samolyotga chiqay desam, o'zim va oilam och qolishi aniq!

Bu gal ham doimgiday “Toshkent-Urganch” poezdiga  chiqdim. Vagonlar  kuni bilan quyoshning issig'ida turib, hammomga aylangan.  Nafas olish qiyinlashadi, yaxshiyam  vagonlarning tuynuklarini ochib,  jon saqlashga harakat qilasan. Gulistonga yetganda  issiqga chiday olmay chinqillab yig'layotgan go'dakka  tibbiy  yordam ko'rsatish uchun shifokorlar chiqishdi.

Yo'nalish boshlig'ini suhbatga tortaman.

— Nega vagonlarda kondisionerlarni ishlatishmaydi, yo'lovchilar qiynalishyapti, axir?!

  • Aka, 22 vagondan 8 ta vagon kupe, 1 tasi “lyuks”. O'shalarning ham  faqat 4 tasida bazo'r ishlaydi bu matoh.  Plaskart vagonlarda orzu qilmasangiz ham bo'ladi!   Ishlaganda biz ham qiynalib, odamlardan dakki eshitib yurmasdik!

Aksiga olib telefonning quvvati tugadi, vagonlardagi rozetkalar ishlamaydi. Provodniklarga yuzlanaman, aka men nima qilaolaman, vagonlar eski!

Chiptani  bron joy deb zo'rg'a 156 000 so'mga olganman,  shundan 20000 so'mi servis uchun,  15000 so'mi  choyshab uchun,  10000 garchi yozilmagan bo'lsa-da, bron uchun, qolgani yo'l haqi.

Mayli choyshabni tushunaman, biroq 20000 so'mlik qanday servis ko'rsatishadi, anchadan beri o'ylab, savolimga javob topaolmayman! Qiziq joyi ushbu servis  narxi manzil uzoqligidan, vagonlarning  turidan kelib chiqib o'zgarmaydi ham. 300 kilometrga ham,  umumiy vagonga ham, “lyuks” vagonga ham shu shu 20000 ming.   Provodnikdan  20000 so'mlik xizmatga nima kirishini so'rayman.  O'z bilganicha tushuntiradi. Bir bo'lak qand, bir paket choyning  narxi shu,  degan javobni olaman!  Bu pullar nimaga olinyapti, aniqrog'i, nega majburiy ravishda qandaydir xizmatni  “O'zbekiston temir yo'llari” kompaniyasi  yo'lovchilarga tiqishtiryapti. Arzimagan pul, biroq 22 vagonli poezdda ketayotgan yo'lovchilarning barchasidan deyarli 20 million so'm pul bir tarafga yig'iladi. Bu pullar kimning cho'ntagiga borib tushyapti?

Kimdir javob bera oladimi?

Xalqimiz sodda, manziligiga yetib olishi bilan qiyinchiliklarni unutadi, uning cho'ntagini hech narsa uchun pulini o'marayotgan monopoliyalarning qilig'iga ko'nikib qolgan.

Poezdga bilet olish  mashmashasidan, vagondagi sharoitlardan nolib o'tirgan onaxonlarning gapini eshitib qolib, yaqinroq boraman:

— Onaxonlar, men jurnalistman, keling mana shu shikoyatlaringizni  kameraga qarab ayting, biz kerakli mutasaddilarga yetkazamiz. Balki “O'zbekiston temir yo'llari”dagi kattalar insofga kelib qolishar!

Ular bir-biriga qarab rozilik bergandek bo'lishadi. Telefonimning videokamerasini yoqaman.  Onaxonlardan biri gap boshladi:

— Prezidentimizga rahmat, mana ajoyib tezyurar poezdlar qo'yishgan. Hech qiynalmasdan manzilimizga yetib olamiz! Dunyoning hech joyida bunday sharoitlar, imkoniyatlar  bo'lmasa kerak! Osmonimiz musaffo…

— Issiqdan qiynalmayapsizmi, vagonda kondisioner  ishlamas ekan?

—Haligina ishlayotuvdi, provodnik bolam o'chirgandir….

Vagonda kulgi ko'tarildi. Men esa o'zim bilmagan holda pichirlab takrorlab boshladim:  “Osmonimiz musaffo, “O'zbekiston temir yo'llari”ga ming rahmat!”

Davlatnazar RO'ZMETOV,

 Xorazm viloyati

Manba: “Jamiyat” gazetasi

 

Boshqa xabarlar